Prezident Shavkat Mirziyoyev AQSH Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi bosh direktori Ben Blekni qabul qildi

23:46 06 Noyabr 2025 Siyosat
397 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Vashington shahriga tashrifining ishbilarmonlik dasturi doirasida 6-noyabr kuni AQSH Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi (DFC) bosh direktori Ben Blekni qabul qildi.

DFC – AQSHning milliy rivojlanish instituti boʻlib, rivojlanayotgan mamlakatlarda infratuzilma va sanoat loyihalarini amalga oshirish uchun xususiy kapitalni safarbar qilish bilan shugʻullanadi.

Uchrashuvda oliy darajadagi faol muloqotlar va savdo-investitsiyaviy hamkorlik kengayib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Energetika, muhim minerallar, moliya, transport, qishloq xoʻjaligi va AT sohalarida yirik qoʻshma tashabbuslar ishlab chiqilmoqda.

Amaliy sheriklikni chuqurlashtirishga alohida eʼtibor qaratildi. Ustuvor loyihalarni moliyalashtirish uchun qoʻshma investitsiya platformasini yaratishni jadallashtirish, kichik biznesni qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, Toshkent shahrida korporatsiyaning mintaqaviy ofisini ochish boʻyicha aniq chora-tadbirlar koʻrib chiqildi.

Davlatimiz rahbari korporatsiyaning infratuzilma loyihalarini amalga oshirishda davlat-xususiy sheriklik asosida ishtirok etishi muhimligini taʼkidladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?