Oʻzbekiston notarial palatasi yaqin muddatlarda Ittifoqqa aʼzo boʻladi — Xalqaro notariuslar ittifoqi delegatsiyasi rahbari Richard Bok 

22:30 24 Sentyabr 2021 Jamiyat
1350 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Joriy yilning 22-24-sentyabr kunlari Germaniya notariuslari Federal palatasining xalqaro aloqalar boʻyicha bosh vakili, Xalqaro notariuslar ittifoqining xalqaro notarial hamkorlik boʻyicha komissiyasi prezidenti Richard Bok boshchiligidagi Xalqaro notariuslar ittifoqi delegatsiyasining Oʻzbekistonga tashrifi boʻlib oʻtdi.

Xalqaro delegatsiya tashrifi Notarial palata rahbariyati va Boshqaruv aʼzolari bilan uchrashuvdan boshlanib, mehmonlar eʼtiboriga Notarial palata faoliyatidan prezentatsiya namoyish etildi. Delegatsiya Adliya vazirligida ham boʻldi va adliya vaziri Ruslanbek Davletov bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Keyin mehmonlar Davlat xizmatlari agentligi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. 

Delegatsiya rahbari Richard Bok Germaniyada davlat xizmatlari agentligi kabi tashkilot yoʻqligi va bu tizim unda katta qiziqish uygʻotganini taʼkidladi.

Delegatsiya aʼzolari, shuningdek, Samarqand shahrida ham boʻlib, u yerda hududiy boshqarma va xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslar faoliyati bilan tanishdi. Tashqi ishlar vazirligi, Oliy sud va Oliy Majlis Qonunchilik palatasida delegatsiya aʼzolari bilan uchrashuvlar oʻtkazildi.

Tashrif munosabati bilan tashkil etilgan Matbuot anjumanida Richard Bok delegatsiya tomonidan joylarda oʻtkazilgan uchrashuv va oʻrganishlarda Oʻzbekiston notariati tizimini ijobiy baholadi.

“Nasib qilsa, yaqin muddatlarda Oʻzbekiston Notarial palatasi Xalqaro notariuslar ittifoqiga aʼzolikka qabul qilinadi, degan umiddaman”, dedi Richard Bok.

Xalqaro Notariuslar Ittifoqi (XNI) nodavlat tashkiloti boʻlib, lotin tipidagi notariuslarning asosiy xalqaro tashkiloti hisoblanadi.

  • Xalqaro notariuslar ittifoqiga aʼzo boʻlish milliy notariat tizimini rivojlangan davlatlar notariat tizimlari bilan bir qatorda boʻlishini, notariuslar tasdiqlagan hujjatlar dunyo miqyosida shubhasiz tan olinishini taʼminlaydi va, shu bilan birga, Oʻzbekistonni xalqaro maydondagi nufuzini yuksalishiga, xalqaro indikatorlar boʻyicha oʻrni koʻtarilishiga, xorijiy investorlarning sarmoya kiritishga boʻlgan ishonchini oshishiga xizmat qiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?