Dogʻistonda 23-iyun kuni kechqurun Maxachqalʼa va Derbent shahrida qurollangan nomaʼlum shaxslar pravoslav cherkovlari, sinagogalar va yoʻl-patrul xizmati postiga hujum qildi. Oqibatda 15 dan ortiq politsiya xodimi halok boʻldi, jangarilar esa oʻldirildi. Dogʻistonda uch kunlik motam eʼlon qilindi.
Oʻzbekiston TIV mintaqadagi teraktlar yuzasidan munosabat bildirib, holatni keskin qoraladi.
«Dogʻistonda sodir etilgan shafqatsiz terrorchilik hujumlarini keskin qoralaymiz. Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi nomidan halok boʻlganlarning barcha yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiramiz», deya yozdi TIV rahbari Baxtiyor Saidov.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Darband va Maxachqalʼa shaharlarida sodir etilgan terrorchilik harakatlari oqibatida koʻplab huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlari va fuqarolar qurbon boʻlgani munosabati bilan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinga maktub yoʻllab, chuqur hamdardlik bildirgandi.
Dogʻistonda sodir boʻlgan terakt oqibatida 20 kishi halok boʻldi, 44 kishi yaralandi.
Dogʻistonning Darband va Maxachqalʼa shaharlariga terrorchilar hujum uyushtirildi. Otishmalarda jami 20 nafar odam halok boʻldi. Ularning 17 nafari huquq-tartibot idoralari xodimlari, 44 nafar fuqaro, jumladan 37 nafar kuchishlatar tizimi vakillari yaralandi.
Terrorchilardan ikki nafari Dogʻistondagi tuman rahbarlaridan birining oʻgʻillari boʻlib chiqdi, deya xabar bermoqda «Interfaks». Shuningdek, Habib Nurmagomedovga tegishli tegishli klub tarbiyalanuvchisi, MMA jangchisi ham jangarilar tarkibida boʻlgani haqida xabarlar tarqaldi.
Sobiq UFC chempioni Habib Nurmagomedov Instagram sahifasiga joylagan postida holatni keskin qoraladi va terakt oqibatida qurbon boʻlganlarning oila aʼzolariga taʼziya izhor qildi. Biroq u shogirdining jangarilar safida boʻlgani haqidagi xabarlarga munosabat bildirmagan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring