Qashqadaryo: yangi marralar sari dadil qadamlar
Davlatning davlatligi, xalqning xalqligi qiyin paytlarda bilinadi, deganlari rost ekan. 2020-yil ogʻir kelishi, koronavirus balosi keltirgan ijtimoiy-iqtisodiy inqirozga qaramay, iqtisodiyotni tiklash va rivojlantirish, odamlar hayotini yaxshilash borasidagi ishlar bir zum boʻlsa-da toʻxtab qolgani yoʻq. Hududlarda yangi korxonalar, turar joylar bunyod qilinmoqda.
Prezidentimiz joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, iqtisodiy-ijtimoiy islohotlarning borishi bilan tanishish maqsadida joriy yilning 12-13-noyabr kunlari Qashqadaryo viloyatida boʻldi. Shak-shubhasiz, ushbu tashrif vohada yirik loyihalarni amalga oshirish, tashabbuslarni roʻyobga chiqarish, aholi turmushi farovonligini taʼminlash borasidagi ishlarni jadal davom ettirishda yangi bosqichni boshlab beradi.
Davlatimiz rahbari viloyatga safarini Shahrisabz tumanidagi “Oqsaroy Vortex” MCHJda sintetik aralashmali ip va mato ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishishdan boshlab, korxonadagi ishlab chiqarish jarayonlarini, kalava ip va tayyor mato namunalarini koʻzdan kechirdi.
Ushbu korxonaning anʼanaviy ip-yigiruv fabrikalaridan asosiy farqi – bu yerda Yaponiyaning “Murates” kompaniyasida ishlab chiqarilgan Vortex texnologik uskunalari oʻrnatilgan. Bu texnologiyaning afzalligi kalava ip toʻqilayotganda tola markazlashgan aerodinamik havo bosimi orqali oʻtkaziladi. Natijada ipning tukdorligi kamayadi, sifati ortadi.
Prezidentimiz sohaning iqtisodiy jihatiga eʼtibor qaratgan holda, toʻqimachilik sanoatiga oid loyihalarni uch yoʻnalishda tashkil etish kerakligini taʼkidladi. Qashqadaryoning paxta yetishtiriladigan sakkizta tumanida “Oqsaroy Vortex” namunasidagi toʻqimachilik korxonalarini tashkil etish, ularni barpo etishda arzon konstruksiyali materiallardan foydalanish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Xom ashyodan — tayyor mahsulotgacha tamoyili asosida viloyatda toʻqimachilik sanoatini rivojlantirish, buning uchun taniqli xorijiy brendlarni jalb etish, klasterlar faoliyatini tahlil etib borish yuzasidan vazifalar belgilandi. Toshkent shahri va viloyati hududidan oʻn gektar yer ajratib, “Oqsaroy Group” kompaniyasi negizida toʻqimachilik texnoparki tashkil etish va mahsulotlarning onlayn savdosini yoʻlga qoʻyish kerakligi aytib oʻtildi.
Bundan buyon Oʻzbekistondagi barcha tekstil ishlab chiqaruvchilar bir joyga jamlanadigan mazkur texnoparkda ularning doʻkonlari va omborlari boʻladi. Texnopark birinchi navbatda ishlab chiqaruvchilarga eksport masalasiga koʻmaklashadi.
Yoshlar bilan ishlashda yangi tizim joriy etiladi
Buyuk kelajak sari dadil odimlayotgan jamiyatdagi islohotlar va yangilanishlar yuksak intellektual salohiyatga ega, gʻayratli, faol aholi qatlamiga tayanadi. Mamlakatimizdagi tub islohot va yangilanishlar jarayonida Oʻzbekiston yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda dunyoga ibrat boʻladigan tajriba toʻplaganini xalqaro hamjamiyat koʻrib, kuzatib turibdi. Quvonarlisi, yurtimizda olib borilayotgan yoshlarga doir davlat siyosati va uning amaliy natijalari jahon hamjamiyatida katta qiziqish uygʻotmoqda.
