Oʻzbekiston – yangi mintaqaviy tizimning asosiy meʼmorlaridan biri

10:29 17 Oktyabr 2025 Siyosat
171 0

Markaziy Osiyo davlatlari jahon siyosiy sahnasida oʻz oʻrni va rolini yaqqol namoyon etmoqda. Buning aniq ifodasi “Markaziy Osiyo plyus” (MO+) formatidagi yangi muloqot platformalari. Ayniqsa, soʻnggi ikki-uch yilda Markaziy Osiyo va jahon davlatlari rahbarlarining uchrashuvlari tez-tez oʻtkazilayotir. 2023-yilda Nyu-Yorkda “MO — AQSH”, Sian shahrida “MO — Xitoy”, 2025-yil Ostonada Xitoy bilan uchrashuvning ikkinchi bosqichi, “MO — Germaniya”, “MO — Fors koʻrfazi davlatlari”, “MO — Hindiston” va “MO — Italiya” sammitlari oʻtkazildi.

Oʻzaro munosabatlar tashqi sheriklar bilan chegaralanmaydi. Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari ishtirokidagi Maslahat uchrashuvlari mintaqaviy hamkorlikni misli koʻrilmagan darajaga koʻtardi.

Siyosiy deklaratsiyalardan — amaliy integratsiyagacha

Yaqinda boʻlib oʻtgan “MO+” sammitiga qaytaylik. Dushanbeda oʻtkazilgan “Markaziy Osiyo — Rossiya” ikkinchi sammiti siyosiy deklaratsiyalardan amaliy integratsiyaga oʻtishning muhim belgisi boʻldi. Ustuvor yoʻnalishlar qatorida savdo-iqtisodiy hamkorlikni ilgari surish, investitsiyalar oʻsishiga koʻmaklashish, gumanitar aloqalarni kengaytirish va mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash kabi masalalar tilga olindi. Uning yakuni boʻyicha 29 ta banddan iborat kommyunike qabul qilindi.

Mazkur qarorlar “Markaziy Osiyo — Rossiya” formati ishtirokchilari oʻrtasidagi birdamlik va oʻzaro tushunish ruhini mustahkamlash uchun zamin yaratadi, degan ishonch bildirildi. Rossiya boshqa yirik mamlakatlar qatori mintaqamiz davlatlari bilan strategik sheriklik va ittifoqchilik aloqalarini yanada mustahkamlash, oʻzaro manfaatli siyosiy, iqtisodiy va gumanitar aloqalarni chuqurlashtirishga qatʼiy qaror qilgan.

Oʻtgan yil yakunlariga koʻra, Rossiyaning Markaziy Osiyo davlatlari bilan tovar aylanmasi 45 mlrd. dollardan oshdi. Rossiya mintaqa mamlakatlari iqtisodiyotiga sarmoya kiritgan eng yirik investorlardan biri hisoblanadi. Rossiya Federatsiyasi investitsiyalarining umumiy hajmi 20 mlrd. dollardan ortiqni tashkil etadi. Rossiya yetakchisi fikricha, bu yetarli emas. Rossiya ishtirokida Markaziy Osiyo mamlakatlarida qoʻshma sanoat parklari, savdo uylari, ulgurji-taqsimlash markazlari yaratilmoqda, avtomobilsozlik, qishloq xoʻjaligi texnikalari ishlab chiqarish, mineral oʻgʻitlar va boshqa sohalarda yirik loyihalar amalga oshirilmoqda — qoʻshma tijoriy faoliyat juda keng doirada qamrab olingan.

Rossiya va mintaqa davlatlari energetika sohasida sheriklikni chuqurlashtirmoqda, bunda nafaqat anʼanaviy uglevodorodlarni qazib olish va sotish, balki Rossiyaning eng zamonaviy texnologiyalari boʻyicha atom elektr stansiyalarini qurish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish ham nazarda tutiladi.

Rossiyaning yuqori texnologiyalar sohasida ham taklif etadigan rejalari, birinchi navbatda, davlat boshqaruvini optimallashtirish boʻyicha Rossiyaning raqamli yechimlari bor. Bu oʻrinda “aqlli shahar” muhitini yaratish rejasi mavjudligini ham taʼkidlash joiz. Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi doirasida ham hamkorlik uchun imkoniyatlar yetarli. Hattoki bu ittifoqqa toʻlaqonli aʼzo sifatida kirmagan davlatlar uchun ham.

Masalan, Yevroosiyo barqarorlashtirish va rivojlantirish fondi Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodiyotini qoʻllab-quvvatlash uchun bir milliard dollardan ortiq mablagʻ ajratdi. Bu mablagʻlar milliy byudjetlar va toʻlov balanslarining barqarorligini taʼminlash, davlat boshqaruvi tizimini mustahkamlash uchun ishlatilishi mumkin.

Afgʻonistondagi vaziyat barcha olti davlatning diqqat markazidan chetda emas. Afsuski, terrorchilik tuzilmalari hamon afgʻon hududidan ekstremistik gʻoyalar va jinoiy faoliyatni tarqatish uchun foydalanishga urinmoqda. Shu bois ana shu tahdidlarga qarshi birgalikda kurashish masalalari muhokama qilindi. Sammit yakunlari boʻyicha tayyorlangan kommyunike va Harakatlar rejasi hamda ularning amalga oshirilishi, Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasidagi doʻstona, oʻzaro manfaatli munosabatlarni yanada chuqurlashtirishga xizmat qiladi.

Barqaror tus olgan ijobiy tendensiya

Jahonning yetakchi davlatlari Markaziy Osiyoning salohiyatini, uning global jarayonlarda jadal rivojlanayotgan mintaqa sifatidagi hozirgi va kelgusidagi rolini tan olmoqda. Bu ularning aynan shunday formatdagi muzokaralarga qiziqishi ortib borayotgani bilan izohlanadi. Ammo tarixiy, siyosiy, iqtisodiy, gumanitar omillar tufayli Rossiya Oʻzbekiston uchun alohida ahamiyatga ega.

Misli koʻrilmagan geosiyosiy oʻzgarishlar, jahon iqtisodiy konyunkturasining beqarorligiga qaramay, Rossiya Oʻzbekistonning ittifoqchisi va strategik sherigi boʻlgan va shunday boʻlib qoladi.

Markaziy Osiyo mintaqasining oʻzida soʻnggi yillarda siyosiy birdamlik, iqtisodiy hamkorlik, madaniy va maʼnaviy evolyutsion harakat mavjudligi quvonarlidir.

Barqaror tus olgan ushbu ijobiy tendensiya mintaqaga Rossiya davlatining istiqbolli va salmoqli sherigi sifatida yangi sifat baxsh etadi. Uch yil avval Ostonada boʻlib oʻtgan birinchi “Markaziy Osiyo — Rossiya” sammiti koʻp tomonlama formatda samarali hamkorlikning boshlanish nuqtasi boʻldi. Ikkinchi uchrashuv Rossiya bilan uzoq muddatli koʻp tomonlama aloqalarga yangi turtki berishga qaratilgan. Bunday sheriklikning asosiy vazifasi — koʻp qirrali hamkorlikni yanada muvaffaqiyatli rivojlantirish uchun sharoit yaratish maqsadida Markaziy Osiyo mintaqasida barqarorlikni mustahkamlashdir.

Koʻp qutbli strategik yondashuv

Tan olish kerakki, Oʻzbekiston bu formatni munozara maydonidan mintaqaviy barqarorlikning yangi modelini qurish vositasiga aylantirdi. Taklif qilingan tashabbuslar koʻp qutbli hamkorlik tizimini yaratishga qaratilgan strategik yondashuvni namoyon etadi.

“Markaziy Osiyo — Rossiya” formati nafaqat siyosiy signallar maydonchasi, balki infratuzilmaviy va normativ yechimlarni tez amalga oshirish vositasiga aylanish salohiyatiga ega. Uning kuchi kun tartiblarining yaqinligida hamda transport, energetika, migratsiya va texnik tartibga solish masalalarini uzun byurokratik zanjirlarsiz tezkorlik bilan hal qilish imkoniyatidadir.

Rasmiy Moskvaning Markaziy Osiyoga boʻlgan qiziqishining kuchayishi nafaqat tashqi siyosiy muammolar, balki oʻzaro iqtisodiy aloqalarning mustahkamlanganligi bilan ham izohlanadi. Sanksiyalarning kuchayishi savdo hamda texnologik zanjirlarni qayta yoʻnaltirishni tezlashtirdi va mintaqa Rossiya uchun sanoat kooperatsiyasi, logistikaning muammoli joylarini chetlab oʻtish hamda bozorlarga oʻzaro kirish uchun eng yaqin maydonga aylandi.

Sammitning asosiy yutugʻi 2027-yilgacha hamkorlik boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ning qabul qilinishi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti taklif etgan Bosh vazirlar oʻrinbosarlari darajasida Muvofiqlashtiruvchi kengashning tashkil qilinishi boʻldi. Ushbu mexanizmlar olti davlatning iqtisodiy strategiyalarini sinxronlashtirishga qaratilgan.

“Markaziy Osiyo — Rossiya agroekspress” loyihalari va “Shimol — Janub” transport yoʻlagi tovar aylanmasidagi toʻsiqlarni bartaraf etishda alohida ahamiyatga ega. Bu qadamlar oʻzaro savdodagi toʻsiqlarni olib tashlash, milliy infratuzilmalarni birlashtirish hamda Markaziy Osiyo va Rossiyaning yagona iqtisodiy hududini shakllantirishga qaratilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti taklif etgan sanoat injiniringining Buxorodagi xabi iqtisodiy hamkorlikning markaziy elementiga aylanadi. U mashinasozlik, kimyo sanoati va asbobsozlik sohalaridagi qoʻshma loyihalarga yoʻnaltiriladi. Buxoro tarixan savdo markazi boʻlgan, endi esa u texnologik kooperatsiya platformasiga aylanayotir. Aslida, bu savdodan qoʻshma ishlab chiqarishga oʻtish demakdir.

Oʻzbekiston atom energetikasi boʻyicha mintaqaviy kompetensiya markazini hamda “Kelajak muhandislari” konsorsiumini yaratishni taklif qildi. Ushbu tashabbuslar mintaqada “Skolkovo” filiallarini ochish va Sunʼiy intellekt boʻyicha ekspertlar kengashini taʼsis etish rejalari bilan toʻldiriladi. Shubhasiz, zamonaviy sharoitda texnologik suverenitet energetika suvereniteti kabi muhim ahamiyatga ega. Atom energetikasi boʻyicha qoʻshma loyihalar hamda muhandis kadrlarni tayyorlash uzoq muddatli texnologik sheriklik uchun zamin yaratadi.

Amaliy mexanizmga aylanayotgan hayotbaxsh gʻoyalar

Oʻzbekiston Prezidenti Markaziy Osiyo va Rossiya xalqlarining etnomadaniy forumini oʻtkazishni taklif qildi, bu hamkorlikning gumanitar tarkibiy qismini kuchaytiradi. Mazkur tashabbuslar integratsiyaning “yumshoq oʻlchovi”ni kuchaytiradi va mintaqa xalqlari oʻrtasida oʻzaro ishonch uchun zamin yaratadi.

Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi faolligi tashqi siyosat kursining yetukligini koʻrsatadi. Mamlakat oʻzgalarning tashabbuslarida ishtirok etishdan mintaqaviy arxitekturani loyihalashtirishga oʻtdi.

Oxirgi oylarda Nyu-Yorkdan Gabala va Dushanbegacha boʻlgan bir qator xalqaro tadbirlar Oʻzbekiston tashqi siyosatining koʻp qirrali, ishonchli hamda texnologik boʻlib borayotganini koʻrsatdi.

Har qanday formatda, xoh BMT boʻlsin, xoh Turkiy davlatlar tashkiloti yoki MDH, Rossiya va mintaqa davlatlari bilan uchrashuv boʻlsin, Oʻzbekiston qogʻozlarda qolib ketadigan emas, balki amaliy mexanizmga aylanadigan Qoyalarni taklif etadi. Shu maʼnoda, Dushanbe sammiti Oʻzbekistonning oʻzaro hurmat, pragmatizm hamda Markaziy Osiyo kelajagi uchun boʻlgan javobgarlikka asoslangan yangi mintaqaviy tizimning asosiy meʼmorlaridan biriga aylanayotganini tasdiqladi.

Botir USMONOV,

Toshkent kimyo-texnologiya instituti rektori, professor.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер