Qoʻshtepada toʻrt nafar yoshga bayram sovgʻasi sifatida yangi uy kalitlari topshirildi

16:06 05 Yanvar 2026 Jamiyat
402 0

Qoʻshtepa tumanida toʻrt nafar yigit-qiz Yangi yilni qoʻshaloq xursandchilik bilan kutib oldi. Sababi, ularga bayram munosabati bilan yangi uy kalitlari topshirildi.

Gap shundaki, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 25-oktyabrdagi “Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi nizomiga muvofiq, ushbu yoshlarga davlat gʻamxoʻrligi sifatida zamonaviy uy-joylar taqdim etildi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tantanali tadbirda Qoʻshtepa tuman hokimligi hamda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi masʼullari yoshlarni qutlab, ularga ezgu tilaklar bildirdi. Yangi uyda mahalla faollari va nuroniylar ishtirokida bir piyola choy ustida samimiy suhbat uyushtirilib, yangi xonadon sohiblariga duolar qilindi.

Bunday eʼtibor va ragʻbatdan mamnun boʻlgan Maʼrufjon Mamajonov, Nilufarxon Rahimova, Farangiz Tursunova hamda Jasurbek Oʻrmonov bundan buyon ham jamiyat va Vatan ravnaqi yoʻlida sidqidildan xizmat qilishga vaʼda berishdi.

— Ayni paytda Fargʻona davlat universiteti psixologiya fakultetining birinchi bosqich talabasiman, — deydi Qoʻshtepa tumanidagi “Karnaychi” mahalla fuqarolar yigʻinida istiqomat qiluvchi Jasurbek Oʻrmonov. — Yangi uyni zamonaviy Qumtepa massivida, barcha sharoiti yaratilgan holda qabul qilib oldik. Uning viloyat markazi va universitetga yaqin hududda joylashgani biz uchun juda qulay. Qumtepadan universitetga bor-yoʻgʻi 15 daqiqada yetib boraman.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?