Prezidentimiz Qarshi shahridagi Yoshlar markazida ham boʻlib, qashqadaryolik yoshlar bilan ochiq muloqot qildi. Viloyatda 26 mingdan ziyod yoshlar ishsiz, tadbirkorlik rivoji mamlakatdagi oʻrtacha koʻrsatkichdan ancha pastda ekanligi qayd etildi.
Yigit-qizlarning tadbirkorlik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, “Yoshlar – kelajagimiz” davlat dasturi doirasida yillik rejaga qoʻshimcha mablagʻ ajratish zarurligi taʼkidlandiki, bu yoshlarni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish, yosh tadbirkorlarning istiqbolli gʻoyalari va loyihalarini roʻyobga chiqarish, ayniqsa, bandligini taʼminlashda yaxshi samara beradi.
Hammamiz koʻrib, kuzatib turibmiz – bugungi shiddat bilan oʻzgarayotgan dunyo insoniyat oldida, yoshlar oldida yangi-yangi ufq va imkoniyatlar ochish bilan birga, ularni ilgari koʻrilmagan turli yovuz xavf-xatarlarga ham duchor etmoqda. Bundan buyon viloyatda yoshlar bilan ishlash boʻyicha yangi tizim joriy etilib, hokimlar har haftada bir kunni yoshlar bilan ishlash kuni deb eʼlon qilishi va ularning muammolari bilan shugʻullanishi albatta, kelajagimiz egalarining orzu-intilishlari, qobiliyat va salohiyati bilan birga, yaratuvchanlik iqtidorini ham roʻyobga chiqaradi. Shu jihatdan yoshlar bilan doimiy muloqot olib borgan holda, ularning bandligini taʼminlash, hayotda oʻz oʻrnini topishi, jamiyatning munosib aʼzolariga aylanishi, mehnat va turmush sharoitlarini yaxshilash nafaqat hokimlar, balki har bir rahbar, deputatlar faoliyatining asosiy mezoniga aylanishi kerak.
Bu borada Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi va uning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi muhim vazifalarni belgilab oldi. Zero, har jihatdan barkamol, mustaqil fikrlaydigan, Vatanga sodiq, qatʼiy hayotiy qarashlarga ega yoshlarni tarbiyalash, ularning intellektual, maʼnaviy salohiyatini, ijtimoiy faolligini oshirish partiyaning muhim vazifalaridan boʻlgan va shunday boʻlib qolmoqda.
2021-yil tadbirkorlikni rivojlantirish yili boʻladi
Viloyat faollari, mahalliy kengash deputatlari, vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirokida boʻlib oʻtgan yigʻilishda hududning iqtisodiy-ijtimoiy holati tanqidiy tahlil qilindi. Qashqadaryo oʻzining salohiyatiga mos yashamayotganligi, mamlakatimizning koʻpgina hududlaridan orqada qolayotgani aytib oʻtildi.
Davlatimiz rahbari hududdagi irrigatsiya va melioratsiya holatini ham keskin tanqid qildi. Notoʻgʻri sugʻorish oqibatida yerlarning 45 foizi shoʻrlangan. Ayniqsa, bu borada Muborak, Gʻuzor, Nishon va Kosonda ahvol juda ogʻir. 38 ming gektar maydon foydalanishdan chiqib ketgan. Tomchilatib sugʻorish jami sugʻoriladigan maydonning bor-yoʻgʻi 2,4 foizida joriy qilingan.
Prezidentimiz bu muammolarni bartaraf etish, aholiga munosib turmush sharoiti yaratish va tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha zarur koʻrsatma, taklif va tavsiyalar berdilar. 2021-yilni viloyatda tadbirkorlikni rivojlantirish yili boʻlishini taklif qildilar. Bu borada manzilli ishlash uchun tuman va shaharlarga vazirlar, tarmoq va banklar rahbarlari biriktirildi. Oʻz navbatida, bugungi bozor talabi va “oʻsish nuqtalari”dan kelib chiqib, tumanlarni muayyan iqtisodiyot yoʻnalishlariga ixtisoslashtirish zarurligini taʼkidlandi.
