“Pungon—Namangan” avtomobil yoʻli rekonstruksiya qilinmoqda

12:07 05 Avgust 2024 Jamiyat
337 0

Qudratilla Najmiddinov/“Xalq soʻzi”. Namangan viloyati yoʻlsozlik sohasida yirik loyiha ijrosiga start berildi. Poytaxtni Fargʻona vodiysi bilan bogʻlovchi magistralning “Pungon—Namangan” avtomobil yoʻli 75 kilometrlik qismida rekonstruksiya ishlari olib boriladi. Umumiy qiymati 368 million dollarga teng loyiha Xitoy Xalq Respublikasining “Citic construktion CO. LTD” kompaniyasi tomonidan “moliyalashtirish+loyihalashtirish+qurilish” tamoyilida amalga oshirilmoqda.

— Pop, Chust, Toʻraqoʻrgʻon tumanlari va Namangan shahrining kirish qismigacha choʻzilgan ushbu ikki tasmali avtomobil yoʻlining transport vositalarini oʻtkazish imkoniyati hozirga kelib ancha cheklanib qolgan edi, — deydi viloyat avtomobil yoʻllari bosh boshqarmasi boshligʻi Baxtiyor Nurmatov. — Mukammal ishlab chiqilgan loyihaga koʻra, u zamonaviy trassaga aylanadi. Birinchi navbatda, butun masofaga hozirgi asfalt beton qoplama oʻrniga sement beton qoplama yotqizilib, toʻrt tasmaliga aylantiriladi. Bu bilan yoʻlning yuk koʻtarish qobiliyati 13 tonnaga yetkaziladi.

Aytish lozimki, rekonstruksiya tadbirlarida yoʻlning harakat qismini 25 metrga kengaytirish bilan transport vositalari kunlik oʻtish jadalligini hozirgi 21 mingtadan 40 mingga yetkazish koʻzda tutilgan. Bundan tashqari, 14 ta koʻprik qayta qurilib, bir qator zamonaviy yoʻl boʻyi infratuzilma inshootlari ham barpo etiladi.

Loyiha ijrosi 2024-2028-yillarga moʻljallangan boʻlib, rekonstruksiya ishlari soha boʻyicha toʻplangan xalqaro tajribalarni keng qoʻllangan holda roʻyobga chiqariladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер