Qirgʻizistonda oʻlim jazosini qayta joriy etish masalasi referendumga qoʻyilishi mumkin

08:48 05 Oktyabr 2025 Dunyo
201 0

Qirgʻiziston prezidenti Sadir Japarov mamlakatda oʻlim jazosini qayta joriy etish masalasi ovozga qoʻyilishi mumkinligini bildirdi. Bu haqda davlat rahbari “Kabar” agentligiga bergan intervyusida aytib oʻtdi.

Prezidentning soʻzlariga koʻra, konstitutsiyaga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisidagi qonun loyihasi avval jamoatchilik muhokamasiga taqdim etiladi. Keyin esa Konstitutsiyaviy sud oʻz xulosasini beradi. Shundan soʻng qonun loyihasini referendumga chiqarish ehtimoli bor.

“Bu masala xalq ovoziga qoʻyilishi mumkin. Agar koʻpchilik qoʻllab-quvvatlasa, keyin Jogorku Kenesh xalqaro shartnomalardan chiqish va amaldagi kodeks hamda qonunlarga oʻzgartishlar kiritish boʻyicha qonunlarni qabul qilishi kerak boʻladi”, — dedi Japarov.

Eslatib oʻtamiz, Sadir Japarov yaqinda mamlakatda 17 yoshli qizga nisbatan sodir etilgan rezonansli qotillikdan soʻng ayrim ogʻir jinoyatlar uchun oʻlim jazosini qaytarish taklifini bildirgan edi.

Prezidentning matbuot kotibi Askat Alagozov maʼlum qilishicha, davlat rahbari Administratsiyasining huquqiy taʼminlash boshqarmasi rahbari Murat Ukushevga bolalar, qizlar va ayollarga qarshi jinoyatlar uchun jazoni keskin kuchaytirishga qaratilgan qonunchilik oʻzgarishlarini tayyorlashni topshirgan.

Xususan, bolalarga nisbatan zoʻrlash, shuningdek, ayolni zoʻrlab oʻldirish kabi jinoyatlar uchun oʻlim jazosini nazarda tutadigan normalar kiritilishi taklif etilgan.

Maʼlumot uchun, Qirgʻizistonda oʻlim jazosiga ikki yillik moratoriy ilk bor 1998-yilda joriy etilgan va keyinchalik bir necha bor uzaytirilgan. 2007-yilda esa mamlakat konstitutsiyasiga oʻlim jazosini qoʻllashni butunlay bekor qilgan oʻzgartishlar kiritilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер