Quvasoyda 30 million dollarlik avtomobil qismlari ishlab chiqarish korxonasi qurilmoqda

11:31 21 Noyabr 2025 Jamiyat
176 0

Quvasoy shahrining “Pakana” MFY hududida joylashgan “Qoʻqon” erkin iqtisodiy zonasining Quvasoy filialida yana bir yirik sanoat korxonasi qurilishi uchun tamal toshi qoʻyildi.

Istiqbolli loyihaga koʻra, mazkur maskanda Koreya Respublikasining “Hansae Mobility” kompaniyasi bilan hamkorlikda avtomobil ehtiyot qismlarini ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi.

Ushbu munosabat bilan oʻtkazilgan tadbirda Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov, Quvasoy shahar hokimligi masʼullari, tadbirkorlar hamda Koreya kompaniyasining vakillari ishtirok etdilar.

Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston va Koreya Respublikasi oʻrtasidagi strategik hamkorlik ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli yangi bosqichga koʻtarilgan. Bu esa hududlararo aloqalarning yanada faol rivojlanishi va istiqbolli loyihalar amalga oshishiga xizmat qilmoqda.

Mazkur 30 million dollarlik investitsiya yoʻnaltirilayotgan yangi korxona joriy yil oktyabr oyida Fargʻona viloyati delegatsiyasining Koreyaga tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarning amaliy ifodasi sifatida muhim ahamiyatga ega.

Loyihaga koʻra, birinchi bosqichda 120 ta, umumiy hisobda esa 200 tadan ortiq ish oʻrni yaratilishi rejalashtirilgan. Korxonani 2026-yilda toʻliq ishga tushirish moʻljallangan. Yaqin istiqbolda korxona atrofida qoʻshimcha ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish infratuzilmalarini barpo etish ham koʻzda tutilgan.

Tadbir yakunida yangi korxona qurilish ishlariga rasman start berildi.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?