Peter Pellegrini: taʼlim hayot va jamiyatni oʻzgartira oladi
Samarqand shahrida YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi tadbirlari davom etmoqda. Navbatdagi yalpi majlisda yurtimizda amaliy tashrif bilan boʻlib turgan Slovakiya Respublikasi Prezidenti Peter Pellegrini ishtirok etib, soʻzga chiqdi.
— Bugun biz dunyo oʻzgarib borayotgan bir paytda madaniyatlar chorrahasida joylashgan tarixiy Samarqand shahrida uchrashib turibmiz. Anʼana va qadriyatlar yoʻqolib bormoqda, global tartibning asosi boʻlgan xalqaro huquq tazyiq ostida, — deydi Peter Pellegrini. — Bunday vaziyatda YUNESKO qadriyatlarni asrab-avaylab, bugungi hayot va amaliyot bilan bogʻlaydigan noyob platforma boʻlib qolmoqda. Ayni paytda davlatlar uchun koʻp tomonlama hamkorlik hashamat yoki qudrat emas, balki zarurat ekanligi yaqqol namoyon boʻlmoqda.
Sobiq taʼlim vaziri sifatida taʼlim dunyodagi barcha xalqlar uchun tinchlikka eltuvchi yoʻl ekanligini taʼkidlamoqchiman. U nafaqat bilim, balki hurmat, bagʻrikenglik, xayrixohlikni oʻrgatadi. Taʼlimsiz tinchlik, tinchliksiz taraqqiyot yoʻq. Shuning uchun ham Slovakiya YUNESKOning yangi — “Tinchlik uchun taʼlim” dasturini qoʻllab-quvvatlaydi. Bu asl gʻoyani qayta tiklaydi. Taʼlim hayot va jamiyatni oʻzgartira oladi, u shunchaki siyosat emas, balki tinchlik va inson ruhiyatiga qoʻyilgan sarmoyadir.
Biz tizimni yanada inklyuziv, ijodiy va kelajakka yoʻnaltirilgan tarzda isloh qilmoqchimiz. Biz oʻqituvchilarni tayyorlaymiz va yoshlar kelajakka ishonch bilan qarashlari uchun raqamli koʻnikmalarni rivojlantirishga eʼtibor qaratamiz. Shu maqsadda noyabr oyi oxirida poytaxtimiz Bratislavada iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti bilan hamkorlikda taʼlim va sunʼiy intellekt boʻyicha global forum oʻtkazmoqchimiz. Unda sunʼiy intellekt boʻyicha fikr almashamiz. Nazarimizda bugun sunʼiy intellektga imkoniyat, shu bilan birga muammo sifatida baho berish lozim. Bu borada YUNESKOning sunʼiy intellektni maktab va jamiyatda qoʻllash hamda ushbu yoʻnalishda aniq axloqiy qadriyatlarni ishlab chiqish boʻyicha tashabbuslarini maʼqullaymiz.
Sessiyaning bugungi tadbirlari rang-barang. Undan kunning ikkinchi yarmida taʼlim boʻyicha vazirlar darajasidagi yigʻilish ham oʻrin olgan.
Abdulaziz YOʻLDOSHEV
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekiston Prezidenti va xalqiga Yangi yil bayrami munosabati bilan samimiy qutlovlar kelmoqda
- Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston xalqiga Yangi yil tabrigi
- Oʻzbekistonning Gʻazodagi vaziyatga nisbatan hozirgi aniq pozitsiyasi qandayligi aytildi
- Erkinjon Turdimov: “Muammo binoda emas, muammo rahbar va uning ish uslubida”
- “Oʻzbekiston –2030” strategiyasining yangi tahrirdagi loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qoʻyiladi
- Oʻzbekistonga nechta davlatdan turistlar kelayotgani ochiqlandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring