Pensiyalarning plastik kartaga tushishi qonun hujjatlariga zidmi?
Pensiya va nafaqalarning plastik kartaga tushishiga oid Maxsus komissiyaning kuni kecha qabul qilgan qarori ijtimoiy tarmoqlarda turli bahs-munozaralarga sabab boʻlmoqda.
Shu munosabat bilan ushbu masalaga biroz oydinlik kiritish maqsadga muvofiq.
Nega pensiyalarni plastik kartochkaga tushirishga qaror qilindi?
Maʼlumki, koronavirus pandemiyasi munosabati bilan qator cheklovlar oʻrnatildi, oʻrnatilmoqda. Jumladan, jiddiy zaruratsiz koʻchaga chiqmaslik, “oʻzini yakkalash” hayot tarziga amal qilish talab etilmoqda.
Bunda keksa yoshdagi fuqarolar himoyasiga alohida eʼtibor qaratilib, 65 yoshdan oshgan va surunkali kasalligi boʻlgan fuqarolar oʻz uylaridan jiddiy zaruratsiz tashqariga chiqishi qatʼiyan man etildi. Sababi ushbu toifa insonlar kasallikka tezroq chalinadi va undan tuzalib ketishi qiyin kechadi.
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, virus qogʻoz yuzada (shu jumladan qogʻoz pullarda) 4-5 kun yashaydi. Shuningdek, naqd pullarning muayyan davr mobaynida aholi va tadbirkorlar qoʻlida muomalada yurishi, bitta banknotning qoʻldan-qoʻlga juda koʻp martalab oʻtishini inobatga oladigan boʻlsak, naqd pullar juda aktiv virus tashuvchi boʻla oladi.
Albatta, plastik kartalar ham virus tashuvchi boʻlishi mumkin, chunki plastik yuzada ham virus maʼlum bir muddat yashaydi va kartalar ham qoʻldan qoʻlga oʻtadi. Lekin plastik kartalarga dezinfeksiyalovchi vositalar yordamida ishlov berish mumkin. Bundan tashqari, zamonaviy axborot telekommunikatsiya texnologiyalari rivojlangan bugungi sharoitda koʻplab toʻlovlar va xaridlarni koʻchaga chiqmagan holda kartochkadan pul oʻtkazish yoʻli bilan amalga oshirish imkoniyati mavjud.
Shu sabab, Maxsus komissiya tomonidan pensioner va nafaqaxoʻrlarning salomatligini saqlash maqsadida, respublikadagi epidemiologik holat barqarorlashgunga qadar may oyidan pensiya va nafaqalarni toʻliqligicha plastik kartalarga oʻtkazish chorasini koʻrishga qaror qilindi.
Maxsus komissiya bunday qaror qabul qilishga vakolatlimi?
Maʼlumki, Prezidentning tegishli qarorida 2017-yilning fevral oyidan boshlab barcha turdagi pensiyalarning butun mamlakat hududida hech qanday cheklovlarsiz toʻliq hajmda naqd shaklda berilishi belgilangan.
Bir qarashda Maxsus komissiyaning qarori Prezidentning ushbu qaroriga zidday koʻrinadi. Lekin aslida-chi...
Respublikamizda yanvar oyidayoq, yaʼni virus hali bizda qayd etilmagan paytdayoq, virusning kirib kelishining oldini olish va unga qarshi kurashish boʻyicha Prezidentning tegishli farmoyishiga asosan Maxsus komissiya tashkil etilgan edi.
Ushbu komissiyaning koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash bilan bogʻliq barcha masalalarni muvofiqlashtirishi va zarur hollarda qoʻshimcha kechiktirib boʻlmaydigan tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha qaror qabul qilishi belgilandi.
Yaʼni, butun dunyoga katta talafot keltirayotgan ushbu virus bilan samarali kurashish maqsadida Maxsus komissiyaga Prezident va Hukumat tomonidan shunday vakolatlar berildi.
Shu bilan birga Maxsus komissiyaning pensiyalarni plastik kartaga tushirishga oid qarorida ushbu tadbirlar faqatgina pensioner va nafaqaxoʻrlarning salomatligini saqlash maqsadida hamda respublikadagi epidemiologik holat barqarorlashgunga qadar, yaʼni vaqtincha amalga oshirilayotganligi taʼkidlangan.
Kartadagi pensiya pullari naqdlashtirilganda foizlar olinadimi?
Markaziy bankning bergan maʼlumotlariga koʻra, Xalq banki bankomatlaridan mablagʻlarni naqdlashtirish bepul amalga oshiriladi. Respublikada mavjud bankomatlarning esa asosiy qismini Xalq banki bankomatlari tashkil qiladi.
Shu bilan birga, kuni kecha boʻlib oʻtgan onlayn-brifingda Markaziy bank rahbariyati tomonidan boshqa banklarning bankomatlari orqali ham pensionerlarning kartalaridagi pullarni naqdlashtirishda komissiya toʻlovining undirilmasligi yoki ushbu toʻlovning qisqartirilishi boʻyicha texnik imkoniyatlar oʻrganilayotganligi maʼlum qilindi.
Maʼlumot oʻrnida: Maxsus komissiyaning yuqoridagi qarori bilan, tegishli tashkilotlarga barcha hududlarni naqd pul olish imkonini beruvchi bankomatlar bilan hamda ularni naqd pul bilan taʼminlash boʻyicha topshiriq berildi.
Dilorom Ibragimova,
Adliya vazirligi masʼul xodimi
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Abduqodir Husanov yana bir bor “Real Madrid”ga qarshi oʻynaydi
- Oʻzbekistonning 7 ta moddiy va nomoddiy madaniy meros obyektlari AYSESKO roʻyxatiga kiritildi
- Bolalar saratoniga qarshi kurash: xalqaro hamkorlikdagi muhim qadam
- Superliganing 2026-yilgi mavsumi boshlanmoqda
- Har burchagida tarix yashiringan shahar — Londondan fotoreportaj
- Dzyudo boʻyicha Toshkent “Katta dubulgʻa” musobaqasi boshlandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring