Rossiya, Tojikiston va Afgʻonistondan olib kelingan qariyb 80 kg narkotik moddalar toʻxtatib qolindi

Videodan kadr
Rossiya, Tojikiston va Afgʻonistondan olib kelingan qariyb 80 kg narkotik moddalar toʻxtatib qolindi, deb xabar bermoqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, DXXning Chegara qoʻshinlari va Surxondaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi hamda viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimlari hamkorligida Uzun tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, 20 va 19 yoshli 2 nafar mahalliy fuqaro 20 kg 374 gr “opiy” va 41 kg 668 gr “gashish” giyohvandlik vositalarini Tojikistondan kontrabanda yoʻli bilan olib kelgan vaqtlarida ushlangan.
Shundan soʻng tezkor tadbir davom ettirilib, ularning jinoiy sherigi boʻlgan, Uzun tumanida yashovchi, 21 yoshli shaxs hamda ajal ogʻusining buyurtmachisi hisoblangan, Denov tumanida istiqomat qiluvchi, 25 yoshli fuqaro ham protsessual tartibda qoʻlga olingan.
Chegara qoʻshinlari harbiy xizmatchilari va DXXning Toshkent viloyati boʻyicha boshqarmasi hamda viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda esa, Qozogʻistondan xalqaro oʻtkazish punkti orqali mamlakatimizga kirib kelgan Fargʻona viloyatining Toshloq tumanida yashovchi 34 yoshli shaxsga tegishli yuklar oʻrnatilgan tartibda tekshirilgan.
Natijada marmar quyma tosh ichiga yashirilgan 7 kg 902 gr “Mefedron” sintetik giyohvandlik vositasi borligi aniqlangan.
Tergovga qadar tekshiruv davomida, narkokuryer moddiy manfaatdorlik evaziga ushbu giyohvandlik vositasini Rossiya Federatsiyasining Moskva shahrida nomaʼlum shaxs tomonidan Telegram bot orqali koʻrsatilgan manzildan olib, Oʻzbekistondagi buyurtmachiga yetkazib berishi kerakligi maʼlum boʻlgan.
Soʻngra tezkor tadbir davom ettirilib, Bekobod tumanida istiqomat qiluvchi, 40 yashar fuqaro Oʻrta Chirchiq tumanida ajal ogʻusini qabul qilib olgan vaqtida ushlangan.
DXXning Fargʻona va Surxondaryo viloyatlari boʻyicha boshqarmalari xodimlari tomonidan amalga oshirilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida afgʻonistonlik narkosavdogarlardan giyohvandlik vositalarini olib, Fargʻona viloyatida sotish bilan shugʻullangan shaxslar faoliyatiga chek qoʻyilgan.
Xususan, Qoʻqon shahrida yashovchi, 61 yoshli ayol va uning 32 yashar, muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bogʻliq jinoyati uchun sudlangan oʻgʻli qoʻlga olinib, ulardan Afgʻonistondan kontrabanda yoʻli bilan keltirilgan 5 kg 878 gr “opiy” va 3 kg 922 gr “gashish” moddalari ashyoviy dalil sifatida olingan.
“Oʻtkazilgan tezkor tadbirlar davomida xorijdan olib kelingan jami 79 kg 744 gr giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qoʻyildi”, deyiladi DXX xabarida.
Taʼkidlanishicha, hozirda mazkur shaxslarning barchasiga nisbatan Jinoyat Kodeksining 246 va 273-moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Samarqandda YUNESKOning 43-sessiyasiga tayyorgarlik avjida
- Markaziy Osiyo pedagoglari Nukusda jam boʻldi
- Hududlarda 34 ta yuqori texnologiyali sanoat loyihalari amalga oshiriladi
- Endilikda muddati oʻtgan tovarlarning sotilishi avtomatik ravishda cheklanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring