Oʻzbekiston Prezidenti FIFA bilan sheriklikni kengaytirish muhimligini taʼkidladi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8-sentyabr kuni Xalqaro futbol assotsiatsiyalari federatsiyasi (FIFA) rahbari Janni Infantinoni qabul qildi.
Suhbat avvalida FIFA prezidenti Oʻzbekiston yetakchisi va xalqini tarixiy voqea – milliy terma jamoamiz 2026-yilda AQSHda boʻlib oʻtadigan futbol boʻyicha jahon chempionatining final bosqichiga yoʻllanmani qoʻlga kiritgani bilan yana bir bor samimiy tabrikladi. Ushbu haqli yutuq mamlakatimizda olib borilayotgan samarali islohotlar, sportni rivojlantirishga qaratilayotgan eʼtibor va har tomonlama koʻmakning amaliy natijasi ekani taʼkidlandi.
Oʻzbekistonning ushbu nufuzli xalqaro tuzilma bilan, eng avvalo, futbolni tashkil etish va boshqarish tizimini takomillashtirish, yosh isteʼdodlarni yuzaga chiqarishga koʻmaklashish, murabbiylar, hakamlar, menejerlar, sport shifokorlari va texnik mutaxassislarni xalqaro darajada tayyorlash borasidagi sermahsul hamkorligini yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Futbolni, birinchi navbatda, yoshlar oʻrtasida ommalashtirish boʻyicha qoʻshma dasturlarni amalga oshirishda yaqindan hamkorlik qilinayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
FIFAning texnik koʻmagida zamonaviy Milliy futbol markazi, shu jumladan, innovatsion yechimlarni joriy etgan holda raqamli futbol boʻyicha situatsion markaz tashkil etildi.
Oʻtgan yili mamlakatimizda futzal boʻyicha jahon chempionati muvaffaqiyatli oʻtkazildi.
Oʻzbekistonda FIFAning yirik musobaqalari va tadbirlarini tashkil etishga alohida eʼtibor qaratildi.
Toshkent shahrida FIFAning Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun mintaqaviy ofisini ochish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Uchrashuv yakunida Oʻzbekiston Prezidenti oʻzbek futbolini rivojlantirish va xalqaro maydonda ilgari surishga qoʻshgan shaxsiy hissasi uchun FIFA rahbari Janni Infantinoga davlatimizning yuksak mukofoti – “Doʻstlik” ordenini topshirdi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Tadbirkorlar yangicha yondashuvlar asosida qoʻllab-quvvatlanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring