Qoraqalpog‘istonda ayollarning tashabbus va g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan seminar tashkil etildi

16:11 04 Mart 2025 Jamiyat
197 0

Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tashabbusi va hamkor tashkilotlar ko‘magida tashkil etilgan seminarda Agentlik mas’ullari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi rahbariyati, hududdagi 44 ta tashkilot va idoralarda faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar, OAV xodimlari va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Seminar davlat organlari va tashkilotlaridagi xotin-qizlarning sohadagi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ularning liderlik kompetensiyalarini rivojlantirish, davlat fuqarolik xizmatidagi islohotlar bilan xabardor qilish, mavjud muammolarni yaqindan o‘rganish maqsadida tashkil etildi.

Seminar avvalida so‘z olganlar so‘nggi yillarda O‘zbekistonda davlat boshqaruvida xotin-qizlar uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratib berish, ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida muhim qadamlar qo‘yilganini ta’kidlashdi. Sohaning normativ-huquqiy bazasi takomillashtirilgani ma’lum qilindi. Prezidentimizning uzoqni ko‘zlagan odilona siyosatlari natijasida davlat va jamiyat boshqaruvida ayollar ulushi ortib, bu xalqaro ko‘rsatkichlarda ham o‘z aksini topayotgani bildirildi.

Seminarda tajribali va salohiyatli mas’ul rahbarlar, soha mutaxassislari rahbar ayollarda liderlik, xalqparvarlik, kreativlik ko‘nikmalarini shakllantirish, davlat xizmatida innovatsion texnologiyalarni qo‘llashda xotin-qizlarning roli, davlat xizmatchilarining salomatligi — davlat xizmati samaradorligi kafolati, davlat xizmatida oila va karera muvozanatini ta’minlash strategiyalari mavzularida o‘z fikr va mulohazalarini bildirishdi. Sohada yillar davomida bosib o‘tilgan hayotiy tajribalarini o‘rtoqlashishdi.

Seminar o‘z ishida shu’balarda davom ettirmoqda. Unda ishtirokchilar uchun “Davlat xizmatidagi xotin-qizlarning shaxsiy samaradorligini oshirish imkoniyatlari”, “Xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va agressiyaning psixologik asoslari”, “Inson resurslarini boshqarishning zamonaviy usullari”, “Xotin-qizlarning davlat xizmatiga moslashuvi ijtimoiy xususiyatlari”, “Davlat xizmatidagi xotin-qizlarning jamoatchilik bilan hamkorligi: zamonaviy texnologiyalar va trendlar”, “Davlat fuqarolik xizmatidagi xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashning huquqiy asoslari” mavzularida treninglar tashkil etildi. Shu’balar o‘z ishini kichik guruhlarda ishlash, keys-stadi va bahs-munozara kabi interfaol usullarda tashkil etdi. Seminar davomida ishtirokchilarning sohaga oid taklif va tashabbuslari, mavjud muammolari ijtimoiy so‘rovnoma orqali o‘rganildi.

Bir so‘z bilan aytganda, ushbu seminar Qoraqalpog‘istonda faliyat yuritayotgan davlat xizmatidagi xotin-qizlarning tashabbus va g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash, ularning yangi bilim va ko‘nikmalar olishi, o‘zaro tajriba almashishi, sohadagi faoliyatlarini yanada rivojlantirishi uchun o‘ziga xos korpus vazifasini bajardi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?