Isroil Gʻazo sektorida yangi harbiy operatsiya oʻtkazishi mumkin

10:11 12 Yanvar 2026 Dunyo
175 0

Isroil mudofaa armiyasi (SAXAL) Gʻazo sektorining HAMAS nazoratidagi hududlarida yangi quruqlikdagi harbiy operatsiya oʻtkazish rejalarini ishlab chiqqan. Bu haqda The Times of Israel nashri xabar bermoqda.

Nashr manbalarining maʼlum qilishicha, gap Gʻazo shahriga qarshi hujum haqida bormoqda. Ushbu operatsiyaning maqsadi oʻt ochishni toʻxtatish boʻyicha demarkatsiya chizigʻini gʻarb tomonga surishdan iborat. Bu esa SAXALga hudud ustidan nazoratni yanada kengaytirish imkonini beradi.

Operatsiyani mart oyida oʻtkazish rejalashtirilmoqda. Shu bilan birga, manbalarning taʼkidlashicha, AQSH qoʻllab-quvvatlamas ekan, bu operatsiyani amalga oshirish imkoni boʻlmaydi. Ayni paytda AQSH oʻt ochishni toʻxtatish boʻyicha kelishuvning ikkinchi bosqichiga oʻtishga harakat qilmoqda, u esa HAMASni qurolsizlantirishni ham oʻz ichiga oladi.

Xorijiy nashrlar qayd etishicha, HAMAS qurolsizlanishdan bosh tortmoqda. Falastin harakati oʻz harbiy salohiyatini tiklashga eʼtibor qaratmoqda.

Ayni vaqtda Isroil qoʻshinlarini Gʻazoga zudlik bilan kiritish boʻyicha aniq rejalar yoʻq. Yahudiy davlati AQSH rejasining ilgari surilishi uchun maʼlum vaqt berishga tayyor ekanini bildirmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?