Oʻzbekistonda “Kelajak merosi” xalqaro mukofoti taʼsis etildi

10:46 04 Noyabr 2025 Hujjatlar
785 0

Illyustrativ foto

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Xalqimizning fidokorona mehnati bilan barpo etilayotgan Yangi Oʻzbekistonning madaniy-maʼrifiy asoslarini mustahkamlash, mamlakatimizning bu boradagi xalqaro obroʻ-eʼtiborini yuksaltirishda qadimiy tarixiy merosimiz namunalari, madaniy boyliklar, ilmiy yutuq va innovatsion gʻoyalarni turli shakllarda, jumladan, ilmiy, adabiy-badiiy, tasviriy yoʻllar bilan faol targʻib etish, ularning nafaqat bugungi, balki kelgusi taraqqiyotimizga xizmat qiladigan taʼsirchan vositaga aylantirishga qaratilgan intilish va amaliy harakatlar bugungi kunda tobora muhim ahamiyat kasb etib bormoqda.

Ana shunday gʻoyat keng qamrovli jarayonlarni Yer yuzidagi barcha xalqlar, jumladan, Oʻzbekiston xalqining ezgu orzulari bilan bogʻlab, adabiyot, madaniyat, sanʼat, ilm-fan, taʼlim va raqamli texnologiyalar sohalarida yuksak natijalarga erishayotgan hamda milliy va umumbashariy qadriyatlar rivojiga, global madaniy taraqqiyotga munosib hissa qoʻshib kelayotgan mahalliy hamda xorijiy ijodkor va ziyolilarni ragʻbatlantirish va qoʻllab-quvvatlash maqsadida qaror qilaman:

1. “Kelajak merosi” xalqaro mukofoti (keyingi oʻrinlarda – Xalqaro mukofot) taʼsis etilsin.

2. Xalqaro mukofot uchun tanlovlar 2025-yildan boshlab har yili quyidagi yoʻnalishlarda oʻtkazib borilsin:

a) adabiyot;

b) madaniy meros;

v) teatr va kino;

g) musiqa va raqs;

d) tasviriy va amaliy sanʼat;

j) moda va dizayn;

z) ilm-fan, taʼlim va raqamli texnologiyalar.

3. Belgilansinki:

a) Xalqaro mukofotning har bir yoʻnalishi boʻyicha gʻoliblar statuetka, diplom va 10 ming AQSH dollari miqdoridagi bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlanadi;

b) gʻoliblarga Xalqaro mukofot tantanali ravishda topshiriladi.

4. “Kelajak merosi” xalqaro mukofoti kengashi tuzilsin, uning tarkibi hamda asosiy vazifalari 1- va 2-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin. Madaniyat vazirligi Kengashning ishchi organi etib belgilansin.

5. Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda “Kelajak merosi” xalqaro mukofoti toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlasin.

6. Tashqi ishlar vazirligi Xalqaro mukofotni xorijiy mamlakatlarda keng ommalashtirishga va gʻolib deb topilgan chet ellik ishtirokchilarning mamlakatimizga taklif etilishiga koʻmaklashsin, shuningdek, ularga kirish vizalarini, zarur hollarda “Toshkent” va “Samarqand” xalqaro aeroportlarida rasmiylashtirishni taʼminlasin.

7. Madaniyat vazirligi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy media birlashmasi, “Dunyo” axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalari bilan birgalikda Xalqaro mukofot, uning ahamiyati hamda ushbu qaror doirasida amalga oshirilayotgan ishlar keng yoritib borilishini tashkil etsin.

8. Belgilab qoʻyilsinki, Xalqaro mukofot tanlovini tashkil etish va uni oʻtkazish boʻyicha xarajatlar 2025-yilda Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasi hisobidan moliyalashtiriladi, 2026-yildan boshlab esa Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutiladi.

9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Sh.Mirziyoyev

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?