Oʻzbekistondan durang, Qirgʻiz Respublikasidan yana gʻalaba

18:58 23 Noyabr 2025 Sport
320 0

Bugun, 23-noyabr kuni Markaziy Osiyo Futbol Assotsiatsiyasi tomonidan oʻtkazilayotgan 18 yoshgacha boʻlgan qizlar oʻrtasidagi “CAFA kubogi” musobaqasining 2-tur oʻyinlari yakunlandi.

Tur doirasida Oʻzbekiston — Tojikiston va Qirgʻiz Respublikasi — Turkmaniston oʻyinlari boʻlib oʻtdi.

Turni boshlab bergan uchrashuvda Viktoriya Sirota boshchiligidagi Oʻzbekiston U18 terma jamoasi turnirdagi ishtirokini boshladi. Dastlabki oʻyin Shahnoza Dekanboyeva sardorligidagi jamoaga Tojikiston termasi raqiblik qildi.

Uchrashuvda “oq boʻrilar” toʻla ustunlikka ega boʻlishdi va bahsda hisob ochilmadi. Oʻyin yakunlangach, Tojikiston terma jamoasi sardori Shahzoda Ochildiyeva uchrashuv qahramoni deb topildi.

Ushbu futbolchi oʻyin yakunida “Xalq soʻzi” nashri muxbiriga kichik intervyu berdi:

— Assalomu alaykum, Shahzoda. Oʻyin haqida fikrlaringizni bildirib oʻtsangiz?

— Assalomu alaykum. Ikkinchi turdan keyin 4 ochko bilan guruhda yetakchi boʻlib turibmiz. Bundan xursandmiz. Tojikiston mamlakati bu vaqtga qadar bunday musobaqalarda natija qayd etib yurgan mamlakat emas. Shu uchun alohida xursandmiz.

— Oʻzbekiston terma jamoasi haqida nima deya bilsangiz?

— Terma jamoangiz judayam kuchli. Bugungi oʻyin ularning ustunligi ostida oʻtganini tan olish kerak. Kelgusi bahslarda Oʻzbekiston U18 terma jamoasiga omad tilayman.

— Oʻyin davomida Tojikiston terma jamoasi vakillari koʻp vaqt choʻzishgandek tuyuldi. Bu haqda nima deyasiz?

— Yoʻq, yoʻq, yoʻq. Biz vaqt choʻzish uchun oʻynamadik. Koʻrgan boʻlsangiz, har bir toʻqnashuvdan soʻng termamiz futbolchilari jarohat olishdi. Bunga koʻproq Oʻzbekiston termasining ancha keskin oʻynagani sabab boʻldi, menimcha. Lekin biz ongli ravishda vaqt choʻzishga oʻynamaganmiz.

Tur doirasida oʻtkazilgan ikkinchi oʻyinda esa Qirgʻiz Respublikasi oʻsmirlari terma jamoasi Turkmaniston bilan kuch sinashdi. Bahs 1:0 hisobida Qirgʻiz Respublikasining gʻalabasi bilan yakunlandi. Oʻyinda kiritilgan yagona golga Saykal Chunuboyeva mualliflik qildi.

Shu tariqa 2 tur yakuniga koʻra, 6 ochko jamgʻargan Qirgʻiz Respublikasi oʻsmirlar terma jamoasi musobaqada yetakchi boʻlib turibdi. 4 ochko jamgʻargan Tojikiston termasi ikkinchi oʻrinda, 1 ochkoga ega Oʻzbekiston U18 terma jamoasi uchinchi oʻrinda bormoqda.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston U18 terma jamoasi keyingi oʻyinini 25-noyabr sanasida oʻtkazadi. Ushbu bahsda Viktoriya Sirota boshchiligidagi jamoaga Turkmaniston oʻsmirlari raqib boʻladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?