Qoraqalpogʻiston Respublikasida bir kunda 10 ga yaqin oilaviy mehmon uyi ochildi
Ellikqalʼa tumani Qoraqalpogʻistondagi sayyohlar eng koʻp tashrif buyuradigan hudud sanaladi. Bu yerda koʻplab qadimiy qalʼalar va sayyohlar oʻziga jalb qiladigan obidalar bor. Koronavirus pandemiyasi jiddiy taʼsir koʻrsatgan turizm sohasini yana qayta jonlantirish maqsadida hududda “Turizm qishlogʻi” va “Oilaviy mehmon uylari” tashkil qilinmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va mahalliy hokimlik, tuman davlat xizmatlari markazi, tuman soliq inspeksiyasi vakillaridan iborat ishchi guruh vakillari tumandagi “Guldursin” hamda «Sahtiyon» ovul fuqarolar yigʻinidan 10 ta xonadon egalarini yakka tartibdagi tadbirkorlik sifatida roʻyxatdan oʻtkazib, tegishli guvohnomalar topshirdi va ular “Oilaviy mehmon uylari” yagona reyestriga kiritildi.
— Endi ushbu oilaviy mehmon uylari sayyohlarni qonuniy tartibda qabul qilishlari mumkin, — deydi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududiy boshqarmasi bosh mutaxassisi Axmet Ajiniyazov. — Bu yoʻnalishdagi ishlarimizni davom qildirib, “Guldursin” ovul fuqarolar yigʻini hududida zarur turistik infratuzilmani barpo etmoqchimiz. Tashkil qilinayotgan oilaviy mehmon uylari sayyohlarga yana-da qulaylik yaratsa, mahalliy aholini turizm sohasi boʻyicha tadbirkorlikka keng jalb etish imkonini oshiradi. Natijada turistlarga koʻrsatiladigan xizmatlar soni va sifati oshadi, eng muhimi hududdagi aholining bandligini taʼminlash va real daromadlarini oshirishga zamin yaratiladi.
“Oilaviy mehmon uylari”ning ochilishiga bagʻishlangan tadbirlarda oilaviy mehmon uylari faoliyatini tashkil etish, mazkur ovul va mahallalarga “Turizm mahallasi”, “Turizm ovuli”, “Turizm qishlogʻi” maqomini berish orqali davlat dasturiga kiritish yuzasidan amalga oshirilishi rejalashtirilgan ustuvor vazifalar toʻgʻrisida tushuntirish va tavsiyalar berildi.
Gʻayrat Otajonov
(“Xalq soʻzi”)
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Turkiy xalqlarning maʼnaviy yalovbardori
- Oʻz xalqini Siz kabi chin dildan sevadigan davlat rahbarini uchratmadim – “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan
- Rossiya Osiyo grandni magʻlub etdi
- Imtiyozli shartlarda pensiyaga chiqish huquqini beruvchi roʻyxatni tuzish tartibi belgilandi
- Ish bilan bogʻliq baxtsiz hodisalar va kasbga oid kasalliklar haqidagi maʼlumotlarning yaxlit tizimi yoʻqligi koʻrsatib oʻtildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring