“Oʻzbekiston BMT: hamkorlik istiqbollari” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtdi

16:44 24 Oktyabr 2025 Jamiyat
325 0

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

24-oktyabr kuni “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasining anjumanlar zalida “Oʻzbekiston BMT: hamkorlik istiqbollari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi boʻlib oʻtdi. Tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi hamda Sarbon universiteti hamkorligida tashkil etildi.

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasida qator muhim tashabbuslarni ilgari surgan boʻlib, davlatimiz rahbarining mazkur nutqi xalqaro hamjamiyat tomonidan yuksak eʼtirof etilgan. Dunyodagi murakkab geosiyosiy vaziyat sharoitida BMTning 80 yillik faoliyati va uning jahon tinchligi hamda xavfsizligini taʼminlashdagi oʻrni ayni paytda yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

Anjuman avvalida ishtirokchilar “Millat fidoyilari” yodgorlik majmuasiga tashrif buyurib, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chogʻida qahramonlarcha halok boʻlgan harbiy xizmatchilar xotirasiga hurmat izhor etdilar va yodgorlik poyiga gulchambar qoʻydilar.

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

Konferensiyaga Mudofaa vazirining vatanparvarlik targʻiboti, maʼnaviy-maʼrifiy ishlar hamda yoshlar masalalari boʻyicha maslahatchisi Olimjon Oʻsarov moderatorlik qildi. Tadbirda xalqaro huquq va siyosat sohasida katta bilim va tajribaga ega mutaxassislar maʼruza bilan ishtirok etdilar. Jumladan, Mudofaa vazirining oʻrinbosari, general mayor Hamdam Qarshinev, Oʻzbekiston Sudyalari assotsiatsiyasi raisi, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yurist Ubaydulla Mingboyev, Sarbon universiteti rektori, texnika fanlari doktori Odilbek Askaraliyev hamda “Zamonaviy media taʼlim” NTM direktori, filologiya fanlari doktori, dotsent Beruniy Alimov soʻzga chiqdilar.

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

Tadbir doirasida BMT bilan hamkorlikning huquqiy asoslari, Oʻzbekiston tomonidan ilgari surilgan xalqaro tashabbuslarning amaliy ahamiyati, shuningdek, global va mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlashdagi roli yuzasidan fikr almashildi.

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

Konferensiyada Mudofaa vazirligi tizimidagi qator ilmiy va madaniy muassasalar, jumladan, Oʻzbekiston Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti, Mudofaa vazirligi Maʼnaviyat va madaniyat departamenti hamda “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasi tadqiqotchilari ham ishtirok etdilar.

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

Xulosa qilib aytganda, “Oʻzbekiston BMT: hamkorlik istiqbollari” mavzusidagi mazkur ilmiy-amaliy konferensiya nafaqat milliy va xalqaro darajadagi dolzarb masalalarni muhokama qilish, balki tinchlik, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotni taʼminlash yoʻlida Oʻzbekistonning konstruktiv tashabbuslarini yana bir bor namoyon etish uchun muhim minbar boʻldi. Anjumanda ilgari surilgan fikr va takliflar BMT bilan hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, davlatlar oʻrtasida oʻzaro ishonch va hamjihatlik muhitini kengaytirishga xizmat qilishi shubhasiz.

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”
Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”
Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?