Oʻzbekistonda 10 yilga moʻljallangan elektr energiyasi bilan taʼminlash strategiyasi qabul qilindi. Bundan koʻzlangan maqsad nima?

10:54 04 May 2020 Iqtisodiyot
1907 0

Vazirlar Mahkamasi tomonidan Hukumatimiz tomonidan “2020 – 2030-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini elektr energiya bilan taʼminlash konsepsiyasi” qabul qilindi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ushbu strategiya xalqaro ekspertlar ishtirokida ishlab chiqilgan boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan elektr energetikani rivojlantirishga qaratilayotgan yuksak eʼtiboriga asosan, jadal rivojlanayotgan aholi va mamlakat iqtisodiyotining energiyaga boʻlgan talabini qondirish maqsadida sohani tubdan isloh qilishga yoʻnaltirilgan.

Oʻzbekistonning energetika sektori rivojlanishi ilgʻor xalqaro amaliyotga muvofiq davom etadi va qabul qilingan strategiya elektr energiyasi sohasidagi mavjud natijalar va amalga oshirilayotgan loyihalarga asoslangan keng koʻlamli, ayni paytda amaliy va erishish mumkin boʻlgan maqsadlarni koʻzda tutadi.

Strategiya 2020-yildan 2030-yilgacha boʻlgan davrga oʻrta muddatli va uzoq muddatli maqsadlarni belgilaydi hamda doimiy tahlil asosida zaruriyatga koʻra tahlil qilinadi. Hujjatning strategik maqsadi – Oʻzbekiston aholisini va iqtisodiyotini raqobatbardosh narxlar asosida elektr energiya bilan taʼminlash, eng yaxshi jahon amaliyotlari va jahon elektr energetikasidagi zamonaviy tendensiyalarni qamrab oluvchi muvozanatlangan energetika sektorni rivojlantirishdir.

Konsepsiyada quyidagilarga yoʻnaltirilgan ustuvor yoʻnalishlar koʻzda tutilgan: mavjud elektr stansiyalarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish, shuningdek elektr energiya ishlab chiqarish boʻyicha energiya samarador texnologiyalardan foydalangan holda yangi elektr stansiyalarini qurish; elektr energiyasi hisobini yuritish tizimini takomillashtirish; qayta tiklanadigan, ayniqsa, quyosh energiyasi manbalarini rivojlantirish; tarif siyosatini takomillashtirish va ulgurji bozorga chiqishni taʼminlash boʻyicha huquqiy islohotlarni amalga oshirish.

2030-yilgacha quyidagilarni amalga oshirish rejalashtirilgan:

Elektr energiyasining oʻrnatilgan quvvatini 12,9 GVt dan 29,3 GVtgacha, ishlab chiqarishni esa 63,6 mlrd kVt⋅s.dan 120,8 kVt⋅s.gacha koʻpaytirish;

elektr energiyasini ishlab chiqarishdagi tabiiy gaz sarfini 16,5 mlrd kubometrdan 12,1 mlrd kubometrgacha qisqartirish;

elektr energiyani uzatishda yoʻqotishlarni 2,35 foizga, va uni taqsimlashda – 6,5 foizga kamaytirish (2019-yildagi darajani 1,85 marotaba kamaytirish).

Qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirishda hozirgi paytda elektr energiyasi taqchil boʻlgan hududlarni energiya taʼminotini yaxshilashga alohida eʼtibor qaratiladi. Qayta tiklanadigan energiya manbalari ekologik muhitni, infratuzilmani yaxshilashga, mahalliy sanoat tarmoqlari unumdorligini oshirish va ularni ragʻbatlantirishga va yangi ish oʻrinlarini yaratishga xizmat qiladi. Ushbu sohada qayta tiklanuvchi energiya manbalarining jadal rivojlanishini taʼminlash maqsadida ushbu sohada davlat-xususiy sherikchiligini keng qoʻllash choralari belgilandi.

Hujjatning toʻliq matni bilan quyidagi havola orqali tanishish mumkin: https://minenergy.uz/ru/lists/view/77 .

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер