Oʻzbekistonga olib kelingan vaksinalar xavfsizmi?

15:30 28 Mart 2021 Jamiyat
1325 0

Ushbu savolga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor Gʻaniyev quyidagicha javob berdi:

"Koronavirus xavfidan qutulish, pandemiyadan avvalgi iqtisodiy faollikka erishish uchun yil oxirigacha 18 yoshdan katta aholining kamida yarmini emlashga erishishimiz kerak.

Toʻgʻri bu oson boʻlmaydi. Chunki birinchi navbatda, dunyo rivojlangan davlatlari oʻrtasida vaksina talash boʻlayotgan bir paytda yetarli quvvatdagi vaksinalar olib kelinishini taʼminlash oʻzi eng katta muammo.

Bundan tashqari bugunga kelib vaksinaning ijobiy hamda salbiy jihatlari bilan bogʻliq turli xil asossiz va soxta axborotlar ham juda koʻpayib ketdi. Qolaversa, odamlarimiz orasida koʻpchilik nafaqat vaksinaga, balki koronavirusni borligiga shubha bilan qaraydi. Shuning uchun xalqimizga emlash boʻyicha toʻgʻri va asosli maʼlumotlarni yetkazish, targʻibotni toʻgʻri yoʻlga qoʻyish talab etiladi.

Lekin inson bir narsani targʻib qila olishi uchun unga avvalo oʻzi ishonishi, oʻzi sinovdan oʻtkazishi kerak. Shu bois, Oʻzbekistonga olib kelinayotgan vaksina xavfsiz va ishonchligiga amin boʻlish uchun oʻtgan oy men ham koʻngilli tarzda ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi bilan emlandim. Qolaversa, u qariyb 7 mingta yurtdoshimizda muvaffaqiyatli sinovdan oʻtkazildi.

Mamlakat aholisini ommaviy emlashda ishlatiladigan yana bir vaksina bu AstraZeneca boʻlib, hozirga qadar bu vaksina bilan dunyo boʻylab 50 millionga yaqin odam (asosan Yevropa aholisi) emlandi. Ular orasida mashhur insonlardan tortib mamlakat siyosiy rahbarlarigacha bor.

Misol uchun, Angliya qirolichasi Elizabetta II, Britaniya bosh vaziri Boris Jonson, Janubiy oreya prezidenti Mun Chje Inlar ham aynan AstraZeneca vaksinasi bilan emlandi.

Shu kunlarda aynan shu vaksinani talashib, Yevropa Ittifoqi va Britaniya oʻrtasiga sovuqchilik tushmoqda, Hindiston ham oʻzida ishlab chiqarilayotgan AstraZeneca vaksinalar eksportini vaqtincha toʻxtatib qoʻyishi haqida xabarlar berilmoqda. Bu bir tomondan vaksina ishonchli va talabgor ekanligini tasdiqlasa, boshqa tomondan biz kabi davlatlarga oʻz aholisini vaksina bilan taʼminlash imkoniyatini yana-da qiyinlashtiradi.

Yuqoridagi misol va raqamlardan koʻrinib turibdiki, aholimizni emlashda foydalanishi rejalashtirilayotgan har ikkala vaksina turi ham yetarlicha sinovlardan oʻtkazilib, millionlab odamlar tomonidan muvaffaqiyatli qabul qilingan.

Umid qilamanki, vaksina bilan emlanish taklif qilingan yurtdoshlarimiz hech ikkilanmay vaksinalarni qabul qiladilar hamda xalqimizda ommaviy immunitetni shakllantirishda oʻz hissalarini qoʻshadilar".

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер