Respublika boʻylab 3,5 mingta bogʻchada 9 tonnadan ortiq sifatsiz oziq-ovqat mahsulotlari aniqlandi

15:22 16 Sentyabr 2025 Jamiyat
75 0

Bogʻchalarda 8 oyda 9 tonnadan ortiq sifatsiz oziq-ovqat mahsuloti aniqlandi. Bu haqida “Sanepidqoʻmita” maʼlum qildi.

Unda aytilishicha, joriy yilning 8 oyi davomida “Sanepidqoʻmita”ning hududiy boshqarmalari tomonidan amaldagi sanitariya qoida va normativlari asosida 3 ming 554 ta maktabgacha taʼlim tashkilotlarida rejali tekshirishlar oʻtkazilgan.

Mazkur tekshiruv davomida kimyoviy tahlillar uchun olingan 83 ming 231 ta namunalardan 4 ming 110 tasi, bakteriologik tahlillar uchun olingan 88 ming 203 ta namunalardan 9 ming 27 tasi amaldagi sanitariya qoida va normativ talablariga javob bermasligi maʼlum boʻlgan.

Shuningdek, guruhlarda xona haroratini (mikroiqlim koʻrsatgichlari) 23 ming 425 tasining 1 ming 658 tasida harorat talab darajasida emasligi, yorugʻlik koʻrsatgichlari 43 ming 665 ta nuqtada oʻlchanganda 2 ming 559 tasida yoritilganlik darajasi pastligi aniqlangan.

Tarbiyalanuvchilar ovqatlanishini toʻgʻri va xavfsiz tashkil etilgani ustidan nazoratni amalga oshirilganda mikrobiologik koʻrsatgichlarga tayyor oziq-ovqat mahsulotlaridan 8 ming 122 ta namunadan 323 tasi, ichimlik suvidan 4 ming 461 ta namunadan 237 tasi talabga javob bermagan.

Bundan tashqari, kimyoviy tahlillar uchun ovqat toʻyimliligi 4 ming 986 ta namunalardan 878 ta namunasida ovqat toʻyimliligi pastligi, sabzavotlarda nitrat qoldiqlarini tekshirish uchun 12 ming 301 ta namunadan 257 ta namunada nitrat qoldiqlari, osh tuzida yod miqdorini aniqlash uchun 2 ming 321 ta namunalardan 718 ta namunalarda yod miqdori kamligi maʼlum boʻlgan.

“Sanepidqoʻmita” maʼlumotlariga koʻra, maktabgacha taʼlim tashkilotlarida sanitariya qonun buzilish holatlariga yoʻl qoʻygan masʼul shaxslarga nisbatan 3 ming 705 ta holatda maʼmuriy choralar qoʻllanilgan. 110 ta muassasalarining ish faoliyati vaqtincha toʻxtatilgan. 446 nafar ishchi-xodimlar tibbiy koʻrikdan oʻz vaqtida oʻtmaganliklari sababli ishdan vaqticha chetlashtirilgan hamda 9 ming 486,4 kilogrammdan ortiq miqdordagi oziq-ovqat mahsulotlari brakeraj qilingan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?