Qadamlarimiz – odamlar hayotini oʻzgartiruvchi kuch
Prezidentimizning hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida oʻtkazadigan har bir yigʻilishi — bu oddiy hisobot emas, balki hududlar taqdiri, uning ertangi kuni va butun mamlakat taraqqiyotidagi oʻrnini belgilab beruvchi muhim siyosiy voqeadir. 24-dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻtgan yigʻilish ham aynan shunday mazmun va mohiyatga ega boʻldi.
Davlat rahbari, avvalo, soʻnggi yillarda Surxondaryoda amalga oshirilgan islohotlarning natijalarini ochiq va xolis baholadi. Sakkiz yil ichida viloyatga 3 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb etilgani, 4 mingta sanoat korxonasi ish boshlagani, sanoat ishlab chiqarish hajmining ikki barobarga oʻsib, joriy yilda 17,2 trillion soʻmga yetishi kutilayotgani borasidagi raqamlar ortida ishbilarmonlik muhiti yaxshilangani, infratuzilma rivojlangani va hudud iqtisodiyotida yangi nafas paydo boʻlgani namoyon boʻladi.
Ayniqsa, kambagʻallikni qisqartirish borasida qoʻlga kiritilgan natijalar alohida eʼtirofga loyiq. Bir yil ichida 126 ming oilaning kambagʻallikdan chiqarilishi ijtimoiy siyosatning manzilli va samarali olib borilayotganidan dalolatdir. Kambagʻallik darajasining 5,6 foizgacha pasayishi esa aholining daromad manbalari kengayayotgani, yangi ish oʻrinlari yaratilayotgani bilan bevosita bogʻliq.
Ijtimoiy sohada eng muhim yutuqlardan biri aynan muhtaram Yurtboshimizning tashabbusi bilan viloyatdagi ichimlik suv masalasi borasida amalga oshirilayotgan tashabbuslardir. “Toʻpalang” suv omboridan quvur tortilishi orqali 2 million aholining suv taʼminoti toʻliq taʼminlandi. Ayniqsa, ushbu toza suvdan Termiz shahar aholisi ham toʻliq bahramand boʻlish baxtiga muyassar boʻlgani Yangi yil bayramiga zoʻr tuhfa boʻldi. Bu nafaqat turmush sifati, balki aholi salomatligi va kelajak taraqqiyot uchun mustahkam poydevor demakdir.
Qishloq xoʻjaligida amalga oshirilayotgan islohotlar Surxondaryoning anʼanaviy imkoniyatlarini zamonaviy yondashuv bilan uygʻunlashtirayotganini koʻrsatmoqda. Yer maydonlari qisqarganiga qaramay, paxta va gʻalla hosildorligining keskin oshishi intensiv texnologiyalar, ilmiy yondashuv va xorij tajribasining toʻgʻri joriy etilayotganidan dalolatdir. Sabzavotchilikda intensiv usullarning kengayishi, pillachilik, chorvachilik va parrandachilikda yuqori koʻrsatkichlarga erishilgani viloyat agrar salohiyatining toʻliq ochilayotganini koʻrsatadi.
Shaharsozlik va qurilish sohasidagi oʻsish esa viloyat hayotiga yangi sifat olib kirmoqda. “Yangi Oʻzbekiston” massivlari, ayniqsa Termiz tumanidagi Yangiobod loyihasi Surxondaryoning kelajak shaharsozlik qiyofasini belgilab bermoqda. Bu yerda faqat uy-joylar emas, balki maktab, bogʻcha, poliklinika, madaniy va ishlab chiqarish hududlari bir butun tizim sifatida barpo etilmoqda.
Biroq Prezident yigʻilishida faqat yutuqlar emas, balki hal qilinishi shart boʻlgan muammolar ham ochiq-oydin koʻtarildi. Davlat rahbari Surxondaryoning boy tabiiy resurslarga ega boʻlishiga qaramay, sanoat ishlab chiqarish hajmi qator viloyatlardan ortda qolayotganini qatʼiy tanqid qildi. 600 milliard dollarga baholangan qazilma boyliklar zaxirasining hatto 10 foizi ham ishga solinmagani — bu masʼullar oldida turgan eng katta vazifalardan biridir.
Shu bois, kelgusi yilda 114 ta kon zaxirasi asosida 3,2 milliard dollarlik 91 ta loyihani amalga oshirish, drayver infratuzilmalarga 175 milliard soʻm ajratish orqali minglab ish oʻrinlari yaratish vazifasi qoʻyildi. Bu qarorlar Surxondaryoni sanoatlashtirishda yangi bosqichni boshlab beradi.
Turizm sohasidagi tanqidlar ham chuqur maʼno kasb etadi. Darhaqiqat, viloyatning turistik imkoniyatlaridan toʻliq foydalanilmayotgani, 4–5 yulduzli va brend mehmonxonalarning yoʻqligi sohada tizimli yondashuv talab etilishini koʻrsatadi. Yangi turizm yoʻnalishlari va infratuzilmalar yaratilishi mahalliy aholi uchun ham yangi ish oʻrinlari, ham barqaror daromad manbai boʻladi.
Prezident yigʻilishi Surxondaryo uchun aniq yoʻl xaritasini belgilab berdi. Endi ushbu vazifalarning hayotga tatbiq etilishi, avvalo, mahalliy boshqaruv organlari va xalq deputatlari zimmasida. Xalq deputatlari Surxondaryo viloyat Kengashi Prezident tomonidan belgilab berilgan har bir vazifaning ijrosini qatʼiy nazoratga oladi. Bir soʻz bilan aytganda, islohotlarning joylarda oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishida, biz, deputatlar ham oʻzimizni masʼul deb bilamiz.
Kuni kecha xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining 17-sessiyasida Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosi atroflicha muhokama qilinib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish va kelgusidagi aniq chora-tadbirlar belgilab olindi. Bundan keyin ham viloyat sessiyalarida hudud salohiyatini toʻliq ishga solish, investitsiyalarni jalb etish, yangi ish oʻrinlarini yaratish, aholi daromadlarini oshirish hamda har bir surxondaryolik oʻz hayotida islohotlar natijasini amalda his etishiga xizmat qiladigan dolzarb masalalarni izchil ravishda koʻtarib chiqamiz.
Chunki bizning asosiy maqsadimiz — Surxondaryoning taraqqiyotini raqamlarda emas, balki odamlar hayotidagi ijobiy oʻzgarishlarda namoyon etishdir. Zero, Surxondaryo bugun islohotlar va imkoniyatlar ostonasida turibdi. Endi bu imkoniyatlarni amaliy natijaga aylantirish barchamizning umumiy masʼuliyatimizdir.
Abduraim CHORIYEV,
Xalq deputatlari Surxondaryo viloyat Kengashi raisi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻrta Osiyodagi eng baland yangi yil archasi — Namanganda
- Nilufardan Qobiljongacha... Qobuljon Rossiyada etnik nafrat tufayli vahshiylarcha oʻldirilgan birinchi bola emas
- Oʻzbekistonda YTT va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar QR-kodsiz faoliyat yuritsa jarimaga tortiladi
- Yaldo tuni: Yerliklar bugun eng uzun tun va eng qisqa kunga guvoh boʻladi
- Hokim yordamchisi kimga yordamchi?
- Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot sovrindorlari maʼlum boʻldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring