Oʻzbekistonning bir guruh faol yoshlari Andijonda jamlandilar

22:16 20 May 2021 Madaniyat
889 0

Respublikamizda yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, taʼlim olishlari, iqtidorini namoyish qilishlari, boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etishlari, ijtimoiy foydali mehnat bilan shugʻullanishlari uchun barcha sharoit yaratilgan. Bugun Andijon viloyatida start olgan respublika “Yoshlar forumi” bu boradagi amaliy ishlar jumlasidandir.

Respublikamizning barcha hududlaridan tashrif buyurgan 200 nafarga yaqin faol yoshlar Andijon viloyatiga tashrif buyurdilar. Ular hududda maktab bitiruvchilari va 30 yoshgacha boʻlgan yigit-qizlarning bandligini taʼminlash hamda kasb-hunarga yoʻnaltirishning “Andijon viloyati tajribasi” bilan tanishadilar.

— Andijonga tashrifimiz dastavvalida Z. M. Bobur haykali poyiga gullar qoʻydik, — deydi tadbir ishtirokchisi Boburjon Saidov. — Shu lahzada qanchalar buyuk zotlar avlodi ekanligimizdan faxrlandim. Bugungi kun yoshlari ajdodlarimizga munosib boʻlmogʻimiz, ularning izidan borib, Vatanimiz uchun koʻplab xayrli ishlarni amalga oshirmogʻimiz kerak. Andijon viloyatida boʻlayotgan tadbir bu boradagi loyihalarimizni yana-da mustahkamlashga xizmat qiladi.

Anjuman ishtirokchilari bugun Xonobod shahrida bir qancha tadbirlarga jalb etildilar. Jumladan, respublikamizning gastronomik mahorat va koʻcha sport mashqlariga oid bellashuvlarda faol ishtirok etdilar. “Doʻstlik gulxani” atrofidagi muloqot ularni yana-da birlashtirib, oʻzaro tajriba almashish imkonini yaratdi.

“Yoshlar forumi” viloyatning har bir shahar va tumanlaridagi 64 ta sektorlarda madaniy va sport tadbirlari shaklida boʻlib oʻtmoqda. Tadbir uch kun mobaynida davom etadi. Unda ishtirok etayotgan “Xalq soʻzi” gazetasi ijodiy jamoasi tadbir tafsilotlari bilan tanishtirishda davom etadilar.

Saminjon HUSANOV,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер