Oʻzbekiston va YI yetakchilari ikki tomonlama munosabatlar yangi, strategik darajaga koʻtarilganini olqishladilar

16:55 24 Oktyabr 2025 Siyosat
425 0

Bryusseldagi Yevropa kengashi bosh qarorgohi – “Yevropa” binosida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Yevropa kengashi Prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

Joriy yil aprel oyida Samarqand shahrida oʻtgan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti yakunida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida koʻp qirrali Oʻzbekiston – Yevropa hamkorligini yanada kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.

Yetakchilar bugun imzolangan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi tarixiy bitimni yuqori baholadilar. Ushbu keng qamrovli hujjat Oʻzbekiston bilan YI hamkorligining nafaqat huquqiy asoslarni kengaytirishi, balki yangi kun tartibini shakllantirishi taʼkidlandi.

Shuningdek, bitim birlashmaga aʼzo davlatlar bilan, eng avvalo, savdo, investitsiyalar, transport, energetika, iqlim, yuqori texnologiyalar va madaniy-gumanitar hamkorlik sohalaridagi aloqalarga kuchli surʼat bagʻishlaydi.

Tomonlar Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzoligi boʻyicha YI bilan ikki tomonlama muzokaralar yakunlanganini ham olqishladilar.

Barcha darajalarda faol, sermahsul muloqot va almashinuvlar amalga oshirilayotgani katta mamnuniyat bilan taʼkidlandi. Tashrif arafasida Oʻzbekiston delegatsiyasi Yevropa Ittifoqining “Global darvoza” ikkinchi forumida ishtirok etdi. Kuni kecha esa Hamkorlik kengashi hamda Iqtisodiyot, savdo va investitsiyalar boʻyicha kichik qoʻmita yigʻilishlari muvaffaqiyatli oʻtkazildi.

Kecha yirik qoʻshma biznes forumi oʻtkazilgan boʻlsa, bugun Yevropaning yetakchi kompaniyalari va moliyaviy tuzilmalari rahbarlari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Ular natijasida energetika, kimyo, muhim minerallar, logistika, toʻqimachilik va farmatsevtika tarmoqlarida umumiy qiymati 10 milliard yevrodan ziyod boʻlgan yangi loyihalarni amalga oshirishga kelishib olindi. Bu Yevropa kompaniyalari ishtirokidagi umumiy qiymati 40 milliard yevrodan ziyod boʻlgan hozirgi loyihalar portfeliga salmoqli qoʻshimchadir.

Sheriklikning yuqori surʼatini saqlab qolish uchun hamkorlikning institutsional mexanizmlarini yanada mustahkamlash, investitsiyalar, muhim minerallar, energetika, transport, fan va taʼlim sohalarida yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish zarurligi taʼkidlandi. Ishbilarmonlik va gumanitar aloqalarni mustahkamlash uchun viza tartibotlarini soddalashtirish muhimligi qayd etildi.

Yetakchilar xalqaro kun tartibi va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashdilar.

Uchrashuv yakunida Qoʻshma bayonot qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?