Qoʻshrabotda ikkita oʻquv markazi ochildi
Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Samarqand davlat chet tillar instituti tomonidan Qoʻshrabot tumanidagi kam taʼminlangan oila farzandlari, xorijiy davlatlarga ishlash maqsadida ketayotgan fuqarolar uchun oʻquv markazlari tashkil etildi. Mazkur oʻquv markazlarida institutning malakali professor-oʻqituvchilari ingliz, nemis va koreys tillaridan saboq beradi.
Tuman markazida joylashgan 82-umumtaʼlim maktabi binosidan 5 ta xona, Joʻshota hududidagi 1-sonli kasb-hunar maktabi binosidan 5 ta xona oʻquv markazlari uchun ajratilib, institut mablagʻlari hisobidan taʼmirlash ishlari olib borildi. Shuningdek, jihozlar, oʻquv adabiyotlari, koʻrgazmali vositalar, zamonaviy axborot texnologiyalari bilan taʼminlandi.
Xorijiy tillarni oʻqitish boʻyicha 2 nafardan ingliz, nemis va koreys tili mutaxassislari — 6 nafar malakali pedagog-oʻqituvchilar biriktirildi. Ularga institut tomonidan belgilangan tartibda ish haqi toʻlab boriladi.
— Tumanimizda koreys tilini oʻrgatadigan oʻquv markazi yoʻq edi, — deydi 77-umumtaʼlim maktabi oʻquvchisi Mohina Toshkenboyeva. — Buning uchun Samarqand shahriga borishimizga toʻgʻri kelardi. Endilikda Chet tillar instituti ochgan markazda koreys til oʻrgatiladi. Bu biz uchun juda qulay boʻldi. Eng muhimi, kurslar bepul ekan.
Qoʻshrabot tumanidagi oʻquv markazlari ochilish marosimida Samarqand viloyati va Qoʻshrabot tumani hokimligi, Samarqand davlat chet tillar instituti vakillari, tumanning sektor rahbarlari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda soʻzga chiqqanlar mamlakatimizda xorijiy tillarni oʻqitishga, mutaxassislar tayyorlashga alohida eʼtibor qaratilayotganini taʼkidladi. Bugungi kunda koʻplab yoshlar muayyan mutaxassisliklar boʻyicha taʼlim olish bilan birga chet tilini ham puxta oʻrganayotgani, buning natijasida dunyo kezayotgani, qator yutuqlarni qoʻlga kiritayotgani eʼtirof etildi.
Bunday oʻquv markazlari yoshlarning xorijiy tillarni mukammal oʻrganishi va nufuzli oliygohlar talabalari safidan joy olishiga imkoniyat yaratib, kelajagimiz egalarining komil insonlar boʻlib voyaga yetishiga xizmat qiladi.
Ayni paytda Qoʻshrabot tumanida yashayotgan kam taʼminlangan oila farzandlari, xorijga ishlashga ketuvchi fuqarolar roʻyxati shakllantirilib, ular uchun mashgʻulotlar ham boshlandi.







Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Alisher Navoiy – ilm va maʼno ehtiyoji manbai
- Investorlar uchun eng jozibador hudud yoxud investitsiya oqimidagi keskin tafovutning sabab va oqibatlari
- Ilm-fan sohasida xotin-qizlarga yaratilgan imkoniyatlarga bagʻishlangan anjuman
- Oʻzbekistonda inson aʼzolarini 3D bioprinterda chop etish imkoniyati yaratilmoqda
- Bedilni xalqqa tanitgan xattot
- Milliy naqshlarda oʻzligimiz namoyon
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring