Qahva hazm jarayonini tezlashtiradimi? Mutaxassis javob berdi

19:39 24 Fevral 2026 Ilm-fan
1345 0

Illyustrativ foto

Qorin toʻyib ovqatlanganidan keyin qahva ichish hazm jarayoniga yordam beradimi? London qirollik kolleji diyetologi Doktor Emili Limingning fikricha, ayrim odamlar uchun bu haqiqatdan ham foydali boʻlishi mumkin, ammo barchaga ham birdek toʻgʻri kelavermaydi.

Mutaxassisning taʼkidlashicha, kofein ichak faoliyatini ragʻbatlantiradi va mushak qisqarishlarini kuchaytiradi. Bu koʻpchilikda ozuqaning hazm tizimi orqali “meʼyoriy surʼatda” harakatlanishiga yordam beradi. Agar hazm jarayoni biroz sust kechayotgan boʻlsa, bu ijobiy taʼsir koʻrsatishi mumkin. Biroq asabiy ichak sindromi kabi muammosi bor insonlarda aks taʼsir berib, jarayonni haddan tashqari tezlashtirishi va noqulaylik tugʻdirishi ehtimoli bor.

Qahvaning taʼsiri faqat ichak harakati bilan cheklanmaydi. Doimiy ravishda qahva isteʼmol qilish umumiy ichak salomatligi bilan ham bogʻlanmoqda. Tadqiqotlar shuni koʻrsatmoqdaki, muntazam qahva ichuvchilarda hazm va ozuqa moddalarining soʻrilishida ishtirok etuvchi trillionlab mikroorganizmlardan iborat ichak mikrobiomasi tarkibi boshqacharoq boʻladi.

Qahva ovqatlanishimizdagi polifenollar — antioksidant birikmalarning asosiy manbalaridan biri sanaladi va foydali mikroblar aynan shu moddalar bilan oziqlanadi. Shuningdek, u kam miqdorda tola (kletchatka) ham saqlaydi.

Biroq qahvani ichak salomatligi uchun vosita sifatida qoʻllashda vaqt omili muhim. Kofein ayrim odamlarda organizmda 12 soatgacha saqlanib qolishi mumkin va uyqu sifatini buzadi. Mutaxassisning qayd etishicha, yomon uyqu ichak salomatligiga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Uyqusizlik ortidan notoʻgʻri ovqat tanlash odati paydo boʻlishi ham ehtimoldan holi emas, bu esa hazm tizimiga yanada salbiy taʼsir qiladi.

Shu bois, diyetolog kofeinli qahvani tushgacha isteʼmol qilishni, kunning ikkinchi yarmida esa kofeinsiz qahva yoki giyohli choyga oʻtishni tavsiya qiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер