“Portlash emas, sizib chiqish”: Qoʻqonda nima gaplar?

00:30 17 May 2025 Jamiyat
268 0

Fargʻona viloyatining Qoʻqon shahrida joylashgan “Indorama Kokand Fertilizers & Chemicals” zavodida yuzaga kelgan holat boʻyicha rasmiy izoh berildi. Ijtimoiy tarmoqlarda zavodda portlash yuz bergani haqida xabarlar tarqalgan edi. Mazkur xabarlarga aniqlik kiritilar ekan, voqea portlash emas, balki suyuq ammiak moddasi sizib chiqishi bilan bogʻliq ekani maʼlum qilindi.

Zavod maʼmuriyati tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlarga koʻra, suyuq ammiak moddasini vagondan zavoddagi maxsus idishga oʻtkazish jarayonida texnik nosozlik yuzaga kelgan. Shlang yorilishi oqibatida taxminan 10 foiz miqdordagi ammiak moddasining atrofga sizib chiqishi kuzatilgan. Bu holat zavod hududida boʻlib oʻtgan boʻlsada, darhol tegishli xizmatlar hodisa joyiga yetib borib, xavfsizlik choralarini koʻrgan.

Mazkur holat yuzasidan Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari, Ichki ishlar boʻlimi va Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimlari zudlik bilan voqea joyiga jalb etilgan. Barcha zavod ishchilari va atrofdagi fuqarolar zudlik bilan xavfsiz joyga evakuatsiya qilingan. Zavodga olib boradigan yoʻllar vaqtincha yopilib, hudud toʻliq nazorat ostiga olingan.

Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, taxminan 10 nafar fuqaro oʻzini yomon his qilgani bois tez tibbiy yordamga murojaat qilgan. Tibbiy brigadalar tomonidan zarur yordam koʻrsatilgan va ularning hayoti xavf ostida emasligi bildirilmoqda. Mutasaddi tashkilotlar hodisani toʻliq bartaraf etganini hamda holat huquqni muhofaza qiluvchi organlar nazoratida ekanini taʼkidladi.

Rasmiylar aholiga vahimaga berilmaslikni, faqat rasmiy manbalarga asoslangan maʼlumotlarga ishonishni tavsiya etmoqda. Voqeaning sabablari va oqibatlari yuzasidan toʻliq tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер