Oʻzbekiston — SHHT: muhim tashabbuslar maydoni

13:04 12 Noyabr 2020 Siyosat
1134 0

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 10-noyabr kuni Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar rahbarlari kengashining videoanjuman shaklida oʻtgan navbatdagi majlisidagi nutqida oʻtkir va dolzarb tashabbuslarni ilgari surganiga barchamiz guvoh boʻldik.

Shanxay hamkorlik tashkiloti nufuzli xalqaro tashkilotlar orasida tobora munosib oʻrin egallamoqda, mintaqaviy va global miqyosda xavfsizlik, barqarorlik va izchil rivojlanishning taʼsirchan omili boʻlib xizmat qilyapti. Asosiy maqsadi aʼzo davlatlar oʻrtasida oʻzaro ishonch va yaxshi qoʻshnichilikni mustahkamlash, siyosiy, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, madaniy, shuningdek, taʼlim, energetika, transport, turizm va boshqa sohalardagi samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻyishdan iborat boʻlgan bu nufuzli tashkilot bugungi kunda oʻz taraqqiyotining prinsipial jihatdan yangi bosqichida turibdi.

Hozirgi murakkab sharoit, barchamiz koʻrib turibmizki, savdo-iqtisodiy aloqalarning keskin qisqarishi, ishlab chiqarish hajmlarining kamayishi, ishsizlar sonining ortishiga olib keldi. Achinarli jihati, dunyoning ayrim mintaqalarida harbiy-siyosiy vaziyat keskinlashyapti, millatlararo va dinlararo ziddiyatlar kuchaymoqda. Ushbu global xatar va tahdidlarni faqatgina yaxshi qoʻshnichilik, teng huquqlilik, oʻzaro ishonch va manfaatlar birlashuvi yoʻli bilangina yengib oʻtish mumkin. Bundan boshqa yoʻli ham, oʻzga chorasi ham yoʻq. Shu jihatdan umumiy qadriyatimiz, birgalikda taraqqiyotga intilishimiz, davlatlararo iqtisodiy va madaniy aloqalarni rivojlantirish orqali har tomonlama hamkorlikning noyob tajribasi – “Shanxay ruhini” mustahkamlash ayni vaqtda hayotiy zarurat boʻlib turibdi. Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, har birimiz kuchli boʻlsakkina SHHT ham kuchli boʻladi.

Partiyamiz elektorati manfaatlaridan kelib chiqib, SHHT mamlakatlari oʻrtasida iqtisodiy sohadagi hamkorlikni mustahkamlash masalalari asosiy maqsadlardan biridir. Eng avvalo, savdo-iqtisodiy aloqalar va sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish muhim vazifalardan sanaladi. Bu esa oʻzaro savdo aloqalarida duch kelayotgan ayrim toʻsiqlarni bartaraf etish, bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish, ularni imkon qadar uygʻunlashtirish va raqamlashtirish, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi elektron tijoratni rivojlantirish, oʻzaro investitsiyalarni ragʻbatlantirishni nazarda tutadi. Biz bu istiqbolli chora-tadbirlarni saylovchilarning tub manfaatlariga toʻla javob beradi, deb hisoblaymiz.

Davlatimiz rahbari anjumanda iqtisodiy oʻsishni taʼminlashda axborot texnologiyalarining roli ortib borayotganini alohida qayd etib, yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash va aholini oʻqitishga qaratilgan SHHTning raqamli savodxonlikni rivojlantirish boʻyicha dasturini ishlab chiqish taklifini bildirdi. Aholi sogʻligʻiga xavf tugʻdirayotgan yangi xatar va tahdidlarga qarshi birgalikda kurashish koʻlamini kengaytirish muhim ahamiyatga egaligini taʼkidladi. Bu borada mamlakatlarimizning sohaga ixtisoslashgan shifoxonalari oʻrtasida samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻyish maqsadida Epidemiyaga olib keluvchi kasalliklarga qarshi kurashish boʻyicha tibbiyot muassasalari tarmogʻini yaratish taklif etildi. Buning natijasida infeksion kasalliklarni diagnostika, profilaktika qilish va davolash boʻyicha tajriba almashish, qoʻshma vrachlar guruhlari faoliyatini tashkil etish va ularni tayyorlashga qaratilgan oʻzaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish imkoniyati yana-da kengayadi.

Prezidentimiz kambagʻallikni qisqartirish masalalarida yaqin hamkorlikni yoʻlga qoʻyishning dolzarb ahamiyatini alohida qayd etar ekan, bu borada tashkilot doirasida mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlari yigʻilishlari mexanizmini yaratish va tegishli dasturiy hujjat tayyorlashni ham taklif etdi. Kambagʻallikka qarshi kurashish boʻyicha kelishilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish maqsadida mamlakatimiz xalqaro forum oʻtkazishga tayyor ekani bildirildi.

Haqiqatdan ham, bugungi sharoitda birgalikdagi saʼy-harakatlarni aholining ehtiyojmand qatlamlarini qoʻllab-quvvatlash va kambagʻallikni qisqartirishga yoʻnaltirish gʻoyat muhimdir. Bu boradagi hamkorligimizni muvofiqlashtirish maqsadida qashshoqlikka qarshi kurashish uchun masʼul vazirlik va idoralar rahbarlarining yigʻilishlarini oʻtkazish mexanizmini yaratish yaxshi samara beradi.

Nutqda xalqaro hamjamiyat, shu jumladan, SHHT mamlakatlarining saʼy-harakatlari tufayli qoʻshni Afgʻonistonda nizoni tinch yoʻl bilan tartibga solishda umid bagʻishlovchi istiqbollar koʻrinayotgani, tinchlikka erishish, afgʻon xalqiga iqtisodiy yordam koʻrsatish yoʻlidagi ushbu ijobiy intilishlarni qoʻllab-quvvatlash uchun imkoniyatlarni birlashtirish muhimligiga alohida urgʻu berildi. Prezidentimiz sammit ishtirokchilarini Afgʻonistondagi tinchlik jarayonlarini va ushbu mamlakatni mintaqaviy savdo-iqtisodiy aloqalarga jalb etishni qoʻllab-quvvatlashga chaqirdi. “SHHT – Afgʻoniston” muloqot guruhi doirasida mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishiga koʻmaklashish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar rejasini tez fursatda qabul qilish taklif etildi. Afgʻonistonga uning Markaziy va Janubiy Osiyoni bogʻlab turuvchi koʻprik sifatidagi tarixiy rolini qaytarishga xizmat qiladigan transport yoʻlaklarini barpo etish tashabbuslariga alohida eʼtibor qaratildi. Bu saʼy-harakatlar albatta, mintaqada va dunyoda taraqqiyot hamda farovonlik taʼminlanishiga xizmat qiladi.

Kelgusi yilda Shanxay hamkorlik tashkiloti 20 yoshga toʻladi. Prezidentimiz ushbu muhim sana arafasida “SHHTning zamonaviy xalqaro munosabatlar tizimidagi roli” xalqaro forumini oʻtkazishni ilgari surgani, shubhasiz, mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzi va rolini yana-da oshirdi.

Sammit yakunida tashkilot doirasidagi koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan hujjatlar toʻplami imzolangani albatta, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli aloqalarni mustahkamlash, iqtisodiyotimizning barqaror oʻsishini taʼminlashga xizmat qiladi. Zero, ilgari surilgan takliflar bugungi kunda insoniyatni oʻylantirib kelayotgan dolzarb va oʻtkir muammolarni hal etishga qaratilgan muhim chaqiriqdir.

Aktam HAITOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Spikeri oʻrinbosari,
OʻzLiDeP fraksiyasi rahbari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер