Qurilish vazirligi “Toshkentda bitta uy uchun 200 ming dollargacha xarajat bor”, degan tadbirkor ustidan IIVga ariza kiritdi

15:45 20 Sentyabr 2025 Jamiyat
168 0

Qurilish vazirligi “Toshkentda bitta uy uchun 200 ming dollargacha xarajat bor”, deya jamoatchilik orasida asossiz axborot tarqalishiga sababchi boʻlgan quruvchi ustidan IIVga ariza kiritdi. Bu haqida vazirlikning Telegramʼdagi kanalida xabar berildi.

Unda aytilishicha, joriy yilning 29-avgust kuni qurilish sohasi tadbirkorlari bilan oʻtkazilgan ochiq muloqotda oʻzini bir nechta qurilish kompaniyalari rahbari sifatida tanishtirgan fuqaro U.A. turli daʼvolar bilan chiqqan.

Qayd etilishicha, uning “Toshkentda bitta uy uchun 200 ming dollargacha xarajat bor”, degan soʻzlari ijtimoiy tarmoqlarda turli muhokamalarni keltirib chiqargan.

“Natijada qurilish sohasida respublika miqyosida olib borilayotgan islohotlarga, soha vakillari hamda Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligiga nisbatan salbiy munosabat shakllanmoqda. Bu esa oʻz navbatida Vazirlik va uning tizimida faoliyat yuritayotgan xodimlarning shaʼni, qadr-qimmati va ishchanlik obroʻsiga putur yetkazmoqda”, — deyiladi vazirlik munosabatida.

Shu bois Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi fuqaro U.A.ga nisbatan tegishli tartibda javobgarlik choralari koʻrish va huquqiy baho berilishini soʻrab, Ichki ishlar vazirligiga rasmiy ariza kiritgan.

«Qurilish sohasiga oid barcha davlat xizmatlari va toʻlovlar belgilangan tartibda elektron tarzda amalga oshiriladi. Bu jarayonda qoʻshimcha mablagʻ talab qilinishi qatʼiy taqiqlangan. Jismoniy va yuridik shaxslar shaharsozlik hujjatlarini olish uchun arizalarni faqat Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) yoki Davlat xizmatlari markazlari orqali yuborishlari mumkin.

Arizalarni koʻrib chiqishda fuqaro va vakolatli organ vakili oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotga yoʻl qoʻyilmaydi. Xususan, obyekt qurilishiga oid ruxsatnoma olishdan tortib, uni foydalanishga qabul qilishgacha boʻlgan barcha jarayonlar “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi orqali toʻliq nazorat qilinadi. Bu jarayonlar Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 20-apreldagi 200-son qarori bilan tasdiqlangan maʼmuriy reglamentlar asosida aniq tartibga solingan», — deyilgan xabarda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер