Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasida madaniyat hamda turizm yoʻnalishlaridagi aloqalar yanada faollashadi

14:36 02 Oktyabr 2023 Siyosat
503 0

Shu yilning 28-oktabr kuni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Xitoy Xalq Respublikasi Madaniyat va turizm vaziri Xu Xepin boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Muloqot davomida savdo-iqtisodiy hamkorlikni, parlamentlararo muloqotlar va madaniy-gumanitar almashinuvlarni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Mamlakatlarimiz yetakchilarining mustahkam doʻstligi va siyosiy irodasi tufayli Oʻzbekiston va Xitoy munosabatlari strategik sheriklik darajasida jadal rivojlanayotgani alohida qayd etildi.

Maʼlumki, ikki davlat oʻrtasida 2023-2027-yillarga moʻljallangan yangi davrdagi har tomonlama strategik sheriklikni rivojlantirish dasturi hamda umumiy qiymati 25 milliard dollardan ziyod boʻlgan yangi yuqori texnologik sanoat, savdo va investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.

Suhbat chogʻida parlamentlararo aloqalarga eʼtibor qaratilib, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi har tomonlama strategik sheriklikni yanada mustahkamlashning muhim mexanizmi ekani aytib oʻtildi. Oliy Majlis va Butunxitoy xalq vakillari kengashi oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikni yanada jadallashtirish uchun barcha imkoniyatlar mavjudligi, ayniqsa, madaniyat va turizm yoʻnalishlarida saʼy-harakatlarni birlashtirish lozimligiga urgʻu berildi.

Oʻzbekiston va Xitoyni qadimgi Ipak yoʻli boʻylab uzviy tarixiy rishtalar bogʻlab turadi. Madaniyatlar, anʼanalar, mentalitet va qadriyatlarning oʻxshashligi ham birlashtiradi. Shu nuqtai-nazardan tomonlar xalqlar oʻrtasidagi yaqin madaniy hamkorlikni hamda turizmni rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratdilar.

Mamlakatlarimiz umumiy tarixini oʻrganish boʻyicha qoʻshma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, “Ipak yoʻli” jamgʻarmasi koʻmagida ikki davlat shaharlari oʻrtasida sayyohlik yoʻlagini shakllantirish boʻyicha dasturni ishga tushirish va keyinchalik unga Markaziy Osiyoning boshqa davlatlarini ham jalb qilish taklifi ilgari surildi.

Uchrashuv soʻnggida Xitoyda Oʻzbekiston madaniyat kunlarini va aksincha mamlakatimizda Chin yurti madaniyat kunlarini tez-tez oʻtkazish hamda madaniyat markazlari faoliyatini jonlantirishga kelishib olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?