Rossiyada xorijiy ishchilarning pul oʻtkazmalari cheklanmaydi — Migratsiya agentligi

13:38 15 Yanvar 2026 Jamiyat
250 0

Rossiya Davlat Dumasining moliya bozori qoʻmitasi xorijiy ishchilarning chet elga joʻnatadigan pul miqdorini faqat rasmiy daromadlari bilan cheklash toʻgʻrisidagi qonun loyihasini birinchi oʻqishda rad etishni tavsiya qildi.

Avvalroq, ushbu qonun loyihasini ishlab chiquvchilar loyiha amaliyotga koʻchgan taqdirda pul oʻtkazmalari shaffofligi oshishi, migrantlar daromadlarining katta qismi soyadan chiqib, qonuniy mablagʻlarga aylanishi hamda soliq tushumlarining oshishi haqida maʼlumot bergan edi.

Moliya bozori qoʻmitasi mazkur loyihada samarali boshqarish mexanizmlari koʻzda tutilmagani, xususan, unda norezidentlar tomonidan oʻtkazilgan mablagʻlarning rasman tasdiqlangan daromadlariga muvofiqligini monitoring qilish tartiblari yoʻqligi va taklif qilingan taqiqni buzganlik uchun jazo choralari belgilanmaganini inobatga olib, rad etishni tavsiya qilgan.

Shu bilan birga, taklif qilingan qoidalarni amalga oshirish mexanizmlari yetarlicha ishlab chiqilmagan. Jumladan, olingan daromadlarning qonuniyligini tasdiqlovchi deklaratsiyani topshirish va unda koʻrsatilgan maʼlumotlarni tekshirish tartibi ham aniq belgilanmagan.

Bildirilishicha, ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi belgilangan maqsadlarga zid ravishda, noqonuniy mehnat faoliyati shaklida xavfli oqibatlarni keltirib chiqarishi ham mumkin.

Yuqoridagilarni inobatga olib, Rossiyada xorijiy ishchilarning pul oʻtkazmalariga yangi cheklovlar hozircha kiritilmaydi. Mavjud qoidalar oʻzgarishsiz qoladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?