Qashqadaryoda Rossiya bilan hamkorlikda transformator zavodi ishga tushirildi

15:10 13 Iyun 2024 Jamiyat
257 0

Jahongir BOYMURODOV/“Xalq soʻzi”. Qashqadaryo deganda koʻpchilikning koʻz oʻngida choʻl gavdalanadi. Bu ulkan hududning asosiy yer maydoni choʻllardan iborat. Koʻp yillar davomida aholining daromad manbai, iqtisodiy imkoniyati sugʻoriladigan yerlarda qilinadigan dehqonchilik ishlariga bogʻlangan edi.

Bugun voha tamomila oʻzgarib, shahar va qishloqlari yangilanib bormoqda. Eng chekka hududda joylashgan Mirishkor tumaniga kelgan kishi oʻnlab sanoat korxonalari qad rostlaganining guvohi boʻladi. Joriy yilda tumanning Yangi Mirishkor mahallasi hududida barpo etilgan transformator zavodi ulkan loyihalardan biri boʻldi.

Rossiyaning elektronika mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yirik kompaniyasi bilan hamkorlikda ishga tushirilgan bu korxonada yiliga 1,5 ming donagacha transformator ishlab chiqarish imkoni mavjud.

— Ayni paytda transoformatorning faqat “miya” qismini Rossiyadan olib kelyapmiz, — deydi korxona ish boshqaruvchisi Bahodir Ibodullayev. — Qolgan barcha detallar shu yerning oʻzida tayyorlanadi. Endilikda ushbu qismni ham oʻzimizda ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish harakatidamiz. Agar bu reja roʻyobga chiqsa, unda ishlab chiqarayotgan mahsulotimizning narx borasida raqobatbardoshligi yanada ortadi.

Quvonarlisi, yaqinda “Temur hamkor plast” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan Turkiya texnologiyasi asosida tomat pastasi hamda “Ketchup” ishlab chiqaradigan ulkan quvvat ishga tushirildi. Umumiy qiymati 2 million dollarni tashkil etgan ushbu korxonada kuniga 10 tonna pomidorni qayta ishlash imkoni mavjud.

Tumanda xuddi shunday loyihalardan yana biri Xitoy sarmoyasi asosida “Litai Textile Overseas” MCHJ shaklidagi xorijiy korxonasi tomonidan amalga oshirilmoqda.

— Korxonamizning ishlab chiqarish majmuasi asosan ikkita yirik quvvatdan iborat boʻladi, — deydi korxona rahbari Ya You Hong. — Birida eng zamonaviy texnologiyalar yordamida yiliga 20 ming tonna paxta xomashyosi qayta ishlanib, sifatli tola olinadi. Ikkinchi majmuada ajratib olingan 11 ming tonna chigit qayta ishlanib, undan sifatli yogʻ mahsulotlari olinadi. Ushbu korxona tumanning eng olis manzillaridan biri – Obod mahallasi hududida bunyod etilgan. U ishga tushirilgach, kamida 150 nafar ishchi kuchiga ega boʻladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?