Endilikda Yakkabogʻ, Qamashi, Chiroqchi, Shahrisabz va Kitob tumanlari bogʻdorchilik va uzumchilikka ixtisoslashtiriladi. Gʻuzor va Muborak tumanlarida neft-gaz-kimyo, Chiroqchi va Dehqonobod tumanlarida qurilish materiallari boʻyicha koʻplab korxonalar tashkil etiladi.
Mahsulot yetishtirishda yangi tajriba ommalashtiriladi
Qashqadaryo xalqi azaldan mehnatkash, dehqonchilikning hadisini olgan, yerni yaxshi koʻradi. Joriy yilda viloyatda 857 gektar maydonda kartoshka, 4,1 ming gektarda sabzavot,1,8 ming gektarda poliz, 8,2 ming gektarda boshqa ekinlar ekildi. 5,2 ming gektarda avgust-sentyabr piyozi va sarimsoqpiyoz yetishtirildi.
Aholi tomorqasidan jami 1,2 million tonna mahsulot olinib, shundan 169,5 ming tonnasini sabzavot, 12,2 ming tonnasini dukkakli ekinlar, 206,1 ming tonnasini poliz mahsulotlari, 102,3 ming tonnasini kartoshka, 42,9 ming tonnasini koʻkat va ziravorlar tashkil etadi. Shuningdek, joriy yil oktyabr-dekabr oylarida jami 8,8 ming gektarga toʻqsonbosti usulida sabzavot ekinlari joylashtirish prognoz koʻrsatkichlari tasdiqlanib, 10-noyabr holatiga koʻra, jami 3,5 ming gektarga toʻqsonbosti ekinlari ekildi.
“Bir mahalla – bir mahsulot tamoyili” asosida joriy yil oxirigacha 284 ta mahalla xonadonlari muayyan turdagi mahsulotlar yetishtirishga ixtisoslashtirilib, ikki va uch marta hosil olish yoʻlga qoʻyildi. Lekin hozirgi murakkab sharoit bu boradagi ishlar koʻlamini yana-da kengaytirishni taqozo etmoqda. Shundan kelib chiqib, viloyatdagi salkam yarim million aholi xonadonlari ixtiyoridagi 57 ming gektar tomorqalardan samarali foydalanish vazifalari belgilandi. Bu borada tomorqadan ikki-uch marotaba hosil olayotgan Shahrisabz, Qamashi, Kitob, Kasbi, Mirishkor, Nishon va Yakkabogʻ tumanidagi namunali mahallalar tajribasi ommalashtiriladi. Vohaning har bir tumaniga Fargʻona viloyatining tajribali dehqonlari jalb qilinib, amaliy seminarlar tashkil etiladi.
Davlatimiz rahbarining Qashqadaryoga tashrifi, vohada amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalar, aholi farovonligini oshirishga qaratilgan tashabbuslar viloyat aholisiga yana-da ragʻbat, koʻtarinki kayfiyat bagʻishladi. Yangi loyihalarni hayotga tatbiq etilishiga koʻmaklashish biz deputatlar, partiyamiz faollari zimmasiga yana-da masʼuliyatli vazifalar yuklaydi. Shunday ekan, istiqbolli vazifalar ijrosini taʼminlash, odamlarni rozi qilish, xalq bildirgan yuksak ishonchni oqlashda bor kuch-gʻayratimizni safarbar etamiz.
Aktam HAITOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Spikeri oʻrinbosari,
OʻzLiDeP fraksiyasi rahbari
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “E-ekspertiza” platformasi orqali elektron hujjatlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish tartibi tasdiqlandi
- Nodavlat sud-eksperti sifatida faoliyat yuritish yanada soddalashtiriladi
- “Istanbul Bashakshehir” mehmondan gʻalaba bilan qaytdi
- Ukrainaning uch viloyatida portlashlar qayd etildi. Qurbonlar bor
- Bu yil Oʻzbekiston Proligasida 14 ta jamoa ishtirok etadi
- Shavkat Mirziyoyev Vashington shahrida Tinchlik kengashining dastlabki yigʻilishida ishtirok etdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring