Oʻzbekiston — Janubiy Koreya: Bojxona sohasida hamkorlik aloqalari yanada kengayadi

Joriy yilning 20-22-sentyabr kunlari Koreya Respublikasi Bojxona xizmati Komissari Kvan Xyo Ko rahbarligidagi delegatsiya hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish va uni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona qoʻmitasiga tashrif buyurdi.
Bojxona qoʻmitasi Raisi Akmalxoʻja Mavlonov mehmonlarni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, soʻnggi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan Oʻzbekiston — Koreya oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni yanada kengaytirishga va yangi pogʻonaga koʻtarishga qaratilgan faol tashqi siyosat yuritilayotganligini alohida qayd etdi.
Koreya Respublikasi Oʻzbekistonning savdo-sotiq sheriklari orasida Osiyo-Tinch okeani mintaqasida yetakchi oʻrinni egallaydi. Oʻzbekistonning oʻtgan 8 oydagi tovarlar tashqi savdo aylanmasiga nazar tashlaydigan boʻlsak, Koreya Respublikasi Oʻzbekistonning asosiy strategik hamkorlari qatorida ekanligi taʼkidlandi.
Uchrashuv davomida ikkala mamlakatning bojxona institutlari oʻrtasida kasbiy tayyorgarlik sohasida hamkorlik qilish, kinologiya xizmatlari oʻrtasida hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, sohani raqamlashtirish, sunʼiy intellektni tatbiq qilish va boshqa yoʻnalishlar borasida Koreya tajribasini oʻrganish boʻyicha Oʻzbekiston bojxona organlari xodimlari uchun alohida oʻquv kurslarini tashkil etish, xavflarni boshqarish sohasida xodimlarning malakasini oshirish, tovar va transport vositalari haqida oʻzaro axborot almashinuv jarayonlarini yoʻlga qoʻyish, texnik koʻmak loyihalarini amalga oshirish hamda “Vakolatli iqtisodiy operatorlarni” tan olish boʻyicha hujjat loyihasini ishlab chiqish, “bojxona hududida qayta ishlash” rejimini takomillashtirishda Koreya tajribasini oʻrganish kabi istiqbolli hamkorlik masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Shuningdek, bojxona tartib-taomillarini tegishli xalqaro standartlar, Jahon savdo tashkiloti, Jahon bojxona tashkiloti tomonidan tavsiya etilgan amaliyotlar bilan uygʻunlashtirish zarurligini hisobga olib, Oʻzbekiston va Koreya Hukumatlari oʻrtasidagi “Bojxona sohasida hamkorlik va oʻzaro yordam toʻgʻrisida”gi Bitimga oʻzgartirish kiritish boʻyicha Bayonnoma imzolandi.
Ushbu Bayonnomaning imzolanishi Oʻzbekiston va Koreya Respublikalari oʻrtasida bojxona ishi sohasida hamkorlikni kengaytirish
va yanada faollashtirish, bojxona chegaralari orqali olib oʻtilayotgan tovar
va transport vositalari yuzasidan oʻzaro maʼlumot almashinuvini tashkil etish, bojxona koʻrigida qoʻllaniladigan texnologiyalarni takomillashtirish, ilgʻor amaliy tajriba bilan almashish, xavflarni boshqarish sohasida xodimlarning malakasini oshirish, huquqni muhofaza qilish sohasida hamkorlikni kuchaytirish va davlatlar oʻrtasida tovarlar aylanmasini yanada soddalashtirishga xizmat qiladi.
Mazkur tashrif doirasida delegatsiya vakillari Bojxona qoʻmitasida barpo etilgan Bojxona rasmiylashtiruvi markazi faoliyati bilan ham yaqindan tanishishdi.
Bu yerda Maʼlumotlarni qayta ishlash markazi, Masofaviy elektron deklaratsiyalash posti, “Call-markaz”, Targetlash va xavflarni boshqarish boʻlimlari va Markaziy bojxona laboratoriyasi faoliyati mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Kvan Xyo Ko bojxona sohasida amalga oshirilayotgan oʻzgarishlarga yuqori baho berdi.
Shuningdek, delegatsiya aʼzolari Milliy kinologiya markazi faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida ushbu markazga tashrif buyurishdi.
Dastlab mehmonlarga Markaz faoliyati haqida taqdimot oʻtkazildi. Taqdimotda Jahon bojxona tashkilotining Mintaqaviy kinologiya markazi maqomiga ega boʻlgan ushbu markazda amalga oshirilayotgan ishlar, xususan, xizmat itlarini tayyorlash jarayoni, xorijiy mamlakatlar kinologlarini tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil maʼlumot berildi.
Taqdimot doirasida, yaqinda amaliyotga joriy etilgan “Raqamli kinologiya”avtomatlashtirilgan axborot tizimi mehmonda katta qiziqish uygʻotdi.
Soʻng, mehmonlar Ixtisoslashtirilgan veterinariya xizmati faoliyati bilan tanishtirildi. Markaz xodimlari tomonidan koʻrgazmali chiqishlar namoyish etildi.
Taʼkidlash joizki, Bojxona qoʻmitasining Milliy kinologiya markazi hamda Koreya bojxona xizmati oʻrtasida mustahkam xalqaro hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻyilgan.
Xususan, joriy yilning avgust oyida Milliy kinologiya markazi tomonidan tayyorlangan xizmat itlari Koreya Respublikasiga eksport qilindi.
Tashrif davomida delegatsiya aʼzolari “Yallama” chegara bojxona posti hamda “Arq-Buloq” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postlariga ham tashrif buyurishdi.
Mazkur postlarda bojxona nazorati shakllari va rasmiylashtiruv jarayonlari, post faoliyatiga joriy qilingan avtomatlashtirilgan axborot tizimlari, mavjud inspeksion koʻrik majmualari faoliyati, yuk tashuvchilar va tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar, shuningdek xavflarni boshqarish tizimi bilan ham yaqindan tanishishdi.
Tanishuv davomida bojxona sohasiga joriy qilingan raqamlashtirish jarayonlari natijasida, avvalo bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi uchun sarflanayotgan vaqtning keskin qisqarganligi kabi yutuqlar Kvan Xyo Ko tomonidan eʼtirof etildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Markaziy Osiyo pedagoglari Nukusda jam boʻldi
- Samarqandda YUNESKOning 43-sessiyasiga tayyorgarlik avjida
- Hududlarda 34 ta yuqori texnologiyali sanoat loyihalari amalga oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring