Oʻzbekistondek futbolsevar mamlakatda ishlash katta sharaf va bu oʻz oʻrnida katta masʼuliyat — Fabio Kannavaro

Foto: OʻFA
Oldinroq xabar berganimizdek, Fabio Kannavaro Oʻzbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlandi. Bugun Oʻzbekiston Milliy futbol markazi Kongresslar zalida yangi murabbiy va OAV xodimlari oʻrtasida matbuot anjumani tashkil etildi.
Unda Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov, OʻFA matbuot kotibi Davron Fayziyev, Oʻzbekiston milliy terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi Timur Kapadze va yangi murabbiy Fabio Kannavaro ishtirok etdi.
«Avvalo bildirilgan ishonch uchun minnatdorchilik aytaman. Oʻzbekistondek futbolsevar mamlakatda ishlash katta sharaf va bu oʻz oʻrnida katta masʼuliyat. Faqatgina milliy terma jamoama emas, balki yoshlar, oʻsmirlar jamoalari ham mundialda ishtirok etayotgani — bu Oʻzbekistonda futbolga berilayotgan katta eʼtibor natijasi ekanligi bilinib turibdi. Oʻzbekiston milliy terma jamoasining muvaffaqiyati yoʻlida bor imkoniyatimni ishga solaman.
Bir oy avval bu yerga tashrif buyurdim. Oʻshanda hazil tariqasida ishlashga tayyorligimni aytgandim, bu esa amalga oshdi. Albatta, futbolchilarni ham kuzatdim, lekin mashgʻulotlarda bu yaqqol namoyon boʻladi. Bugun futbolchilar bilan koʻrishdik, ular orasida italyancha gaplashadiganlari ham bor. Murabbiy va futbolchilar kommunikatsiyasi juda muhim. Timur Kapadze bilan ham yigʻinga chaqirilgan futbolchilar borasida gaplashdik. Mahalliy mutaxassislar shtabda boʻlishi tarafdoriman, bu men uchun juda katta yordam beradi. Futbolchilar mentaliteti, mamlakat madaniyatini tez oʻzlashtirish zarur, shu sabab Ravshan Ermatovdan bu haqda oʻzim ham iltimos qildim», dedi Fabio Kannavaro.
Shuningdek, OʻFA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov Kannavaroning maoshi borasidagi mish-mishlar haqida gapirdi:
“Prezidentimizning shaxsan qoʻllab-quvvatlashi natijasida futbolimiz bosqichma-bosqich, tizimli ravishda rivojlanib bormoqda.
Toʻgʻri yoʻlga qoʻyilgan ishlar sababli, azaliy orzumiz — Jahon chempionati yoʻllanmasi qoʻlga kiritildi.
Yangi murabbiy bilan 2+3 koʻrinishida shartnoma imzolandi.
Fabioning maoshi 4 million yevro emas. Uning yarmi ham emas. Tomonlarning kelishuviga koʻra, aniq qancha ekanini ayta olmayman”, deya taʼkidladi u.
Bundan tashqari Davron Fayziyev oldinroq terma jamoamizga murabbiy boʻlishi mumkinligi aytilgan mutaxassislar haqida quyidagilarni qayd etdi:
“Lyov sogʻligi tufayli terma jamoamiz boshqaruviga kelmadi. Pedro bilan muzokaralarni federatsiya toʻxtatdi. Bilich, Terim va boshqa OAVda nomi tilga olingan murabbiylar bilan muzokara oʻtkazilmadi”.
Terma jamoaning sobiq bosh murabbiyi Timur Kapadze esa yil yakuniga qadar milliy jamoaga yordam berishi haqida aytdi:
“Jamoaga omad tilayman. Oʻzbekiston terma jamoalarida 4-yildan ziyod faoliyat olib bordim va oʻylaymanki, uni munosib bajara oldim. Yangi bosh murabbiyga muvaffaqiyat tilayman.
Ushbu va keyingi oʻquv-mashgʻulot yigʻinida jamoaga yordam beraman. Qolganini vaqt koʻrsatadi”.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston milliy terma jamoasining oktyabr oyidagi yigʻini bugundan start olishi belgilangan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Tadbirkorlar yangicha yondashuvlar asosida qoʻllab-quvvatlanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring