Oʻzbekistonda bitta kitob oʻqigan mahkumning jazo muddati uch kunga qisqartirilishi mumkin

12:44 04 Sentyabr 2025 Siyosat
122 0

Foto: Yunus Boʻriyev, Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”

Senatning oʻninchi yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun koʻrib chiqildi.

Qayd etilganidek, Qonun jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini oʻtayotgan mahkumlar bilan olib borilayotgan tarbiyaviy ishlar samaradorligini oshirish, ularning oila va jamiyatdan uzilib qolishini oldini olish, kitob oʻqishini ragʻbatlantirish orqali qonunga itoatkor, maʼnaviy va axloqiy qadriyatlarni shakllantirishga qaratilgandir.

Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual hamda Jinoyat-ijroiya kodekslariga mahkumlarning jazoni oʻtash muddati ular tuzalish yoʻliga oʻtganligi munosabati bilan qisqartirilishini nazarda tutuvchi qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilmoqda.

Xususan, Jinoyat kodeksi jazoni oʻtash muddatini shaxs tuzalish yoʻliga oʻtganligi munosabati bilan qisqartirishni nazarda tutuvchi 741-modda bilan toʻldirilmoqda.

Bunda mahkumlar tomonidan Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan tasdiqlangan, mahkumlarda toʻgʻri maʼnaviy va axloqiy qadriyatlarni shakllantirishga qaratilgan adabiyotlar roʻyxatidagi kitoblarni oʻqisa va ushbu kitoblarni oʻqiganligi fakti tasdiqlangan taqdirda jazoni oʻtash muddati har bir oʻqilgan kitob uchun uch kunga, biroq bir yilda koʻpi bilan oʻttiz kungacha Komissiyaning xulosasiga asosan sud tomonidan qisqartirilishi mumkinligi belgilanmoqda.

Ushbu norma faqat jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilinishi nazarda tutilgan (umrbod ozodlikdan mahrum etishga hukm qilinganlardan tashqari) shaxslarga nisbatan tatbiq etilishi belgilanmoqda.

Qonunchilikka kiritilayotgan ushbu oʻzgartirishlar bugungi kunda jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini oʻtayotgan 13,5 mingdan ortiq mahkumlarga nisbatan tatbiq etiladi.

Shu bilan birga, Qonun bilan “Huquqbuzarliklar profilaktikasi toʻgʻrisida”gi Qonunga ham profilaktik hisobga olish asoslari maqbullashtirilishini hamda profilaktik hisobga olinadigan maʼmuriy huquqbuzarlik turlari ularning ijtimoiy xavflilik darajasi, xususiyati, kelgusida jinoiy qilmish sodir etilishi mumkinligi kabi mezonlardan kelib chiqqan holda belgilanishini nazarda tutuvchi oʻzgartirishlar kiritilmoqda.

Bundan tashqari, Qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 12810 va 131-moddalarida nazarda tutilgan, yaʼni yoʻl bezoriligi va transport vositalarini mastlik holatida boshqarganlik uchun sodir etilgan maʼmuriy huquqbuzarlik uchun sud tomonidan muayyan muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxslarni profilaktik hisobga olinishi alohida toifa sifatida belgilanmoqda.

2024-yilda transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etilgan 11 mingga yaqin shaxs tomonidan 23 582 ta yoʻl harakati qoidalarini buzish holatlari aniqlangan. Buning oqibatida 1 019 ta yoʻl-transport hodisasi sodir etilib, unda 295 nafar fuqaro vafot etgan va 873 nafari jarohatlangan.

Shu bois yoʻl-patrul xizmati xodimlariga profilaktika inspektorlari tomonidan koʻmaklashish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi va bu orqali transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxslar tomonidan huquqbuzarliklar sodir etilishini barvaqt oldini olish va oʻz vaqtida aniqlash imkoniyatlari kengaytiriladi.

Senatorlar tomonidan taʼkidlanganidek, Qonunning qabul qilinishi mahkumlarni axloqan tuzatish, ularda jamiyat qoidalari va anʼanalariga nisbatan hurmatni shakllantirish borasidagi ishlar samaradorligini oshirishga, profilaktik hisobga olingan shaxslar bilan olib boriladigan chora-tadbirlarni yanada takomillashtirish orqali mamlakatimizda jinoyatchilikka qarshi kurashishga va huquqbuzarliklarning oldini olishga xizmat qiladi..

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Yunus Boʻriyev, Akmal Muhammadov (foto), Otabek Saidahmadov

“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер