Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiy davlatlar tashkiloti sammitidagi nutqi

17:00 07 Oktyabr 2025 Siyosat
287 0

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Qadimdan Buyuk ipak yoʻlining muhim savdo va madaniyat markazlaridan biri boʻlgan betakror Gabala shahrida siz, aziz qardoshlarim bilan diydor koʻrishib turganimdan behad mamnunman.

Avvalambor, sammitni yuqori saviyada tashkil etganlari, anʼanaviy va samimiy mehmondoʻstlik uchun Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti, hurmatli Ilhom Haydarovich Aliyev Janobi Oliylariga minnatdorlik izhor etaman.

Sizning bevosita tashabbusingiz bilan biz oxirgi yillarda zamonaviy Ozarbayjonning koʻplab hududlariga tashrif buyurdik. Goʻzal Qorabogʻ kun sayin obod boʻlayotganiga, Shusha, Xonkendi, Agʻdam shaharlaridagi ulkan bunyodkorlik ishlariga guvoh boʻldik. Albatta, yaqin doʻstlaringiz sifatida bu ijobiy jarayonlar bizlarni juda quvontiradi.

Sizning qatʼiy siyosiy irodangiz tufayli Armaniston bilan imzolangan Tinchlik deklaratsiyasi esa Turkiy davlatlarning ham umumiy gʻalabasidir, desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Bu tarixiy kelishuv mamlakatlarimiz uchun savdo, iqtisodiyot, transport va gumanitar sohalarda yaqin hamkorlik borasida keng imkoniyatlar eshigini ochib bermoqda.

Hurmatli hamkasblar!

Yil davomida Tashkilotimiz faoliyatida samarali raislik qilgani, hamkorligimizni yangi bosqichga koʻtarishga munosib hissa qoʻshgani uchun Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti hurmatli Sadir Nurgʻojoyevich Japarov Janobi Oliylariga tashakkur bildiraman.

“Mintaqaviy tinchlik va xavfsizlik” mavzusidagi bugungi uchrashuvimiz dunyoda murakkab geosiyosiy oʻzgarishlar yuz berayotgan va xavfsizlikka tahdidlar tobora ortib borayotgan bir sharoitda oʻtmoqda. Hozir soʻzga chiqqan hamkasblarim bu muammolar boʻyicha oʻz fikr va takliflarini bildirib oʻtdilar.

Yaqinda Nyu-York shahrida boʻlib oʻtgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining yubiley sessiyasidagi jahon yetakchilarining chiqish va yondashuvlari ham zamonaviy dunyoning siyosiy va xavfsizlik arxitekturasi boʻyicha yakdil pozitsiya yoʻqligini yana bir bor namoyon etdi.

Davrning oʻzi bizdan global boshqaruv tizimini chuqur isloh qilish va takomillashtirish, BMT va uning Xavfsizlik Kengashi rolini oshirishni taqozo qilmoqda. Jumladan, rivojlanayotgan davlatlarning oʻrni va ovozini mustahkamlashda yaqin hamkorlikni kuchaytirish muhim vazifadir.

Dunyodagi eng ogʻriqli muammolar, Yevroosiyo mintaqasida avj olayotgan va oxiri koʻrinmayotgan nizo va urushlar, albatta, bizning davlatlarimizga ham oʻz salbiy taʼsirini koʻrsatmoqda.

Gʻazo sektoridagi fojia, Ukraina atrofidagi vaziyat, Eronning yadro dasturi muammosi, Afgʻonistonning barqarorligi masalalari barchamizni jiddiy tashvishga soladi.

Jahonning qudratli davlatlari tomonidan adolatli dunyo tartibotini shakllantirish, oʻzaro ishonch va xavfsizlikni taʼminlashga xizmat qiladigan intilish va yangi rejalarni olqishlaymiz.

Oʻylaymanki, global vaziyatni chuqur tahlil etish va kerakli qarorlar qabul qilish maqsadida Turkiy davlatlar tashkiloti tashqi ishlar vazirlari va maxsus xizmatlar rahbarlarining birgalikdagi uchrashuvlarini muntazam oʻtkazib borishni ham zamonning oʻzi taqozo qilmoqda. Biz birinchi qoʻshma uchrashuvni kelgusi yili Samarqand shahrida oʻtkazish tashabbusi bilan chiqamiz.

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, Turkiy davlatlar tashkiloti qisqa vaqt ichida jadal rivojlanib borayotgan nufuzli xalqaro tuzilmalar qatoriga kirdi. Avvalambor, mamlakatlarimiz oʻrtasida yuksak darajadagi siyosiy muloqotlar faollashgani, oʻzaro ishonch mustahkamlanayotgani, amaliy sheriklik loyihalari va gumanitar dasturlar hayotga faol tatbiq etilayotgani buni yaqqol tasdiqlaydi.

Birgina misol keltirmoqchiman. Bugungi kunda Tashkilotimiz doirasida oʻttiz beshdan ziyod yoʻnalishlarda amaliy hamkorlik olib borilmoqda. Mamlakatlarimiz oʻrtasida oʻzaro savdo hajmi barqaror oʻsib bormoqda va bu koʻrsatkich 2030-yilga qadar ikki barobar oshishi kutilmoqda.

Kun tartibidan kelib chiqib, bir qator masalalarga alohida toʻxtalib oʻtmoqchiman.

Tuzilmamizning mavqei va salohiyatini yanada oshirish, yaqin kelajakda uning samarali hamkorlik maydoni sifatidagi oʻrnini mustahkamlash oldimizda turgan ustuvor vazifadir.

Bu borada Turkiy davlatlar oʻrtasida strategik sheriklik, abadiy doʻstlik va qardoshlik toʻgʻrisidagi shartnomani tezroq kelishib, qabul qilish tarafdorimiz. Albatta, bu muhim bitim hamkorligimizni rivojlantirish yoʻlida asosiy siyosiy hujjat sifatida qardosh xalqlarimizni yanada yaqinlashtirish, amaliy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishda mustahkam zamin boʻlib xizmat qiladi.

Koʻp qirrali sherikligimizni yanada kengaytirish va jadallashtirish maqsadida Tashkilotning 2030-yilga qadar boʻlgan rivojlanish strategiyasi va alohida “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqishni taklif etamiz. Bunda quyidagi aniq yoʻnalishlar va chora-tadbirlarni koʻzda tutishni maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz.

Birinchidan, mamlakatlarimiz oʻrtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirishni asosiy yoʻnalish sifatida koʻramiz.

Yaqin kelajakda Tashkilotimiz doirasida Yangi iqtisodiy imkoniyatlar makonini shakllantirish tarafdorimiz. Soʻz, birinchi navbatda, savdo, biznes va oʻzaro investitsiyalar uchun eng qulay sharoitlarni, huquqiy baza va infratuzilmani yaratish haqida ketmoqda.

Amaliy hamkorlikni izchil rivojlantirish va aniq loyihalarni ishlab chiqish, jumladan, Turkiy investitsiya jamgʻarmasi doirasidagi rejalarni kelishish maqsadida Turkiy davlatlarning iqtisodiy sheriklik boʻyicha doimiy kengashini tashkil etish vaqti keldi. Bu tuzilma mamlakatlarimiz Bosh vazirlari oʻrinbosarlari tomonidan boshqarilib, doimiy faoliyat olib borishi muhim. Kengashning Loyiha ofisini esa Toshkentda joylashtirishga tayyormiz.

Kengash doirasida bir qator yangi tashabbuslarni amalga oshirishimiz mumkin. Jumladan, Turkiy davlatlarning Sanoat alyansini tuzish va bu orqali mashinasozlik, kon sanoati, elektrotexnika, neft-kimyo, farmatsevtika, yengil sanoat, oziq-ovqat, qurilish materiallarini ishlab chiqarish sohalarida yetakchi kompaniyalarimizning kooperatsiya loyihalarini ilgari surish; oʻzaro savdo hajmlarini keskin oshirish va texnik reglamentlarni yaqinlashtirish maqsadida “Turkiy yashil yoʻlaklar” elektron tizimini joriy etish zarur; “yashil energetika”, “yashil vodorod va ammiak” loyihalarini birgalikda amalga oshirish, ilgʻor texnologiyalar, standartlar va kompetensiyalarni jalb qilish, davlat va xususiy sheriklik mexanizmlarini keng tatbiq etish uchun “Yashil transformatsiya” konsorsiumini tashkil etish; strategik minerallar bazasini oʻzlashtirish va qoʻshilgan qiymatli mahsulotlarni ishlab chiqarish kabi masalalar Kengashning doimiy eʼtiborida turishi darkor.

Bunda “xomashyo – qayta ishlash – ilm va texnologiyalar – tayyor mahsulot” tamoyili asosida amaliy Hamkorlik dasturini qabul qilish muhim ahamiyatga ega.

Ikkinchidan, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashda organik qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish va yetkazib berishda mamlakatlarimiz dunyo yetakchilaridan boʻlishlari mumkin.

FAOning tahlillariga koʻra, bugungi kunda organik mahsulotlarning jahon bozoridagi hajmi 225 milliard dollardan koʻproqni tashkil etadi va bu raqamlar istiqbolda har yili 10 foizga oʻsishi kutilmoqda.

Davlatlarimizning bu boradagi salohiyatidan kelib chiqib, sifatli va talab yuqori boʻlgan organik mahsulotlarni ishlab chiqarishda ilmiy izlanishlar va seleksiya, sanoat kooperatsiyasi va logistika aloqalarini kuchaytirishimiz lozim.

Kelajakda organik mahsulotlarimiz jahon bozoriga yagona brend bilan chiqishi mumkin. Bu borada qishloq xoʻjaligi vazirlarimiz nazoratida Ekspert ishchi guruhini tashkil etib, dastlabki “pilot” loyihalarni saralash va mamlakatlarimizda amalga oshirishni taklif etamiz.

Uchinchidan, turkiy davlatlarning transport sohasidagi oʻzaro bogʻliqligini kuchaytirish va xalqaro tranzit yoʻlaklarini rivojlantirishda muvofiqlashtirilgan siyosat olib borish zarurligini hammamiz chuqur anglab turibmiz.

Oʻrta koridorni izchil rivojlantirish borasidagi aytib oʻtilgan barcha rejalarni toʻliq qoʻllab-quvvatlaymiz. Eng asosiysi, bu yoʻlak raqobatbardoshligi bilan ajralib turishi lozim. U biznes hamjamiyati uchun eng qulay shart-sharoitlarni taʼminlab berishi kerak.

Bu borada maqbul tranzit tariflarini qoʻllash, zamonaviy transport infratuzilmasini rivojlantirish va raqamlashtirilgan bojxona tartibotini joriy qilish boʻyicha loyihalarga katta ahamiyat beramiz.

Shuni alohida taʼkidlash lozimki, Oʻrta koridor hozirda qurilayotgan Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston temir yoʻli va istiqbolli Transafgʻon yoʻlagi bilan bogʻlansa, keng mintaqamizda koʻp tarmoqli, strategik magistrallar tizimini yaratishga erishamiz.

Aminmanki, transport sohasi bilan bogʻliq barcha tashabbuslarimiz 12-noyabr kuni Toshkent shahrida boʻlib oʻtadigan Multimodal tashuvlar boʻyicha xalqaro forum doirasida batafsil muhokama qilinadi. Bu tadbirda transport vazirlari, yirik logistika kompaniya va uyushmalari rahbarlari, olim va ekspertlardan iborat milliy delegatsiyalarning faol ishtirok etishlariga ishonamiz.

Toʻrtinchidan, yirik sanoat va infratuzilma loyihalari toʻgʻrisida gapirganimizda, samarali moliyaviy instrumentlarni joriy etish alohida ahamiyat kasb etadi.

Bu borada biz albatta Turkiy investitsiya jamgʻarmasining faoliyatini kengaytirish tarafdorimiz. Shu bilan birga, ustuvor loyihalarga qoʻshimcha mablagʻlar jalb etish maqsadida Islom taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, boshqa xalqaro moliya va milliy rivojlanish institutlari bilan Strategik hamkorlik dasturini qabul qilishni taklif etamiz.

Beshinchidan, sunʼiy intellekt, raqamlashtirish va kreativ iqtisodiyot sohalari mamlakatlarimizning barqaror rivojlanishida muhim drayverlarga aylanmoqda.

Bu sohalardagi saʼy-harakatlarimizni birlashtirish uchun “Sunʼiy intellekt va kreativ iqtisodiyot loyihalarini amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni qabul qilishni taklif etamiz.

Shu bilan birga, Turkiy dunyo xalqaro koʻrgazmasini mamlakatimizda oʻtkazish tashabbusini bildiramiz.

Oltinchidan, “Jaholatga qarshi – maʼrifat” tamoyili asosida ilm-fan va taʼlim sohalarida hamkorligimizni yangi bosqichga koʻtarish muhim.

Oʻzbekiston 2025-2026-yillarda 100 dan ziyod universitetlarni oʻz ichiga olgan Turkiy universitetlar ittifoqiga raislik qiladi. Kelgusi hafta Ittifoq Bosh Assambleyasi Toshkent shahrida boʻlib oʻtadi.

Raisligimiz davrida “Turkiy ilm-fan va innovatsiyalar kunlari”ni oʻtkazish tashabbusi bilan chiqamiz.

Sohadagi hamkorlikni mustahkamlash, iqtidorli olimlarning izlanishlarini ragʻbatlantirish maqsadida Oʻzbekistonda Turkiy davlatlar xalqaro universiteti oʻz faoliyatini boshlamoqda. Ushbu oliygoh negizida Qoʻshma tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlash dasturini ishlab chiqsak, ayni muddao boʻlar edi.

Yettinchidan, yoshlarimiz orasida yot va buzgʻunchi gʻoyalar tarqalishining oldini olish maqsadida turkiy davlatlar makonida ekstremistik va radikal mafkuraga qarshi kurashishga qaratilgan Harakatlar rejasini qabul qilishni taklif etaman.

Ayni vaqtda biz islomofobiyaning har qanday koʻrinishlariga qarshi kurashish borasida ham yaqin muloqotlarni davom ettiramiz.

Bundan tashqari, Tashkilotimiz doirasida Yoshlar oʻrtasida ekologik bilimlar boʻyicha qoʻshma chora-tadbirlarni ishlab chiqish bu yoʻlda muhim qadam boʻlishi shubhasiz.

Yana bir masalaga alohida toʻxtalmoqchiman. Biz kelgusi yilda buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiyning 585-yilligi hamda ulugʻ ozarbayjon shoiri Nizomiy Ganjaviy tavalludining 885-yilligini keng nishonlaymiz.

Ana shu mumtoz siymolarning insonparvarlik, oʻzaro doʻstlik va birdamlik haqidagi gʻoyalari, bebaho adabiy merosini keng targʻib etish maqsadida “Nizomiy Ganjaviy va Alisher Navoiy ijodi – Turkiy dunyo maʼnaviy hayotida” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya oʻtkazishni taklif etamiz.

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Soʻzimning yakunida Tashkilotimizda raislikni qabul qilib olayotgan Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti, hurmatli Ilhom Haydarovich Aliyevga ulkan omadlar tilayman.

Bugun qabul qilinadigan Gabala deklaratsiyasi birgalikda ilgari surayotgan ezgu tashabbus va rejalarimizni yanada mustahkamlab, davlatlarimizning umumiy taraqqiyotiga, qardosh xalqlarimiz farovonligiga munosib hissa qoʻshadi, deb ishonaman.

Eʼtiboringiz uchun rahmat.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер