Oʻzbekistonda talabalar oʻrtasida mahalla bosh rejasini ishlab chiqish boʻyicha tanlov oʻtkaziladi

16:59 23 Yanvar 2026 Siyosat
339 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident raisligida oʻtayotgan videoselektor yigʻilishida hududlarning bosh rejasini ishlab chiqish uchun Fransiya, Buyuk Britaniya, Ispaniya, Turkiyadan mutaxassislar olib kelinayotgani, ammo oʻzimizdagi 18 ta oliygohda arxitektura yoʻnalishida yiliga 7 mingga yaqin mutaxassis tayyorlanayotgani tanqidiy ruhda qayd etildi.

Hokimlar bitiruvchi talabalarni 903 ta “ogʻir” mahallaning bosh rejasiga jalb qilib, ularni chet ellik mutaxassisga biriktirsa, bu yoshlarimiz uchun ham kasbiy amaliyot, ham tajriba maktabi boʻlishi taʼkidlandi. Talabalar oʻrtasida mahalla bosh rejasini ishlab chiqish boʻyicha tanlov eʼlon qilinadi.

Bunday mahallalarga yangicha qiyofa olib kiradigan eng zoʻr loyihalarni ishlab chiqqan talabalar jamoasiga 100 million soʻmdan mukofot beriladi. Bu orqali zamonaviy yosh arxitektor va urbanistlar korpusi shakllantirilishi taʼkidlandi.

“Ogʻir” tuman va mahallalarda aholini ishli qilish hamda daromadini koʻpaytirish masalalari atroflicha koʻrib chiqildi.

Avvalo, bunday hududlarni barqaror elektr bilan taʼminlash masalasini hal qilish zarurligi qayd etildi. Buning uchun 903 ta mahallaning har birida 300 kilovattli kichik quyosh stansiyalari qurilib, mahallaga begʻaraz aktiv sifatida beriladi.

Stansiyalardan olingan “yashil” energiya hisobidan har bir mahallada 400-500 million soʻm qoʻshimcha daromad keltiradigan iqtisodiy aktiv paydo boʻladi.

Bu “yashil” daromad “yashil” chora-tadbirlarni amalga oshirishga sarflanadi. Yaʼni ushbu mablagʻlar ehtiyojmand xonadonni “yashil” taʼmirdan chiqarib, energiya xarajatini kamaytirish va turmush sifatini yaxshilashga yoʻnaltiriladi.

Quyosh stansiyalarini ekspluatatsiya qilishga mazkur mahallalarda yashovchi kambagʻal oila aʼzolari ishga olinadi. 1-guruh nogironligi boʻlib, oilasida mehnatga layoqatli aʼzosi boʻlmagan 6 ming 700 ta xonadon energiya tejamkor qilib taʼmirlanadi.

Bu ishlar ixtisoslashuv darajasi yuqori boʻlgan yana 1 mingta ilgʻor mahallada ham amalga oshiriladi. Kichik quyosh stansiyalari tayyor holda 7 yil muddatga mahallalarga foizsiz lizingga beriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?