Qoraqalpogʻistonlik yoʻlsozlarning bayram tuhfasi

Aholi turmushi sharoitini yanada farovon etishda kaftdek tekis va ravon yoʻllarning ahamiyati nihoyatda katta. Oddiy qishloqdan tortib katta shaharlargacha tadbirkor yoki xorijlik investor eng avvalo, manzilga eltuvchi yoʻlning obodligiga qiziqadi. Shunga qarab loyiha tuzadi, istiqbolini belgilaydi. Yoʻl yaxshi boʻlsagina rejalar hayotga koʻchadi. Shu maʼnoda aytish joizki, Qoraqalpogʻiston Respublikasida xalqaro ahamiyatdagi magistral yoʻllardan tortib, mahallalar ichidagi koʻchalargacha keng koʻlamdagi ishlar amalga oshirilmoqda.
—Mustaqilligimizning 34-yilligiga munosib bayram sovgʻasiga aylanayotgan yangi yoʻllarning har bir qatlamida mehnat, har bir metrida fidoyilik mujassam, — deydi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Avtomobil yoʻllari bosh boshqarmasi boshligʻi Umrbek Matnazarov. — Yoʻl qurish — oddiy asfalt yotqizish emas, balki, yurtimizning har yillik iqtisodiy rivojiga hissa qoʻshish, odamlar hayotini yaxshilashga xizmat qilishdir.
Qoraoʻzak va Beruniy tumanlari hududidan oʻtuvchi A-380 “Gʻuzor-Buxoro-Nukus-Beyneu” avtomobil yoʻlining 673-698 km (25 km) qismini Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida sement-beton qoplama bilan rekonstruksiya qilish belgilangan edi. Shu asosda bugungi kunda beton qoplamasini yotqizish ishlari olib borilmoqda.
Umumiy qiymati 48,7 million dollar boʻlgan loyiha qurilish ishlarining sifatli olib borilishida xalqaro konsalting kompaniyalari jalb etilgan boʻlib, hozirgi vaqtda maxsus mashina mexanizmlari va ishchi-mutaxassislar safarbar etilgan.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻyicha 2025-yil davomida umumiy foydalanishdagi 464,1 kilometr yoʻllarni taʼmirlash uchun 413,6 mlrd. soʻmlik qurilish-taʼmirlash ishlari rejalashtirilgan. Shundan, yanvar-iyul oylari davomida 348,5 kilometr yoʻllarda 224 mlrd. soʻmlik qurilish-taʼmirlash ishlari bajarildi.
Bugungi kunda Investitsiya dasturi asosida 3 obyektga 102,3 mlrd. soʻmlik qayta qurish ishlari amalga oshirilishi boʻyicha shartnomalar tuzilgan boʻlib, hozirgacha 76,4 mlrd. soʻmlik qayta qurish ishlari amalga oshirildi.
Moʻynoq hamda Beruniy tumanidagi avtomobil yoʻllarining 9 kilometr qismida kapital taʼmirlash ishlarini amalga oshirish boʻyicha 17,5 mlrd. soʻm mablagʻ ajratilib, hozirgi kunga qadar ushbu obyektlarda 8,8 mlrd. soʻmlik qurilish-taʼmirlash ishlari amalga oshirildi.
Bundan tashqari respublika hududida 3 ta koʻprikni qayta qurish uchun 11,6 mlrd. soʻm mablagʻ ajratildi. Hozirgi kunda Chimboy tumanida 2 ta, Xoʻjayli tumanida 1 ta koʻprikni qayta qurish ishlari boshlab yuborildi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududida 2025-yil boshidan buyon umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllarini taʼmirlash dasturi boʻyicha 58 obyektda va bitta koʻprikda 324,2 kilometr yoʻllarni taʼmirlash va qurilish ishlarini amalga oshirish nazarda tutilgan. Oʻtgan oylar davomida 298,5 kilometr uzunlikdagi avtomobil yoʻllari taʼmirlanib, 54,2 mlrd. soʻmlik qurilish ishlari bajarildi.
Bundan tashqari Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi avtomobil yoʻllari hududiy boshqarmasining buyurtmasi asosida umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllarida yuz bergan tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish ishlari boʻyicha 4 ta koʻprik obyektlarida 7,7 mlrd. soʻmlik taʼmirlash ishlari amalga oshirilishi belgilangan. Hozirgi kunda ushbu obyektlarda taʼmirlash ishlari davom etmoqda.
Shuningdek, joriy yilning dastlabki yetti oyida yoʻlsozlarimiz tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasida 251 kilometr uzunlikdagi ichki xoʻjalik avtomobil yoʻllarida taʼmirlash ishlari olib borildi. Shundan 124 kilometri asfalt va 127 kilometrida qum-shagʻal aralashmasi yotqizildi.
