Peshkuning qadimiy Valfajr qishlogʻida dastlabki davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti ish boshladi

10:59 20 Noyabr 2025 Jamiyat
222 0

Peshku tumanidagi koʻhna Valfajr qishlogʻi tarixida dastlabki davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti oʻz faoliyatini boshladi. Bu shu hamda yon-atrofdagi qishloqlarda yashovchi uch mingdan ziyod aholini xursand qildi, albatta.

— Hududda xususiy bogʻchalar bor, ammo ulardagi qatnov oʻrinlari ehtiyojni qondira olmayotgan edi, — deydi yangi muassasa rahbari Shohida Gʻaniyeva. — Qolaversa, 47-davlat maktabgacha taʼlim tashkilotimiz binosi zamonaviy talablarga mos tarzda qurilgani bilan eʼtiborni tortadi. U qoʻshqavatli, bolajonlarning risoladagidek taʼlim-tarbiya olishlari uchun juda qulay. Davlat va jamoat tashkilotlari, qishloq faollari tomonidan hududda moʻjaz bogʻ barpo etilgani ham ayni muddao boʻldi.

120 oʻringa moʻljallangan muassasa xonalari keng va yorugʻ. Kichkintoylarning miriqib oʻynashlari, mashgʻulotlar orqali maʼlum bir koʻnikmalarga ega boʻlishlari, yurtimizga, ona tabiatga mehr-muhabbat ruhida tarbiyalanishlari uchun havas qilsa arzigulik shart-sharoitlar yaratilgan. Endilikda hamma gap muassasa jamoasining shu qulayliklardan oqilona foydalanishida.

Aytmoqchi, yangi muassasaning ish boshlashi bilan viloyatning chekka hududi sanalgan Peshkuda maktabgacha taʼlim tashkilotlarining soni 194 taga yetdi. Ayni paytda tuman boʻyicha 3–7 yoshli bolajonlarning 93,4 foizi bogʻchalarga qamrab olingan.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер