Polietilen sanoatining lokomotivi

17:42 17 Iyun 2025 Jamiyat
334 0

Jahongir BOYMURODOV/“Xalq soʻzi”. “Shoʻrtangazkimyomajmuasi” masʼuliyati cheklangan jamiyati nafaqat Qashqadaryo viloyati, balki mamlakatimizdagi eng yirik gazni qayta ishlovchi korxonalardan biri hisoblanadi. Taʼkidlash joiz, mustaqillikning ilk yillaridanoq Hukumatimiz tomonidan “Shoʻrtan” gaz konlaridan qazib olinayotgan gazni qayta ishlash va uning tarkibidagi qimmatli xomashyolarni ajratib olish boʻyicha oʻrganishlar olib borildi. Nihoyat 1998-yilda dunyoning bir qator yirik kompaniyalari ishtirokida mazkur majmuani barpo etishga kirishilgandi. Uch yil davom etgan qurilish-taʼmirlash ishlaridan soʻng, yaʼni 2001-yilda yiliga 3,9 milliard kub metr hajmdagi gazni qayta ishlash imkoniga ega ulkan quvvat ishga tushirildi.

Bugungi kunda zavod “Shoʻrtan” gaz konlaridan qazib olingan kam oltingugurtli gazni qayta ishlab, undan tozalangan tabiiy gaz, suyultirilgan gaz, gaz kondensati, oltingugurt, “buten-1”, “etilen” hamda polietilen kabi mahsulotlarni ajratib oladi. Mazkur zavodni barpo etishdan koʻzlangan asosiy maqsad mamlakatimiz bozorida talab oʻta yuqori boʻlgan polietilen granulalari ishlab chiqarish edi. Bugungi kunda ham bu yoʻnalish korxonaning asosiy drayveri boʻlib kelmoqda. “Shoʻrtan gaz kimyo majmuasi” MCHJ tashabbusi bilan tashkil etilgan press-turda OAV xodimlariga shu haqda keng maʼlumot berildi.

— Ayni paytda korxonamizda yiliga 125 ming tonnadan ortiq bir necha xil markadagi polietilen granulalari ishlab chiqarilmoqda, — deydi “Shoʻrtan gaz kimyo majmuasi” MCHJ rahbari Shuhrat Aslanov. — Xom ashyoga jahon bozorida ham talab katta, biroq biz uni faqat ichki bozorga yetkazib beryapmiz. Chunki bu mahsulot mamlakatimizdagi koʻplab sanoat korxonalari uchun muhim xom ashyo hisoblanadi.

“Shoʻrtan gaz kimyo majmuasi” MCHJning oʻzida ham polietilen granulasidan koʻplab turdagi tayyor mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Polietilen quvurlar va ularning ulovchi qurilmalari, turli hajmdagi polietilen idish va qutilar, tomchilab sugʻorish tizimi detallari, alyumokompozit panellar, elektr kabellari shular jumlasidandir.

Eʼtiborli tomoni, ushbu loyihalar ortidan majmuada 3500 dan ortiq kishining bandligi taʼminlangan. Korxonaning ijtimoiy soha rivojiga qoʻshayotgan hissasi ham yildan yilga ortib bormoqda.

Press-tur davomida OAV xodimlari korxonaning ishlab chiqarish liniyalari faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Ularga soʻnggi yillarda korxonada olib borilgan texnologik yangilanishlar, galdagi rejalar, yangi loyihalar haqida keng maʼlumot berildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?