Xususan, Investitsiya dasturi doirasida 1 ta obyekt Beruniy tumani Abay massividagi Urgut erkin iqtisodiy zonasiga olib boruvchi 3 kilometrlik avtomobil yoʻllarini qurish ishlari uchun 7,6 mlrd. soʻm mablagʻ ajratilib, ijrochi “Shobboz tosh” MCHJ quruvchi korxonasi tomonidan olib borildi. “Open budget” 2024-yil 2-mavsumi doirasida 2025-yilga oʻtuvchi 5 ta obyektda 1,5 kilometr uzunlikdagi 3,3 mlrd. soʻmlik ichki yoʻllarda asfaltlash ishlari olib borildi.
Drayver loyihalari doirasida 6 ta obyekt 7,4 kilometr uzunlikdagi ichki yoʻllarda 5,4 mlrd. soʻmlik asfaltlash ishlari olib borildi.
Shuningdek, “Tashabbusli byudjet”ning 2025-yil 1-mavsumi doirasida 89 ta loyihada 109,8 kilometr uzunlikdagi obyektlarda 77,4 mlrd. soʻmlik ishlar olib borildi. Shu bilan birga hashar yoʻli bilan 127 kilometr uzunlikdagi tuproq yoʻllarga qum-shagʻal aralashmasini toʻkish ishlari olib borildi.
Qoraqalpogʻistonlik yoʻlsozlar tomonidan yoʻl harakati xavfsizligini oshirish – ayniqsa, yoʻlning xavfli burilish joylarida yoki balandliklardan oʻtadigan qismlarida haydovchilar uchun xavfsizlikni taʼminlaydigan toʻsiqlar va boshqa belgilarni oʻrnatish borasida ham bir qator amaliy ishlarni olib borishmoqda.
Jumladan, Nukus shahri hududidagi “Nukus kichik aylanma yoʻli”ning 4-5-kilometrlari oraligʻida 1-toifali temir toʻsiqlar oʻrnatish ishlari amalga oshirilmoqda. Ushbu temir toʻsiqlar yoʻlning xavfli burilish joylarida yoki balandliklardan oʻtadigan qismlarida haydovchilar uchun xavfsizlikni taʼminlash, piyodalarni himoya qilish – yoʻl yoqalarida harakatlanayotgan piyodalarni transport vositalarining chiqib ketish xavfidan himoya qiladi.
Shuningdek, infratuzilmani saqlash – yoʻl chetidagi inshootlar yoki tabiiy toʻsiqlarni avtomobillarning zarbalaridan himoya qiladi. Transport vositalari chiqib ketishining oldini olish – avtomobil yoʻldan chiqib ketganda uni qaytarib yuborish yoki toʻxtatib qolish orqali ogʻir avariyalarni kamaytiradi.
Harakatni yoʻnaltirish va chegaralash – haydovchilarga yoʻlning qayerda tugashi yoki xavfli hududga yaqinlashayotganini koʻrsatadi, bu orqali eʼtiborli boʻlishlariga yordam beradi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Avtomobil yoʻllari bosh boshqarmasi masʼullari bergan maʼlumotlarga koʻra, harakat xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan bu boradagi ishlar doirasida 2025-yilning oʻtgan davrida 920 kilometr uzunlikda yoʻl chiziqlari chizildi. Shuningdek, 2 ming 375 dona yoʻl belgilari yangidan oʻrnatildi. Turli ahamiyatdagi yoʻllarning 7 ming 46 metr qismiga 1-toifali temir toʻsiqlar oʻrnatildi. Jumladan, Nukus shahridagi yoʻllarga 3 ming 846 metr uzunlikda 1-toifali temir toʻsiqlar qoʻyildi.
Bu qilingan xayrli ishlar yoʻlsozlarning mustaqilligimizning 34-yilligi bayramiga munosib tuhfasidir. Binobarin, ular qurgan yoʻllar, koʻpriklardan foydalanayotgan qanchadan-qancha odamlarning mushkuli oson, manzili yaqin boʻlmoqda. Bir soʻz bilan aytganda, keyingi yillarda yoʻl infratuzilmasi tubdan yangilandi, mahalla va qishloqlarda ham keng, ravon koʻchalar barpo etilmoqda. Bularning samarasi oʻlaroq Orolboʻyida nafaqat xalqaro va respublika ahamiyatdagi, balki ichki xoʻjalik yoʻllari ham zamonaviy qiyofada boʻy koʻrsatmoqda.
Gʻayrat OTAJONOV,
“Xalq soʻzi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Ekrandagi qabohatning hayotdagi aksi yoki yengil-yelpi seriallar jamiyatga nima beryapti?
- Nyu-York manzaralari
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring