2018-2019-yillarda qurilish sohasida 365 ta jinoyat sodir etilgan. Javobgarlikka tortilgan shaxslarning 14 nafarini Qurilish vazirligi tizimi xodimlari tashkil qilgan

18:35 06 May 2020 Siyosat
1669 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud huquq masalalari qoʻmitasi tomonidan videokonferens aloqa rejimida Qurilish vazirligining korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha amalga oshirgan ishlari yuzasidan eshituv tashkil etildi.

Eshituvda qurilish sohasidagi normativ huquqiy hujjatlardagi korrupsiyaga sharoit yaratuvchi normalar va byurokratik toʻsiqlarga sabab boʻluvchi omillarni bartaraf etish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Taʼkidlab oʻtilganidek, qurilish sohasidagi reglamentlarda bir qator normalar Qurilish vazirligi tizimida ishlovchi xodimlar uchun korrupsiya va byurokratiyaga sabab boʻluvchi omillar sifatida qolmoqda.

Chunonchi, Arxitektura-rejalashtirish topshirigʻini ishlab chiqish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamentida bu sohada tegishli ruxsat beruvchi hujjatni olish uchun takroran murojaat qilinganda yigʻim undirilmasligi belgilanmagan. Bu esa amaliyotda murojaatchi tomonidan koʻrsatib oʻtilgan kamchiliklar bartaraf etilgan holda takroran murojaat qilganda yana yigʻim undirishga sharoit yaratmoqda. Vaholanki, “Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat berish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Qonunning 20-moddasida tadbirkorlik subyektining arizasi takroran koʻrib chiqilganligi uchun yigʻim undirilmasligi aniq koʻrsatilgan.

Shaharsozlik normalari va qoidalari (SHNQ) maʼnan eskirgan. Undagi bir qator qoidalar zamon talablariga mos kelmasligi bilan bir qatorda fuqarolar va tadbirkorlik subyektlariga ortiqcha majburiyat yuklaydi. Bundan tashqari, SHNQda taʼlim muassasalarini (kodoskop, filmoskop, rulonlik diafilmlar, videodvoyka, tryumo, konditsioner BK-2500 va hokazo) bilan jihozlashni belgilovchi normalar hamon mavjud.

Deputatlar bu boradagi qonun hujjatlarini amaliyotda toʻgʻri qoʻllanilishini taʼminlash maqsadida Shaharsozlik normalari va qoidalarini tubdan qayta koʻrib chiqish lozimligini taʼkidlashdi.

Eshituvda qurilish obyektlari boʻyicha oʻtkaziladigan tender (tanlov) jarayonida eng koʻp korrupsiya holatlari roʻy berishi alohida qayd etildi. Misol uchun, “Oʻzbekiston Respublikasi hududida kapital qurilishda tanlov savdolari toʻgʻrisida”gi Nizomda tanlov savdolari tashkilotchisi tanlov savdolari toʻgʻrisida pudratchini kamida 30 kun oldin ommaviy axborot vositalarida eʼlon berishi yoki potensial pudratchilarga tanlov savdolarida qatnashishga taklifnoma joʻnatishi belgilangan. Ushbu jarayonning dastlabki bosqichida tanlovda ishtirok etadigan shaxslarni belgilash huquqi tashkilotchining oʻziga berilgan.

Shuningdek, Nizomning 35-bandida talabgorga qoʻyiladigan talablar roʻyxatidan tashqari, buyurtmachi tomonidan boshqa talablar ham qoʻyilishi mumkinligi ushbu jarayonda korrupsiya uchun keng imkoniyat yaratadi.

Deputatlar ushbu Nizomga vazirlik tomonidan hanuzgacha oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish borasida natijali ish qilinmaganini tanqid qilishdi.

Qurilish tartibi boʻyicha qurilishning har bir bosqichini tugatgandan soʻng navbatdagi bosqichga oʻtish alohida nazoratga olinadi. Lekin, amalda ayniqsa, beton namunalarini yuqori bosim ostida sinov dalolatnomalari qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi laboratoriyasidan berilishi lozim boʻlsa-da, ushbu jarayonni haqiqatan bajarilganini faqatgina qogʻozlarda koʻrish mumkin boʻlib, bu borada elektron tizim yaratilmagan.

Eshituvda prokuratura organlari tomonidan oʻtkazilgan tekshiruv natijalariga eʼtibor qaratildi. Chunonchi, 2019 — 2020-yil aprel holatiga koʻra, 38 mlrd. soʻmdan ortiq mablagʻlar, imtiyozli qurilish materiallari va boshqa moddiy boyliklar talon-taroj qilingan. 2018-2019-yillarda qurilish sohasida 365 ta jinoyat sodir etilgan boʻlib, uning 72 foizi korrupsiya bilan bogʻliq. Javobgarlikka tortilgan shaxslarning 14 nafarini Qurilish vazirligi tizimi xodimlari tashkil qilgan.

Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligidan olingan maʼlumotlarga koʻra, ushbu vazirlik va tizimdagi idoralar tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga ruxsatnomalar berishda 2019-yil davomida jami 17418 ta holatda qonun buzilishi holatlari qayd etilgan.

Parlament aʼzolari Qurilish vazirligi tomonidan amalga oshirilishi lozim boʻlgan bir qator vazifalarni aytib oʻtishdi. Qurilish sohasini tartibga soluvchi qonun hujjatlaridagi korrupsiyaga sharoit yaratuvchi normalarni bartaraf etish, oʻtkaziladigan tanlov (tender)larni axborot texnologiyalarini joriy etgan holda onlayn rejimda tashkil etish, doimiy ravishda “korrupsiyaga qarshi ichki audit” olib borish, qurilish sohasida qonunosti hujjatlarini qisqartirish, noaniqlik keltirib chiqaruvchi yoki jismoniy va yuridik shaxslarga qoʻshimcha majburiyat yuklovchi normativ-huquqiy hujjatlarni bekor qilish, vazirlik tizimida Jamoatchilik kengashining korrupsiyaga qarshi kurashishdagi ishtiroki va rolini oshirishga koʻmaklashish shular jumlasidan.

Yakunda Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qoʻmitasining tegishli qarori qabul qilindi.

Ziyoda ASHUROVA

(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер