Qadimiy qoʻrgʻonda teatrlashtirilgan tomoshalar namoyish etilmoqda

09:59 13 Noyabr 2020 Madaniyat
1413 0

Juda boy tarixga ega xalqmiz. Undan aholi, xususan yoshlarni va xorijiy mehmonlarni xabardor qilish — burchimiz. Buxoroda shu ishni bajarishning oqilona yoʻlini topishdi. Viloyat hokimligi, madaniyat boshqarmasi, musiqali drama teatri va boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan hamkorlikda “BUKHARA ART TURIZM” teatr truppasiga asos solindi.

Iqtidorli, izlanuvchan ijodkorlardan iborat jamoa qadimiy qoʻrgʻonda “Arki oliyda Amir Olimxon qabuli” deb nomlangan adabiy-badiiy, teatrlashtirilgan tomosha namoyishini boshladi. Tomosha uchun tarixiy ahamiyatini yoʻqotmagan shu goʻshaning tanlangani bejiz emas. Buxoro amirlari aynan Arkda yaqin-yiroqdan kelgan elchilarni qabul qilishgan, oʻzaro savdo-sotiq, madaniy aloqalarni mustahkamlashga oid kelishuvlarga erishilgan. Bu goʻsha milliy urf-odatlar, anʼanalar, qadriyatlarni namoyish etadigan maskan vazifasini ham oʻtagan.

Tomoshani kuzatgan kishi oʻzini beixtiyor oʻsha davrga tushib qolgandek his etadi. Xalqlar, elatlararo totuvlik dunyo uchun naqadar muhimligini idrok qiladi. Sahna koʻrinishlari uchun yuzdan ziyod libos, turli dekoratsiya va atributlar tayyorlangani amirlik davri ruhini berishda asqatgan.

Teatrlashtirilgan tomosha shahar mehmonlarining Buxoroga boʻlgan qiziqishlarini oshiradi, sayyohlik rivojiga hissa qoʻshadi.

Istam IBROHIMOV,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер