Oʻzbekiston YEOII bilan keng koʻlamli integratsiyaga tayyormi?

01:30 17 Aprel 2020 Siyosat
1160 0

Oʻzbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorligi jiddiy masala boʻlib, ayni paytda ushbu masalani parlament aʼzolari xalq manfaatlari va saylovchilarning xohish-irodasini hisobga olgan holda koʻrib chiqishmoqda, asosli xulosalar tayyorlanmoqda.

2020-yil 16-aprel kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Parlament eshituvi birinchi marta videokonferens aloqa shaklida tashkil etildi. Bu haqda quyi palata axborot xizmati xabar berdi.

Unda Oʻzbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan integratsiyalashuvning tashqi savdo, bojxona-tarif tizimini tartibga solish, byudjet, bank va moliya sohasi, makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlash, iqtisodiyot tarmoqlari va sohalari rivojlanishi borasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida bir qator vazirliklarning axboroti eshitildi.

Parlament eshituvda masofaviy tarzda ishtirok etgan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari — iqtisodiyot va sanoat vaziri J. Kuchkarov oʻz axborotida YEOII bilan hamkorlikning Oʻzbekiston uchun manfaatli jihatlariga toʻxtalib oʻtdi.

Taʼkidlab oʻtilganidek, YEOII bilan hamkorlik barqaror iqtisodiy oʻsishni taʼminlash, pirovard natijada mavjud iqtisodiy va ijtimoiy nomutanosibliklarni bartaraf etishga xizmat qiladi. Bundan tashqari, ushbu hamkorlik mamlakatimizda barcha sohalarda rivojlanish jarayonlarini jadallashtirish va globallashuv talablariga tezroq moslashish imkonini yaratadi.

Binobarin, YEOII bilan integratsiyaning milliy iqtisodiyotga, jumladan, yalpi ichki mahsulotga toʻgʻridan-toʻgʻri taʼsiri boʻyicha baholash ishlari olib borilgan. Mazkur hisob-kitoblar iqtisodiyot tarmoqlaridagi ustunlik va xavflarni, yaʼni “yoʻqotish” va “yutuqlar”ni inobatga olgan holda baholangan. Bunda, tovarlar va xizmatlar tashqi savdosi, xorijiy investitsiyalar, bandlik va migratsiya jarayonlari, soliq tushumlari va aholi daromadlari kabi yoʻnalishlarga alohida eʼtibor berilgan.

Eshituvda siyosiy partiyalarning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyalari tomonidan ayrim mulohazalar, savollar oʻrtaga tashlandi.

Chunonchi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasining qayd etishicha, YEOII asosiy maqsadlaridan biri bu — kooperatsion aloqalarni rivojlantirish evaziga ittifoq iqtisodiyotining raqobatbardoshligini oshirish. Lekin YEOIIda kechayotgan jarayonlarda asosan tovarlar oldi-berdisidan u yogʻiga oʻtilayotgani yoʻq. Bunday vaziyatda sanoati sust rivojlangan aʼzo davlatga qoʻyiladigan standart talablarining yuqoriligi raqobatga bardoshli boʻlmagan mahalliy ishlab chiqaruvchilarni bankrot boʻlishiga olib kelishi tayin.

Oʻzbekistonda hali rivojlanib ulgurmagan ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish segmentlari YEOIIning boshqa aʼzo davlatlari korxonalari tomonidan egallab olinishi xavfi ham saqlanib qoladi. Shu nuqtayi nazardan, mamlakatimiz YEOII bilan keng koʻlamli integratsiyaga tayyormi, degan haqli savol tugʻiladi. Yetarli darajada tayyorgarlik koʻrishimiz uchun qancha vaqt kerak, qanday ishlarni amalga oshirishimiz kerak?

Berilgan axborotga koʻra, YEOII bilan integratsiya jarayonlarida sanoat korxonalari raqobatbardoshligini taʼminlash ishlarini amalga oshirish uchun zarur boʻladigan muddatlar borasidagi “Yoʻl xaritasi”ga muvofiq, sanoatning 13 ta yetakchi tarmoqlari boʻyicha muayyan chora-tadbirlar amalga oshirilishi talab etiladi. Ushbu sanoat tarmoqlariga integratsiya jarayonlariga tayyorgarlik koʻrish uchun tegishli muddatlar zarur. Misol uchun, qisqa muddatli davr (2022-yilga qadar) — qora metallurgiya, neft va gaz, koʻmir, farmatsevtika, yogʻ-moy, oziq-ovqat sanoati korxonalari uchun, oʻrta muddatli davr (2024-yilga qadar) — toʻqimachilik va tikuv-trikotaj, charm-poyabzal, elektrotexnika, kimyo, elektr energetika,sanoati korxonalari uchun, uzoq muddatli davr esa (2028-yilga qadar) — avtomobilsozlik, qishloq xoʻjaligi mashinasozligi korxonalari uchun zarur boʻladi.

Shuningdek, Oʻzbekistonning YEOIIga qoʻshilishi oziq-ovqat xavfsizligi tizimini takomillashtirishda qanday oʻrin tutishi masalasi xususida ham qizgʻin fikr almashildi.

Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi sohasida YEOIIga qoʻshilishi natijasida salbiy imkoniyatlardan koʻra, ijobiy imkoniyatlar kengroq.

YEOII aʼzo mamlakatlarining baʼzilari qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining netto-importyorlari ekanligini inobatga olib, Oʻzbekiston ushbu sohada boshqa mamlakatlarga nisbatan qiyosiy ustunlikka ega. Jumladan, sabzavotlar boʻyicha YEOII mamlakatlari va Oʻzbekiston mahsulotlari narxlari orasidagi farq 60 foizgacha, mevalar boʻyicha 48 foizgacha, dukkaklilar boʻyicha 33,3 foizgacha yetadi.

Shu bilan birga, YEOIIga aʼzo boʻlish Oʻzbekistonga qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksportini 152 foizga oshirish imkonini beradi, import 120 foizga oshishi hisob-kitob qilinmoqda.

Parlament eshituvda hamkorlik natijasida elektroenergetika sohasida kutilayotgan yoʻqotishlar oʻrnini qoplash uchun qanday choralar koʻrish kerakligiga oid yana bir qator savollar oʻrtaga tashlandi.

Alohida qayd etish joiz, vazir deputatlar savollariga asosli, tahliliy nuqtayi nazardan yondashgan holda javob berdi. Bu, oʻz navbatida, Parlament eshituviga jiddiy tayyorgarlik koʻrilganidan dalolat beradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер