Oʻzbekistonda bugʻdoy narxini barqarorlashtirish boʻyicha yangi xalqaro loyiha ishga tushirildi

Foto: «Xalq soʻzi»
Bugʻdoy Oʻzbekistonda oziq-ovqat xavfsizligini, qishloq aholisining daromad manbalarini va umumiy iqtisodiy barqarorlikni taʼminlashda muhim rol oʻynaydi. Biroq mamlakat tashqi omillar, geosiyosiy xavflar va ichki bozorni tartibga solishning cheklangan imkoniyatlari tufayli narx tebranishlariga duch kelmoqda. Ushbu muammolarni hal etish maqsadida Oʻzbekistonda Hukumati bir qator tizimli tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur muammolarni hal qilish va milliy oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash maqsadida “Oʻzbekistonda bugʻdoy narxini barqarorlashtirish uchun Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi salohiyatini oshirish” nomli yangi xalqaro texnik hamkorlik loyihasi rasman ishga tushirildi. Loyiha BMT Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) va Xalqaro islom savdo-moliya korporatsiyasi (ITFC) bilan hamkorlikda amalga oshiriladi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda uning huzuridagi Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi asosiy hamkorlar sifatida ishtirok etadi.
FAO va ITFC bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ushbu yangi loyiha mazkur jamgʻarmaning salohiyatini mustahkamlashga xizmat qiladi. Kelgusi 24 oy davomida loyiha doirasida jamgʻarma faoliyati modernizatsiya qilinadi, zamonaviy raqamli yechimlar joriy qilinadi va siyosat hamda tahlil salohiyati oshiriladi.
Loyiha davomida bugʻdoy narxlarini barqarorlashtirish va qishloq xoʻjaligini qoʻllab-quvvatlash borasida ilgʻor tizimlar joriy qilingan Turkiya, Kanada va AQSH kabi mamlakatlar tajribasi oʻrganiladi.
Loyiha doirasida 150 nafar jamgʻarma xodimi, yuqori malakali mutaxassislar va texnik ekspertlarning bilim va malakalari oshiriladi. Buning natijasi bugʻdoy ishlab chiqaruvchilar, qayta ishlovchilar va uning savdosi bilan shugʻullanuvchilar hamda isteʼmolchilarga taʼsir koʻrsatadi.
“Bugun biz nafaqat texnik yordam loyihasini, balki umumiy maqsad – fermerlarimiz, bozorlarimiz va butun xalqimiz manfaatiga xizmat qiladigan innovatsion yechimlarni yaratish yoʻlida birgalikda harakat boshlamoqdamiz. Narxlar oʻzgaruvchanligini kamaytirish, fermerlar daromadini himoya qilish va aholiga barqaror hamda arzon bugʻdoy mahsulotlarini yetkazib berish milliy darajadagi dolzarb vazifalardir” – deydi FAOning Oʻzbekistondagi vakili oʻrinbosari Sherzod Umarov.
Loyihaning asosiy maqsadi jamgʻarmaning bugʻdoy narxini barqarorlashtirish va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash sohasidagi institutsional salohiyatini raqamli yechimlarni joriy qilish hamda xalqaro bilimlar almashinuvi orqali rivojlantirish va mustahkamlashdan iborat.
Kutilayotgan natijalar orasida jamgʻarma va u bilan oʻzaro hamkorlik qiluvchi tashkilotlar xodimlarini bozorni barqarorlashtirish, raqamli vositalar masalalari boʻyicha oʻqitishdan tashqari, bugʻdoy narxidagi tebranuvchanlikni 20-25 foizga kamaytirish, raqamli platformani ishga tushirish, uni toʻliq faoliyat yuritishiga erishish hamda savdo integratsiyasini mustahkamlash va ichki bozor barqarorligini taʼminlash kabi muhim vazifalar bor.
Mazkur loyiha mamlakatimiz qishloq xoʻjaligi sohasini modernizatsiyalash va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashda muhim qadam boʻlib, xalqaro hamkorlik orqali innovatsion yechimlarni joriy qilish boʻyicha namuna hisoblanadi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring