Pirotexnika buyumlarining qonunga xilof muomalasi bilan bogʻliq maʼmuriy javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda

12:19 10 Iyul 2024 Siyosat
331 0

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”

Senatning 54-yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga pirotexnika buyumlarining qonunga xilof muomalasi uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan oʻzgartirishlar kiritish haqida”gi Qonun koʻrib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda huquqbuzarliklar profilaktikasi, shu jumladan pirotexnika buyumlari qonunga xilof muomalasining oldini olish boʻyicha tadbirlar samaradorligini oshirishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, 2021–2023-yillarda 239 ta holatda mamlakatimiz hududiga qiymati qariyb 2 mlrd soʻmlik 300 mingdan ortiq pirotexnika buyumlarini noqonuniy olib kirish holatlarining oldi olingan.

Shu bilan birga fuqarolarning hayoti va sogʻligʻini, jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulkini muhofaza qilish boʻyicha chora-tadbirlarni yanada kuchaytirish maqsadida pirotexnika buyumlarining qonunga xilof muomalasi bilan bogʻliq maʼmuriy javobgarlik choralarini kuchaytirish zaruriyati yuzaga kelmoqda.

Ushbu Qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga pirotexnika buyumlarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarganlik, tayyorlaganlik, saqlaganlik, tashiganlik, joʻnatganlik va Oʻzbekiston Respublikasidan olib chiqqanlik, shuningdek pirotexnika buyumlarini qonunga xilof ravishda oʻtkazganlik yoki Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirganlik uchun mazkur huquqbuzarliklarning ijtimoiy xavflilik xususiyati va darajasidan kelib chiqqan holda javobgarlik choralari kuchaytirilishini nazarda tutuvchi oʻzgartirishlar kiritilmoqda.

Qayd etilganidek, Oliy Majlis Senati ham pirotexnika buyumlarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish, saqlash, ulardan foydalanish, xuddi shuningdek, ularni qonunga xilof ravishda mamlakatimizga olib kirish yoki oʻtkazish bilan bogʻliq salbiy holatlarni oldini olish yuzasidan doimiy shugʻullanib kelmoqda.

Jumladan, Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi tomonidan ushbu salbiy holatlarni oldini olish boʻyicha masʼul tuzilmalarga senator soʻrovi ham yuborilib, tegishli javoblar olingan. Qoʻmita tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlariga mamlakatimiz hududlariga qoʻshni davlatlardan chegarani buzgan holda pirotexnika vositalarini olib oʻtish holatlarini oldini olish boʻyicha profilaktik tadbirlarni yanada kuchaytirish lozimligi yuzasidan tavsiyalar yuborilgan.

Senat yalpi majlisida muhokama qilingan Qonunga kiritilayotgan

yangi normalar bugungi kunda olib borilgan hamkorlikdagi umumiy

saʼy-harakatlarning amaliy natijasidir.

Qonunning maʼqullanishi jamoat xavfsizligini taʼminlash va pirotexnika buyumlarining qonunga xilof muomalasi hollarining oldini olish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Muhokamalardan soʻng Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер