Qarshida ishlab chiqarilgan oʻyinchoqlar dunyo bozorlariga yoʻl oladi

Jahongir BOYMURODOV/“Xalq soʻzi”. Bundan bir necha yil avval oʻyinchoq xarid qilmoqchi boʻlsangiz, xorijda, asosan Xitoyda ishlab chiqarilgan mahsulotlarga duch kelardingiz. Mentalitetimiz, qadriyatlarimiz, farzandlarimizning qiziqishidan kelib chiqib tayyorlangan oʻyinchoqlar koʻp emasdi.
Soʻnggi yillarda esa yurtimizda oʻyinchoqlarni ishlab chiqarish sezilarli rivojlandi. Bu sanoatning yetakchilaridan biri boʻlgan “Visage Electric” masʼuliyati cheklangan jamiyati bugungi kunda nafaqat mamlakatimizda, balki xorij bozorlariga ham “Toy bola” brendidagi oʻyinchoqlarni yetkazib bermoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2023-yil 24 – 25-oktyabr kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chogʻida “Visage Electric” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Anvar Abduqayumov bilan suhbatlashgan, oʻshanda tadbirkor davlatimiz rahbariga Qashqadaryoda ham oʻzining yangi korxonalarini ochishini vaʼda qilgan edi.
Shundan soʻng tadbirkorga Qarshi shahrining Xontepa va Navo mahallalari hududidan 1,6 gektar yer maydoni ajratib berildi. Natijada bu yerda qisqa muddat ichida yiliga 300 tonna oʻyinchoq ishlab chiqarish quvvatiga ega yirik zavod barpo etilib, ishga tushirildi.
— Hozirgi kunga qadar ushbu korxonani barpo etish va ishlab chiqarish faoliyatini yoʻlga qoʻyish uchun oʻz imkoniyatlarimizdan kelib chiqqan holda 50 milliard soʻm sarmoya kiritdik, — deydi “Visage Electric” MCHJ taʼsischisi Anvar Abduqayumov. — Bu hali loyihamizning bir qismi. Kelgusi yil shu korxonaning yonidan ikkinchi ishlab chiqarish majmuamizni ham qurib, yana bir yangi liniyani ishga tushiramiz. Chunki ushbu loyiha boʻyicha rejalarimiz juda katta. Qarshiga Polsha, Germaniya va Yevropaning boshqa mamlakatlaridan hamkorlarni jalb etib, bu yerda ishlab chiqarilgan oʻyinchoqlarni dunyoning koʻplab davlatlariga eksport qilish rejalari ustida ishlamoqdamiz.
Eʼtiborli tomoni, mazkur korxonaning ish boshlashi natijasida hududdagi 205 nafar kishining doimiy ish bilan bandligi taʼminlandi. Ular orasida Gʻuzor tumanida yashovchi Muhriddin Amirov ham bor.
— Shu vaqtga qadar ishsiz, asosan kundalik ishlarni bajarib, roʻzgʻor tebratib kelayotgan edim, — deydi u. — Qarshi shahrida yangi qurilgan oʻyinchoq zavodi ish taklif qilayotganidan xabar topib, zavod mutasaddilariga uchrashdim. Ular dastlab men bilan suhbatlashib, soʻng shart-sharoitlar bilan tanishtirdi. Bajariladigan ish ham, moliyaviy tomonlari ham menga maʼqul keldi. Shu bois shartnoma tuzib, ishni boshlab yubordim.
Ayni paytda MCHJning Toshkent shahridagi korxonalarida ishlab, tajriba toʻplagan bir nechta xodim mahalliy ishchilarga ishlab chiqarishning sir-asrorlari, zamonaviy texnologiyalarni boshqarishni oʻrgatishmoqda. Yangi xodimlar bu borada barcha bilim va koʻnikmalarni egallagach, mustaqil ravishda ishga kirishishadi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- “100 milliondan ortiq gullar, modalar haftaligi hamda turfa taomlar taqdimoti”: Namanganda oʻtkazilayotgan 64-Xalqaro gullar festivalidan video va fotoreportaj
- Oʻzbekiston tarixida ilk bor mundial yoʻllanmasini qoʻlga kiritgan milliy terma jamoamiz Toshkentga qaytib keldi — Fotoreportaj
- Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi Isroil–Eron mojarosi yuzasidan bayonot berdi
- “Air India” fojiasidagi tirik qolgan yagona yoʻlovchi hikoyasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring