Rossiya armiyasida qaysi mamlakat fuqarolari jang qilmoqda?

17:39 12 Fevral 2026 Dunyo
404 0

Keniya Rossiyani oʻz fuqarolarini urushga yollashda ayblamoqda. Keniya tashqi ishlar vaziri Musaliya Mudavadi kelasi oy Moskvaga borib, ushbu amaliyotga chek qoʻyish niyatida ekanini maʼlum qildi.

Keniya tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Korir SingʼOey AFP agentligiga bergan bayonotida keniyaliklar Rossiya armiyasiga jalb etilayotganini bildirib, “bu odamlar toʻp oʻqi uchun goʻsht sifatida ishlatilmoqda”, deya taʼkidladi.

Soʻnggi ikki oy ichida 30 nafardan ortiq keniyalik Rossiyadan qaytarilgan, mamlakat ichida esa bir nechta yollash agentliklari yopilgan. Shuningdek, Mudavadi Ukrainada asirlikda qolgan vatandoshlarini ozod etish masalasini ham koʻtarmoqchi.

AFP eʼlon qilgan surishtiruvda afrikaliklarni Rossiya armiyasiga yollash boʻyicha keng qamrovli aldash tizimi tasvirlangan. Unga koʻra, harbiy tajribasi yoʻq shaxslar rus tilida tuzilgan, mazmuni tushunarsiz “ish shartnomasi”ni imzolashga koʻndirilib, keyin urush hududiga yuborilgan. Ukraina maʼlumotlariga koʻra, Rossiya armiyasi safida Afrikaning 36 davlatidan 1436 nafar aniqlangan jangchi bor.

Bunday holatlar faqat Keniya bilan cheklanmaydi. Janubiy Afrika oʻz fuqarolarining Donbassda yollanma jangchi sifatida qolib ketganini maʼlum qilgan. Ukraina tomoni Rossiya safida 150 nafardan ortiq xitoylik ham jang qilayotganini bildirgan. Nepal, Hindiston, Bangladesh va Shri-Lanka fuqarolari ham ish vaʼdalari bilan yollanib, Ukrainaga yuborilgani aytilmoqda. Kuba yollash tarmogʻini tugatgan, Iroq hukumati esa bunday faoliyatga qarshi chiqqan.

Shuningdek, Suriya va Serbiyadan ham yollanma jangchilar aniqlangani haqida xabarlar bor. Markaziy Osiyo davlatlaridan — Oʻzbekiston, Tojikiston, Qirgʻiziston, Qozogʻiston va Turkmaniston fuqarolari ham yollash yoki bosimga uchragani haqida maʼlumotlar tez-tez uchramoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер