Qadrin topgan qutli Boʻzatov

17:12 03 Noyabr 2025 Jamiyat
276 0

“Boʻzatov” – qoraqalpoq xalqining eng qutli maskani. Yeri unumdor, suvi toza, odamlari sofdil, mirishkor. Bugun bu hududni kezgan kishining Boʻzatov haqidagi tushunchasi oʻzgaradi. Chunki bu yerda yaratilgan sharoitlar shaharnikidan qolishmaydi: koʻp qavatli uylar, savdo majmualari, ming oʻrinli amfiteatr, sport maydoni, Yoshlar markazi, toʻqimachilik korxonasi...

Ilk bor 1979-yilda tashkil etilgan tuman uzoq yillar imkoniyatlardan eʼtiborsiz qolib, 1988-yilda tugatiladi. Toʻqsoninchi yillarning boshiga kelib yana tuman sifatida tuzilib, 2004-yilda Kegeyli tumani tarkibiga qoʻshildi. 2019-yilda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning saʼy-harakatlari bilan tuman yangidan tashkil etildi. Qisqa fursatda Boʻzatov ulkan imkoniyatlar hududi sifatida yangi marralarni zabt etib, katta imkoniyatlar hududiga aylanmoqda.

– Yaqinda davlatimiz rahbari kasaba uyushmalari faollari va faxriylari bilan uchrashuv oʻtkazdi. Ushbu muloqot qoraqalpogʻistonliklar uchun haqiqiy shodiyonaga aylandi, – deydi Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Qoraqalpogʻiston Kengashi raisi Ulugʻbek Jalmenov. – Qoraqalpogʻiston Respublikasining eng chekka ovulida “Boʻzatov” sanatoriysi foydalanishga topshirildi. Aholi quvonchi cheksiz. Yangi sanatoriy nafaqat dam olish, balki sogʻlomlashtirish, maʼnaviy huzur bagʻishlash maskani sifatida ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Loyihaga koʻra, sanatoriy 200 nafar dam oluvchiga bir vaqtning oʻzida xizmat koʻrsata oladi. Yiliga esa 6000 nafar fuqaro suv muolajalari, fizioterapiya va boshqa zamonaviy tibbiy xizmatlar orqali sogʻligini tiklash imkoniga ega. Bu yerda 6 qavatli shinam yotoqxonalar, 2 qavatli davolash markazi, zamonaviy oshxona va madaniy klub, fin va turk hammomlari, yopiq basseyn, shuningdek, oilaviy kottejlar va boshqa infratuzilmalar mavjud. 12,5 gektar maydonni egallab turgan sanatoriyning 6,3 gektari mevali bogʻlar, 4 gektari manzarali va chim daraxtlar ekilgan. Quyosh panellari orqali qayta tiklanuvchi energiya manbalari ham yoʻlga qoʻyilgan. 124 milliard soʻmlik ushbu loyiha 120 nafar mutaxassis uchun doimiy ish oʻrinlarini yaratadi. Bu esa, oʻz navbatida, tuman aholisining turmush farovonligini oshirishga xizmat qiladi.

– Bu sanatoriy xalqimizga orzusidagi dam olish va salomatlikni tiklovchi maskan boʻladi, – deydi boʻzatovlik nuroniy Qudaybergen Tilevriyev. – Shu yaqin yillarda tumanimizda bunday zamonaviy maskanlar qurilishini birov aytsa ishonmasdik. Olti, yetti yil ichida Boʻzatovda keng koʻlamli oʻzgarishlar amalga oshirilmoqda. Yosh avlodning taʼlim olishi, sport bilan shugʻullanishi, aholining bandligini taʼminlash, nuroniylarning dam olishi uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda. Yaqinda Amudaryo ustiga qurilgan koʻprik Qoraqalpogʻistonning shimolida joylashgan 8 ta tuman orasidagi transport qatnovidagi yoʻlning qisqartirib, xalqimizning uzogʻini yaqin qildi.

Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Qoraqalpogʻiston Kengashi tomonidan hozirgi kungacha 11 statsionar turdagi oromgohlarda jami 37 ming 421 nafar bola, 69 ta madaniyat va sport maydonchalarida jami 83 ming 753 nafar bolalar sogʻlomlashtirildi. Bundan tashqari, 12 ming 909 nafar ishchi-xodim yurtimizdagi sanatoriylarga yuborildi. Bir vaqtlari Qoraqalpogʻiston “Shveysariyasi” nomi bilan dong taratgan, keyinchalik eʼtibordan biroz qolib ketgan oʻlkada hozirda qayta hayot joʻsh urmoqda. Yangidan qurilib foydalanishga topshirilayotgan sanatoriy – yurtdoshlarimiz, ayniqsa, nuroniylarning dam olishi va sogʻlomlashtirishda imkoniyatlarni yanada kengaytirishga xizmat qiladi. Qoraqalpogʻistonda yangi, zamonaviy va mahobatli sanatoriy qurilishi – bu Boʻzatovda yangi hayot, yangi nafas, yangi imkoniyatlar boshlanayotganining yana bir isbotidir.

Gʻayrat Otajonov

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?