Oʻzbekistonga xorijdan pul oʻtkazmalari hajmi 3,5 milliard dollarga oshdi

13:05 14 Dekabr 2025 Iqtisodiyot
334 0

Oʻzbekistonga xorijdan kelgan pul oʻtkazmalari hajmi 2025-yilning 11 oyida 17,3 milliard dollarni tashkil qildi. Bu haqida Markaziy bankning Ichki valyuta bozori sharhida maʼlum qilindi.

Unda aytilishicha, bu koʻrsatkich oʻtgan yilning yanvar noyabr oylariga nisbatan 25 foizga yoki 3,5 milliard dollarga oshgan.

Xorijiy valyutaga boʻlgan talab 53,7 mlrd AQSH dollarini tashkil etib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 24 foizga ortgan. Shuningdek, taklif hajmi (Markaziy bank operatsiyalarini hisobga olmagan holda) 45,6 mlrd dollarga yetib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 26 foizga oʻsgan.

Yuridik shaxslar tomonidan chet el valyutasiga boʻlgan talab 2025-yilning 11 oyida oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 24 foizga oʻsgan boʻlsa, ular tomonidan valyuta taklifi hajmi 35 foizga oshgan.

Xoʻjalik yurituvchi subyektlarning eksport tushumlari hisobiga shakllanadigan valyuta taklifi ushbu davrda 17 foizga oshib, 16,0 mlrd dollarni tashkil etgan. Mazkur eksport tushumlarining 8,9 mlrd dollari yoki 55 foizi ichki valyuta bozorida sotildi (oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 19 foiz yoki 1,4 mlrd dollarga koʻp). Shuningdek, ushbu davrda ichki valyuta bozoriga 8,1 mlrd dollarlik valyuta mablagʻlari banklar tomonidan xorijiy kreditlar hisobidan sotilgan. Bu esa oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 63 foiz yoki 3,5 mlrd dollarga koʻpdir.

Yanvar noyabr oylarida importni moliyalashtirish manbalari tarkibida ichki valyuta bozorida sotib olingan mablagʻlar (konvertatsiya) ulushi 64,7 foizni (2024-yilda – 64,9 foiz), xorijiy valyutadagi oʻz mablagʻlari hisobiga importni moliyalashtirish ulushi 24,0 foizni tashkil qilgan.

Sotib olingan xorijiy valyutaning asosiy qismi – 50 foizi ishlab chiqarish uchun asbob-uskunalar, tovarlar va xomashyo importi, 27 foizi – xorijiy valyutadagi kreditlarni soʻndirish, 17 foizi – xalq isteʼmoli tovarlari va dori-darmon mahsulotlari importi, 2 foizi – xorijiy investorlar daromadlarining repatriatsiyasi va qolgan 4 foizi – boshqa maqsadlar uchun xarid qilingan.

Aholi tomonidan tijorat banklariga 19,4 mlrd dollar sotilib, ushbu koʻrsatkich oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 1,3 barobarga oshgan. Shu bilan birga, jismoniy shaxslar tomonidan 10,6 mlrd dollar sotib olinib, ushbu koʻrsatkich oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 25 foizga koʻtarilgan. Jismoniy shaxslar tomonidan xorijiy valyuta taklifi hajmi unga boʻlgan talab hajmidan 8,7 mlrd dollarga ortiq boʻlgan.

2025-yil dekabrigacha pul o'tkazmalari miqdori quyidagicha ko'rinish olgan:

  • yanvar — 1,06 mlrd dollar;
  • fevral — 1,07 mlrd dollar;
  • mart — 1,21 mlrd dollar;
  • aprel — 1,43 mlrd dollar;
  • may — 1,64 mlrd dollar;
  • iyun — 1,78 mlrd dollar;
  • iyul — 1,97 mlrd dollar;
  • avgust — 1,90 mlrd dollar;
  • sentyabr — 1,83 mlrd dollar;
  • oktyabr — 1,86 mlrd dollar;
  • noyabr — 1,48 mlrd dollar.

Mazkur davrda aholining banklarga valyuta sotuvining asosiy manbai boʻlgan xalqaro pul oʻtkazmalari orqali mamlakatimizga 17,3 mlrd dollar miqdorida valyuta mablagʻlari kelib tushgan.

Shuningdek, xalqaro pul oʻtkazmalari orqali mamlakatimizdan 2,4 mlrd dollar miqdorida valyuta mablagʻlari chiqib ketgan boʻlib, ushbu koʻrsatkich 2024-yilning mos davriga nisbatan 157 mln dollarga kamaygan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?